Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
205 nafar forishlik xotin-qiz ishli bo‘ldi
13:44 / 2021-08-28

Mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi bayrami arafasida Jizzax viloyatining Forish tumani “O‘zbekiston” mahalla fuqarolar yig‘inida trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “DONA TEXTILE” mas’uliyati cheklangan jamiyati ish boshladi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan marosimda viloyat va tuman hokimligi, tuman sektorlari rahbarlari, mehnat faxriylari, 3-sektor hududida yangidan tashkil etilgan korxona ishchi-xizmatchilari, jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda Jizzax viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Abdivali Mustanov, mehnat faxriysi, tajribali tadbirkor Turg‘un hoji Ko‘chkinov, Forish tumani hokimi Ikrom Matiyev va boshqalar so‘zga chiqib barcha forishliklarni xalqimizning eng ulug‘, eng aziz bayrami – mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi bilan qutladi. Shunday shoniyona kunlarda tuman hududida ko‘plab ijtimoiy hamda ishlab chiqarish ob’ektlari foydalanishga topshirilayotgani aholi farovonligini oshirish, ayniqsa xotin-qizlar va yoshlarni ish bilan ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Tadbir ishtirokchilari yangi korxonada ishchi-xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. “DONA TEXTILE” MCHJda xodimlarning mehnat qilishi, dam olishi, ovqatlanishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Tumanning uzoq qishloqlaridan qatnab ishlovchi ishchilar uchun maxsus avtobus ajratilgan. Ishchi-xizmatchilarga maxsus kiyim-bosh, bepul tushlik beriladi.

Tadbirkor Jasur Rajabov tomonidan mazkur korxonani bunyod etish va jihozlash uchun 10 milliard 890 million so‘m mablag‘ yo‘naltirilib, xorijda ishlab chiqarilgan zamonaviy tikuv-bichuv va boshqa zarur jihozlar o‘rnatildi. Korxonada 205 nafar forishlik xotin-qiz ishga qabul qilindi. Ishlab chiqariladigan mahsulotlar buyurtma asosida tayyorlanadi. Mutasaddilarning ta’kidlashicha, kelgusida mahsulot ishlab chiqarish hajmi, sifatini oshirish va eksportga yo‘naltirish hisobiga korxonada yana qo‘shimcha yangi ish o‘rinlari yaratish rejalashtirilgan.

A.QAYUMOV, J.YORBEKOV (surat), O‘zA