Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
2030 yilgacha “yashil” davlat xaridlari ulushi 30 foizga yetkaziladi
16:48 / 2025-06-18

Bugun Toshkentda “Yashil” davlat xaridlarini qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Jahon banki bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu tadbirda soha mas’ullari, mahalliy va xorijiy mutaxassislar va tadbirkorlar ishtirok etdi.

Unda Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Gulnora Rahimova, O‘zbekiston Ekologik partiyasi markaziy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi Abdushukur Hamzayev, Jahon bankining O‘zbekistondagi dastur koordinatori Anastasiya Aleksandrova va boshqalar davlat xaridlarida ekologik toza mahsulotlarni qo‘llab-quvvatlashni rag‘batlantirish, qayta ishlangan xomashyolardan tayyorlangan mahsulotlar ulushini oshirish hamda atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan chora-tadbirlar davr talabi ekanini qayd etdi.

Aytish joizki, O‘zbekiston “yashil” iqtisodiyot sari barqaror va izchil qadamlar qo‘ydi. Xalqaro hamjamiyat mamlakatimizning bu boradagi sa’y-harakatlarini yuqori baholamoqda. Ta’kidlanishicha, so‘nggi yillardagi keng qamrovli islohotlar izchillik va pragmatik yondashuv asosida amalga oshirilmoqda. Ushbu jarayonda atrof-muhitni muhofaza qilish, ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash va iqlim o‘zgarishiga moslashish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan. 

[gallery-23945]

Iqtisodiyot va moliya vazirligi Davlat xaridlari siyosati departamenti direktori Sarvar Nazarovning so‘zlariga ko‘ra, davlat xaridlari tizimini “yashil” tamoyillar asosida shakllantirish nafaqat atrof-muhitni muhofaza qilish, balki samarali va uzoqni ko‘zlagan iqtisodiy siyosatning ham muhim qismidir.

–Hozirgi kunda ekologik mahsulotlarni tanlab olish, ishlab chiqarishda “yashil” texnologiyalarni tatbiq etish, shuningdek, xaridlar jarayonida atrof-muhitga ta’sirni hisobga olish mexanizmlari joriy etilayotgani shundan dalolat beradi. Shu maqsadda yagona ixtiyoriy markirovka tizimi konsepsiyasi ishlab chiqilmoqda va xalqaro tajribalar asosida adaptatsiya qilinmoqda. Bu islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun davlat xaridlari sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislarning bilim va ko‘nikmalarini muntazam oshirish zarur. “Yashil” xaridlar amaliyotini joriy etish orqali biz nafaqat ekologik barqarorlikka hissa qo‘shamiz, balki mahalliy ishlab chiqaruvchilarni ham xalqaro standartlarga mos faoliyat yuritishga rag‘batlantiramiz. Bu, o‘z navbatida, ichki bozorda sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishga ham xizmat qiladi, – dedi S.Nazarov.

Davra suhbatida davlat xaridlari tizimini ekologik tamoyillarga moslashtirish bo‘yicha hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar, mavjud yondashuvlar va istiqboldagi rejalar muhokama qilindi. Xalqaro moliya institutlari vakillari tomonidan ekologik muammolarni hal qilishda ilg‘or xorijiy tajribalar va innovatsion yondashuvlar bilan o‘rtoqlashildi.

Jahon bankining O‘zbekistondagi dastur koordinatori Anastasiya Aleksandrova  qayd etganidek, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasida issiqxona gazlari chiqindisini 35 foizga qisqartirish maqsadi belgilangan. Shuningdek, “yashil” iqtisodiyotga o‘tish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar tasdiqlangan. 

– Davra suhbatida muhokama qilingan masalalar orasida davlat xaridlari sohasi alohida ahamiyatga ega. Bu sohaning iqtisodiyotdagi ulushi katta – O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining taxminan 20 foizini tashkil etadi. Agar ushbu yo‘nalishda barqaror rivojlanish mezonlari inobatga olinmasa, “yashil” iqtisodiyotga o‘tish jarayonida jiddiy to‘siqlar paydo bo‘lishi mumkin. Shu bois 2024 yildan davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunga kiritilgan o‘zgartishlar doirasida faqatgina eng arzon takliflarni emas, balki ijtimoiy va ekologik jihatdan maqbul variantlarni tanlash mexanizmi joriy etildi. Bu tenderlarda iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik manfaatlar uyg‘unlashgan holda qaror qabul qilinishiga xizmat qilmoqda. O‘zbekiston bu jarayonda to‘g‘ri yo‘nalishni tanladi. Masalan, 2022 yilda “yashil” xaridlar amaliyoti deyarli mavjud emas edi. Ammo 2024 yilga kelib bu ko‘rsatkich 20 foizga yetdi va 2028 yilda 25 foizdan oshib ketishi kutilmoqda. 2030 yilgacha esa ushbu ulushni 30 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan. Ayni paytda biz “yashil” energetika, “yashil” transport, irrigatsiya va suvdan samarali foydalanish, iqlim xavflarini kamaytirishga qaratilgan maxsus dasturlar doirasida hukumat bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yganmiz. Bu esa mamlakatning ekologik va iqtisodiy barqarorligini ta’minlashda muhim ihsoblanadi, – dedi A.Aleksandrova.

Ekspertlar tahliliga ko‘ra, mazkur davra suhbati ishtirokchilar o‘rtasida o‘zaro muloqot va amaliy tajriba almashish uchun samarali platforma sifatida namoyon bo‘ldi. Tadbirda ilgari surilgan tashabbus va takliflar esa O‘zbekistonda “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish hamda davlat xaridlari tizimini barqaror rivojlanish mezonlari asosida takomillashtirish yo‘lida muhim qadamdir.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA