Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida O‘zbekiston Respublikasi energetika vaziri J.Mirzamahmudovning “Energiya ta’minoti barqarorligini ta’minlash, aholiga xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash hamda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik yuzasidan amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida”gi axboroti eshitildi.
Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda jadal sur’atlarda o‘sib borayotgan iqtisodiyotimiz va aholining talab hamda ehtiyojidan kelib chiqib, energetika tizimida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, so‘nggi yillarda energetika tizimiga 35 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilindi va 9 ming megavatt yangi quvvatlar ishga tushirildi.
Natijada elektr ishlab chiqarish hajmi 2017 yildagi 60 milliard kilovatt-soatdan joriy yilda 85 milliard kilovatt-soatga yetdi. E’tiborli jihati, salkam 5 ming megavattli quyosh va shamol, 400 megavattli gidroelektr stansiyalar ishga tushirildi. Xususiy sektor tomonidan quyosh panellarini o‘rnatish natijasida 2 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi olingan.

Vazir aytib o‘tganidek, bugungi kunda quvvatlarning qariyb 31 foizi qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobiga to‘g‘ri keladi. 2030 yilgacha yashil energiya ulushini 54 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan. Bu borada qator choralar amalga oshirilmoqda.
Xususan, joriy yil yanvar-noyabr oylari davomida yoqilg‘i energetika tarmog‘ida jami 8,8 milliard dollar xorijiy investitsiyalar, shundan elektr energetikasi bo‘yicha 6,3 milliard dollar, yashil energiya loyihalari bo‘yicha 4,7 milliard dollar, neft-gaz sohasi bo‘yicha 2,5 milliard dollar o‘zlashtirilgan.
Shu bilan birga, 2025 yilda umumiy qiymati 40,5 mlrd. dollarlik 58 ta yirik loyiha ishga tushirilishi belgilangan. Ulardan jami quvvati 1 413 MVt bo‘lgan 5 ta quyosh elektr stansiyasi, quvvati 752 MVt bo‘lgan 4 ta shamol elektr stansiyasi, quvvati 168 MVt bo‘lgan 6 ta gidroelektr stansiyasi, quvvati 1167,3 MVt bo‘lgan 3 ta issiqlik elektr stansiyasi, quvvati 1 ming 147 MVt bo‘lgan 9 ta energiya saqlash qurilmasi ishga tushiriladi.
Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida hududlarda jami 787 km magistral, 29,5 ming km taqsimlovchi tarmoqlar, 9 ta magistral podstansiyadagi transformator, 10 ming 270 ta transformator punkti mukammal ta’mirlandi. Shu jumladan, Toshkent shahri bo‘yicha jami 863,1 km. taqsimlovchi tarmoqlar, 1 ta magistral podstansiyadagi transformator, 670 ta transformator punkti mukammal ta’mirlandi. Bundan tashqari, 7,5 ming km. elektr tarmoqlari, 1 ming 748 ta transformator punkti rekonstruksiya va modernizatsiya qilindi.
Qayd etilganidek, respublika bo‘yicha 279 ta avariyaviy brigadalar tashkil etilib, ular uchun 224 ta avtotransport, 279 ta maxsus texnika biriktirilgan. Shuningdek, 3 591,4 km. quvurlarning ichki sirti tozalandi, 91 ta kompressor stansiyasidagi gaz haydash agregatlari ta’mirlandi.
Iste’molchilarning gaz ta’minotini yaxshilash maqsadida 553,1 km. tarmoqlar, 971 ta gaz taqsimlash punkti mukammal ta’mirlandi, 50 ming 195 ta gaz taqsimlash punktlari texnik taftishdan o‘tkazildi.
Shuningdek, eshituvda aholi va tarmoqlarni kuz-qish mavsumida uzluksiz energiya bilan ta’minlash, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish masalalariga ham e’tibor qaratildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA