Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
21 fevral – Xalqaro ona tili kuni
22:30 / 2025-02-21

FOTOREPORTAJ

Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasida “Til – xalqlarni birlashtiruvchi kuchdir!” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

YUNESKO jahon xalqlari tillarini saqlab qolish va ularga hurmat bilan yondashish borasida qator loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Jumladan, tashkilotning 1999 yildagi Bosh konferensiyasida 21 fevralni “Xalqaro ona tili kuni” deb e’lon qilish haqida qaror qabul qilgan edi. Ushbu sana 2000 yildan buyon xalqaro miqyosda keng nishonlanib kelinmoqda.

Mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari istiqomat qiladi. Respublikamiz aholisining aksariyati (80 foizdan ortig‘i) o‘zbek tilida so‘zlashadi. Shuningdek, tojik, qozoq, qoraqalpoq, qirg‘iz, turkman, rus va boshqa tillarda so‘zlashuvchi vatandoshlar ham bor. Bugungi kunda ularning o‘zaro tinch-totuv yashashi, ona tilini saqlab qolishi va rivojlantirishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan.

Qayd etish kerak ona tilimiz – o‘zbek tili turkiy tillar oilasiga mansub eng yirik tillardan biridir. Dunyo bo‘yicha 50 millionga yaqin aholi o‘zbek tilida so‘zlashadi.

[gallery-21864]

Milliy madaniy markazlar bilan hamkorlikda bo‘lib o‘tgan tadbirda Qo‘mita rahbariyati, mutasaddi xodimlari, Tojikiston va Turkmaniston Respublikalarining mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor elchilari, Rossiya, Belarus Respublikasi elchixonalarining mas’ul xodimlari, milliy madaniy markazlar raislari va faollari ishtirok etdi.

Tadbirni Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi Rustambek Qurbonov ochib berdi.

Qo‘mita raisi sana munosabati bilan o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirga tashrif buyurgan mehmonlar, elchi va elchixonalar vakillarini tabriklab, ona tilining mazmun-mohiyatida har bir xalqning o‘z milliy tafakkuri, ma’naviyati, ruhiyatining o‘zagini tashkil etadigan ona tiliga alohida muhabbatning belgisi o‘z aksini topishini ta’kidlab o‘tdi.

Tadbir so‘ngida nemis, polyak, rus, belarus, tojik, qozoq, turkman milliy madaniy markazlari badiiy jamoalarining ijodiy chiqishlari ishtirokchilarga bayramona kayfiyat ulashdi.

Muhammad AMIN (surat), O‘zA