Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
2040-yilga qadar renovatsiya hisobiga quriladigan xonadonlar ulushi 15 foizdan 60 foizgacha yetkaziladi
10:05 / 2026-03-10

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Aholini uy-joy bilan ta’minlash ishlarini jadallashtirish va ko‘p kvartirali uylar qurilishini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Unga muvofiq, quyidagilar ushbu Farmonning asosiy maqsadlari etib belgilandi: 

a) uy-joy qurilishini rag‘batlantirish va uy-joyga bo‘lgan huquqni amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratishga doir konstitutsiyaviy norma talablarini bajarish; 

b) ko‘p kvartirali uylar bozorida talabga muvofiq takliflarni mutanosib ravishda oshirib borish; 

v) ko‘p kvartirali uylar qurilishida yer ajratish va ruxsat berish tartib-taomillari jarayonlarini o‘z ichiga oluvchi investitsiya-qurilish davrining davomiyligini 1,5 baravargacha qisqartirish; 

g) ko‘p kvartirali uylar qurilishida renovatsiya hisobiga quriladigan xonadonlar ulushini 15 foizdan 2040-yilga qadar bosqichma-bosqich 60 foizgacha yetkazish. 

Farmon bilan: 

a) 2040-yilgacha ko‘p kvartirali uylarni foydalanishga topshirishning maqsadli ko‘rsatkichlari; 

b) 2026-2028-yillarda ko‘p kvartirali uylarni foydalanishga topshirishning maqsadli ko‘rsatkichlari; 

v) 2040-yilgacha bo‘lgan davrda urbanizatsiya jarayonlari bilan uzviy bog‘liq holda "Yangi O‘zbekiston" massivlari barpo etiladigan hududlar ro‘yxati; 

g) 2026-yilda "Yangi O‘zbekiston" massivlari manzilli ro‘yxati va ulardagi ko‘p kvartirali uylarning maqsadli ko‘rsatkichlari tasdiqlandi. 

Farmonga ko‘ra: 

a) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari har yili 1-oktabrga qadar o‘z hududlari kesimida istiqbolli qurilish hajmlari, aholi o‘sishi, uy-joyga bo‘lgan ehtiyoj, muhandislik va transport infratuzilmasi holati bo‘yicha ma’lumotlarni tahlil qilgan holda ko‘p kvartirali uylar qurish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqib, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligiga taqdim etadi; 

b) Iqtisodiyot va moliya vazirligi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda har yili 15-noyabrga qadar uy-joy qurilishiga oid strategik yo‘nalishlar va sohaviy tahlillar asosida moliyaviy manbalariga aniqlik kiritgan holda respublikada ko‘p kvartirali uylarni foydalanishga topshirishning maqsadli ko‘rsatkichlari loyihasini Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan kelishib, Vazirlar Mahkamasiga kiritadi; 

v) Vazirlar Mahkamasi har yili 1-dekabrga qadar Uy-joy dasturi loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritadi; 

g) tasdiqlangan Uy-joy dasturiga, shu jumladan, mazkur Farmonga muvofiq bir oy ichida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan namunaviy shaklda kelgusi uch yil uchun tumanlar va shaharlar kesimida ko‘p kvartirali uylar qurishning manzilli ro‘yxati  tasdiqlanadi va rasmiy veb-sahifalarida e’lon qilinadi; 

d) Manzilli ro‘yxatga ob’ektlar birinchi yil uchun aniq loyihalar, ikkinchi va uchinchi yillar uchun istiqbolli loyihalar shaklida nomma-nom kiritiladi.

O‘zA