Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
21 mart – O‘zbekiston Xalq shoiri Abdulla Oripov tavallud topgan kun
07:25 / 2025-03-21

Inson qalbi bilan hazillashmang, siz...

She’riyat – shunday bir ne’matki, uning mevasidan insoniyat yaratilgan olam nazokatini, tuyg‘ular cho‘qqisini his etadi. Hikmat esa tanlangan ijodkorlargagina atalgan ibrat sandig‘i bo‘lib, uning sohiblari Yaratganning marhamati bilan nainki o‘z eliga, balki butun bashariyatga tatigulik meros yaratadi. Zaminimiz mana shunday ilhom sohiblarini yetishtirib chiqargani bilan dunyoga tanilgan. Hikmatli ijodkor, tarjimon, publitsist va jamoat arbobi Abdulla Oripov ana shunday ulug‘ meros qoldirgan insonlardan edi.

1941 yilning 21 martida Qashqadaryo viloyati, Koson tumanidagi Neko‘z qishlog‘ida tug‘ilgan ijodkor ilmga oshnoligi tufayli o‘rta maktabni oltin medal bilan tamomlab, O‘zbekiston Milliy universitetning jurnalistika fakultetida o‘qidi.

“Sharq yulduzi” jurnalida adabiy xodim, “Yosh gvardiya” va G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotlarida muharrir, “Yosh gvardiya” dramatik teatrida badiiy bo‘lim mudiri kabi ko‘plab vazifalarda ishlab, O‘zbekiston Respublikasi Mualliflik huquqini himoya qilish davlat agentligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi va hatto O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi senati a’zosi darajalariga ko‘tarildi.

 Abdulla Oripov Kaliforniya (AQSH) fan, ta’lim, sanoat va san’at xalqaro akademiyasining a’zosi ham edi.

Qanday lavozim va vazifalarda ishlamasin, haqiqiy ijodkor qalbini bir tug‘yon hamisha ezgu ma’noda bezovta qilib kelaveradi. Bu esa ilhom!

Inson qalbi bilan hazillashmang Siz,
Unda millat yashar, unda til yashar.
Unda ajdod faxri yashaydi so‘zsiz,
Unda istiqomat qiladi bashar.

Inson qalbi bilan hazillashmang Siz,
Unda ona yashar, yashaydi Vatan.
Uni jo‘n narsa deb o‘ylamang hargiz,
Hayhot! Qo‘zg‘almasin bu Qalb daf’atan!!.

Abdulla Oripov “Inson qalbi” she’rida mana shu jumlalarni bitar ekan, aslida qalbning millati yo‘qligi, uning tug‘yoni hamisha bashariyatning ko‘ksida yagona maqomga ega ekanini uqtirgandek bo‘ladi. 

Ijodkorning dastlabki, o‘zbek she’riyatida o‘ziga xos voqea bo‘lgan “Mitti yulduz” nomli birinchi kitobi 1965 yilda nashr etildi. 

Shundan keyin “Ko‘zlarim  yo‘lingda”, “Onajon”, “Ruhim”, “O‘zbekiston”, “Hayrat”, “Yurtim shamoli”, “Jannatga yo‘l”, “Bobo va nabira”, “Qush tili” kabi oltmishga yaqin to‘plamlari chop etildi. 2000-2013 yillarda “Tanlangan asarlar”ning yetti jildligi bosilib chiqdi.

Dostonlari, she’rlari ko‘plab xorij tillariga tarjima qilindi. “Rodnik”, “Veter Rodinы”, “Lyubov k jizni”, “Jajda vesnы”, “Soxibkiran” va boshqa shu kabi sakkizta kitobi Moskva va Toshkentda rus tilida bosilib chiqdi. “Ilhom” (1984) tojik tilida, “She’rlar” (1989) Urumchida uyg‘ur tilida, “Hur o‘lkam” majmuasi Istanbulda turk tilida nashr etildi.

Abdulla Oripovning ilm salohiyati faqat shu bilangina cheklanib qolmadi. U italyan shoiri Dante Aligerining shoh asari – “Ilohiy komediya”ning “Do‘zax” qismini to‘lig‘icha va “A’rof” qismidan to‘qqiz qo‘shiqni mahorat bilan o‘zbek tiliga o‘girdi. Yene Xelton, A.Pushkin, N.Nekrasov, L.Ukrainka, T.Shevchenko, R.Hamzatov va boshqa qardosh shoirlar she’rlarini tarjima qildi.

Shoir ijodi mustaqillik yillarida nihoyatda tuyg‘ularga boy, fayzli va sermahsul bo‘ldi. “Haj daftari” turkumiga kirgan she’rlarida shoir ma’naviyatimiz manbalarini kashf etish yo‘lidan bordi. Qur’oni Karim, Hadisi shariflardan zamonaviy ma’nolar izladi va topdi. 

Inson tafakkuri kengaygani sari u butun olam mantig‘ini qisqa jumlalarga joylay olishi bilan ajralib turadi. Aslida to‘rt qatorga ulug‘ mohiyatni joylash mahorati ham hikmat sohibining mahorati sanaladi. 

Abdulla Oripov hayotiy falsafalarini qalbni “qitiqlar” darajada mayin bo‘lsa-da, asli kichik bo‘lsada daraxtdan uzilib, inson boshiga turgan yong‘oqning zarbi kabi xushyor torttiradigan darajada ifodalagan.

Bozorga o‘xshaydi asli bu dunyo,
Bozorga o‘xshaydi bunda ham ma’ni.
Ikkisi ichra ham ko‘rmadim aslo,
Molim yomon degan biror kimsani.

* * *

Oqar daryoga ham kimdir band bergan,
Hayot kimga zahar, kimga qand bergan.
Ey, g‘ofil, sarkash deb, meni kamsitma,
G‘anim senga emas, menga pand bergan.

* * *

Deydilar it hurur — o‘tadi karvon,
Ranju balolardan yonmasin joning,
Lekin alam qilar bir umr giryon
Itlar orasidan o‘tsa karvoning.

Ijodkor dostonnavis va dramaturg sifatda ham ma’lum va mashhurlikka erishdi. Xususan, “Sohibqiron” she’riy dramasi va “Istiqlol manzaralari” dostoni shoirga katta shuhrat keltirdi.

O‘zbek xalqining milliy tiklanish, hurfikrlilik va mustaqillik uchun kurashida Abdulla Oripov she’riyati alohida o‘rin tutadi.

O‘zbekiston  xalq shoiri Abdulla Oripov O‘zbekiston Respublikasi Madhiyasi hammualifidir. U 1994 yilda Abdulla Qodiriy nomidagi Davlat mukofoti bilan, 1998 yilda “O‘zbekiston Qahramoni” yuksak unvoni bilan taqdirlandi. Ijodkor 2016 yilda vafot etdi.

Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA