Sir emaski, biz internet zamonida yashayapmiz. Bu istalgan paytda dunyoning istalgan nuqtasi haqida xabar topish imkonini bermoqda. Ammo 10-20 yil ilgari bunda televideniye asosiy o‘rin tutgan. Albatta, bugun ham televideniye o‘z faoliyatini davom ettirmoqda. Biroq ijtimoiy tarmoqlarning shiddatli oqimi bilan qanchalik raqobat qila olyapti, degan savol muhim bo‘lib qolmoqda.
Tadqiqotlarga ko‘ra, bugun insonlarning diqqatini jamlash tobora mushkullashib bormoqda. Olimlarning fikricha, bu jarayon maksimal 10-15 daqiqagacha yetmoqda, xolos. Bu ham juda kam uchraydigan holat. Shunday ekan, tomoshabin e’tiborini jalb qilish bevosita televideniyega ham birmuncha murakkabliklar keltirib chiqarayotgani tabiiy. Qolaversa, bugungi kun kishilari tarmoqlardagi qisqa roliklarga mukkasidan ketib bormoqda. Garchand, buning salbiy oqibatlarga olib kelishini mutaxassislar bot-bot ta’kidlashayotgan bo‘lishsa-da, hali qoniqarli natijaga erishilgan emas.
Masalaning dolzarbligi shundaki, televideniye ham ijtimoiy tarmoqlar elementlarini o‘z faoliyatiga olib kirayotganday. Buning ham afzalliklari bor, albatta. Ammo yondashuv biroz e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda. Chunki televideniye saviya masalasida barchaga o‘rnak bo‘lmog‘i lozim.
21 noyabr – Butunjahon televideniye kuni sifatida nishonlanadi. 1996 yilda Birlashgan Millatlar Tashkilotida 1-Butunjahon televizion forumini o‘tkazish uchun 21 noyabr tanlangan. Bundan ko‘zlangan maqsad televideniyening jamiyatdagi ahamiyatini yana-da kengroq tatbiq etishdan iborat bo‘lgan. Shuning uchun ham biz yuqorida saviya borasida televideniyeni e’tirof etdik. Bunga esa malakali mutaxassislarning malakali dasturlari bilan erishiladi. Negaki, taniqli san’atkor Farhod Saidov aytganidek: “Bugun hammaning qo‘lida kichik televizori bor”.
Bugungi kunda yurtimizda telekanallar soni burungidan ancha ko‘p. Bu ham bir rivojlanish aslida. Faqat endi ularda ta’kidlaganimizdek kuchli jurnalistlar va ular yetishtirgan shogirdlar faoliyat olib borishlari talab etiladi. Shundagina yoshlar va tajriba mutanosibligi sohaning barcha jabhada rivoj topishiga sabab bo‘lishi mumkin. Negaki, bugun texnik imkoniyatlar natijasida uchta odamning vazifasini bir kishi ham uddalashi mumkin. Telejurnalistlar ham bundan unumli foydalanib, joylardan jonli reportajlar tayyorlashni boshlashsa, ijtimoiy tarmoqda sahifa yurituvchilar bilan yaxshigina raqobat hosil qiladilar. Bunda bot-bot takrorlayotganimiz saviya masalasi o‘rtaga chiqib, televideniye internetdan bir bosh ustun bo‘lib qolaveradi.
Sherbek Islomov, O‘zA