Navoiy viloyati Karmana tumani Madaniyat markazida aholi bilan ochiq muloqot, muammolarni joyida hal etish maqsadida navbatdagi ommaviy qabul bo‘lib o‘tdi.
Unda tuman hokimi Shohruh Boltayev boshchiligida tuman prokurori Zokirjon Barnoyev, tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Aziz Ikromov hamda tuman soliq inspeksiyasi rahbari Alisher Axmedov ishtirok etdi.

Qabul davomida tumanda istiqomat qilayotgan fuqarolardan kelib tushgan jami 207 ta murojaat ko‘rib chiqildi. Har bir murojaat alohida mas’uliyat bilan o‘rganilib, fuqarolarning dardi va takliflari diqqat bilan tinglandi. Muhimi, birorta murojaat e’tiborsiz qoldirilmadi.
Fuqarolar asosan bandlik va ishga joylashish, ijtimoiy himoya hamda nafaqalar, uy-joy, kommunal xizmatlar, huquqiy muammolar, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish va ichki ishlar sohasiga oid masalalar bo‘yicha murojaat qildi. Mas’ullar ko‘plab murojaatlarni shu joyning o‘zida hal etib, aholiga atroflicha tushuntirish berdi.

– Bir necha yillardan buyon uyimizning tomini yopishga qiynalardik, – deydi Katta machit mahallasida yashovchi Muxar Sharipova. – Bugungi qabulni eshitib, hokimimizdan yordam so‘rab keldim. Oilaviy sharoitimizni tushuntirdim. Murojaatim inobatga olinib, joyida hal etilganidan xursand bo‘ldim. Uyimiz shifer bilan yopilib, qayta ta’mirlanadigan bo‘ldi. Mutasaddilarga rahmat.

– Turmush o‘rtog‘im bir necha yillardan buyon onkologik kasalliklar bilan kurashib keladi, – deydi Kumushkon mahallasida istiqomat qiluvchi Mashhura Boltayeva. – Qabulda turmush o‘rtog‘imni davolatish uchun moddiy yordam so‘radim. Murojaatim bo‘yicha yordam beradigan bo‘lishdi. Shuningdek, uyimiz tomini yopish uchun 50 dona shifer berildi.
Qabulda qo‘shimcha o‘rganish talab etilgan murojaatlar bo‘yicha esa aniq muddatlar belgilab berildi. Tegishli idora va tashkilotlarga mas’ul ijrochilar biriktirilib, ijro jarayoni qat’iy nazoratga olindi. Bu esa murojaatlarning qog‘ozda qolib ketmasdan, amaliy yechim topishiga xizmat qiladi.

A. Bo‘riyev, O‘zA muxbiri