Ma’lumki, iqtisodiyotning barqaror rivojlanishi, aholi turmush darajasi oshishi va bandligini ta’minlashda turizm sohasi muhim ahamiyatga ega. Turizm keng qamrovli soha bo‘lib, daromadi jihatdan dunyoda uchinchi o‘rinda turadi.
Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO)ning ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilda xalqaro turizm tashriflari pandemiyadan oldingi darajaning deyarli 90 foiziga yetdi. 2023 yilning yanvar – sentyabr oylari orasida 975 million turist xalqaro miqyosda sayohat qilgan, bu 2022 yilning shu davriga nisbatan 38 foizga oshganidan dalolat.
2023 yilning uchinchi choragida turistlar xalqaro miqyosda 2022 yilning shu davriga nisbatan 22 foiz ko‘proq sayohatni amalga oshirgan.
Xorijiy turistlar tashrifi bo‘yicha O‘zbekiston pandemiyadan oldingi darajaning 98 foizini tashkil etdi.
O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish bilan birga viza rejimini soddalashtirish chora-tadbirlari, yangi yo‘nalishlarni ishlab chiqish, soha bilan bog‘liq loyihalarga investitsiya kiritish, yirik tadbirlarni o‘tkazish va boshqa amaliy ishlar qilinmoqda.
Xususan, “O‘zbekiston – 2030» strategiyasi to‘g‘risida”gi Prezident farmonining 58-maqsadida O‘zbekistonda tashqi va ichki turizmni rivojlantirish uchun keng sharoitlar yaratish orqali sayyohlar sonini oshirish vazifasi qo‘yilgan. Strategiyada belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va to‘liq ravishda amalga oshirish maqsadida turizmni rivojlantirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar olib borilmoqda.
Jumladan, turizm sohasi va infratuzilmasini jadal rivojlantirish maqsadida 30 ta yirik turizm klasteri manzilli ro‘yxati tasdiqlandi va ularning faoliyati bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yilmoqda.
40 ta qishloq va mahallalarga “turizm mahallasi” maqomini berish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi. Unga ko‘ra turizm mahallalarini tashkil etish vazifalari 2024 yildan boshlab amalga oshirilishi belgilandi.
Samarqand shahrida 2023 yilning 16-20 oktyabr kunlari Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh Assambleyasining 25-sessiyasi o‘tkazildi. Tadbirlarda 140 ta davlatdan kelgan delegatlar, turizm vazirlari, turizm ma’muriyatlari rahbarlari, shu sohada faoliyat ko‘rsatayotgan yirik kompaniyalar vakillari va tadbirkorlar ishtirok etib, O‘zbekistonning tarixiy qadamjolari bilan tanishdi hamda tarixiy obidalarga ular tomonidan katta qiziqish bildirildi.
2023 yilda umumiy qiymati 9,5 trillion so‘mlik 508 ta loyiha amalga oshirilganligi hisobiga jami 9 492 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.
O‘zbekistonga 2023 yilda kelgan xorijiy turistlarning 80,7 foizi qo‘shni davlatlar, 11,5 foizi qolgan MDH davlatlari hamda 7,8 foizi boshqa davlatlar hisobiga to‘g‘ri kelmoqda. Shu bilan birga, turistlarning o‘rtacha qolishi 4-5 kunni tashkil etib, 2022 yilga (3 kun) nisbatan 1,5 baravarga ortdi. Bu esa mamlakatda turistlarga har tomonlama qulaylik yaratilganligining natijasidir. Turistik xizmatlar eksporti 2 milliard 143,5 million AQSH dollarini tashkil etdi.
Turizm va unga yondosh sohalar yo‘nalishida 70 ming nafarga yaqin yangi ish o‘rni yaratildi.
“O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!» dasturi doirasida 15 million nafar aholi sayohatga chiqdi va hududlar bo‘ylab 21 million tashrif uyushtirildi. Ijtimoiy ko‘mak sifatida 1,1 ming nafar imkoniyati cheklangan shaxs va 570 ming nafar yoshlar sayohatga chiqarildi.
Joylashtirish vositalari bo‘yicha hududlarda 183 ta yangi mehmonxona va 232 ta xostel faoliyati yo‘lga qo‘yilib, jami joylashtirish vositalari soni 5 526 ta, ulardagi o‘rinlar soni 144 094 taga yetkazildi.
452 ta oilaviy mehmon uyi tashkil qilinib, ularning umumiy soni 3 458 ta, o‘rinlar soni 30 738 taga yetdi.
Bundan tashqari, turistlar uchun xizmat ko‘rsatuvchi 810 ta yangi turistik tashkilot va turagentlar faoliyati yo‘lga qo‘yilishi natijasida ularning soni 2 649 taga yetkazildi. Bugungi kunda respublika bo‘ylab 2 551 ta gid-ekskursavod faoliyat olib bormoqda.
O‘zbekiston turizm salohiyatini Yevropa, Shimoliy Amerika, Osiyo-Tinch okeani, Yaqin Sharq, Xitoy va Markaziy Osiyo mintaqalarida keng targ‘ib qilish maqsadida “BBC WORLD NEWS” (auditoriyasi 600 million), “SNN” (auditoriyasi 1 milliard) va “EURONEWS” (auditoriyasi 800 million) xalqaro mediakorporatsiyalari, shuningdek, “Ctrip.com” onlayn sayohat platformasi (auditoriyasi 500 million) va “Visa Fasilitation Servises Global” (auditoriyasi 100 million) tashkiloti kabi bir qator xorijiy tashkilotlar va televideniyelar bilan shartnomalar asosida xalqaro miqyosda mamlakatimiz imiji ilgari surildi.
2023 yilning iyun oyida e’lon qilingan “Jahon musulmon sayohati indeksi” (GMTI–2023) xalqaro ziyorat turizmi reytingida O‘zbekiston 140 ta mamlakat ichida 13‐o‘rinni egalladi.
Shuningdek, “Halal In Travel Awards 2023» (“Sayohatda halollik mukofoti 2023») tadbirida Xiva shahri “Yilning islom merosi turizm manzili” sovrinini qo‘lga kiritdi.
Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan UNWTO Bosh Assambleyasining 25-sessiyasi doirasida “Best Tourism Village 2023 Awards” (2023 yilning eng yaxshi turizm qishlog‘i) nominatsiyasi bo‘yicha Navoiy viloyatidagi Sentob qishlog‘i g‘olib bo‘ldi.
Dunyodagi eng mashhur turistik nashriyotlardan biri “Lonely Planet” xalqaro nashriyot kompaniyasi tomonidan 2024 yil uchun “O‘zbekiston – eng yaxshi sayohat maskani” nominatsiyasi g‘olibi bo‘lganligi munosabati bilan maxsus sertifikat topshirildi.
“World of Statistics” O‘zbekistonni 2024 yilda sayohat qilish uchun eng yaxshi davlatlar ro‘yxatiga kiritilganini e’lon qildi. Bu xorijiy turistlar soni ortishi, turizm eksporti hajmining oshishi hamda O‘zbekistonning yanada dunyoga tanilishiga xizmat qiladi.
“O‘zbekiston – 2030" strategiyasida tashqi va ichki turizmni rivojlantirish bo‘yicha qator vazifalar belgilangan. Jumladan, xorijiy turistlar sonini 15 millionga, ichki sayyohlar sonini 25 millionga, ziyorat turizmi bo‘yicha keladigan turistlar sonini 3 million nafarga oshirish ko‘zda tutilgan.
Xususiy investitsiyalarni jalb qilish hisobiga respublikada 30 ta yirik turizm klasteri tashkil etiladi, mehmon o‘rinlari soni kamida 2 barobarga oshiriladi, tog‘li hududlarda 25 ta dor yo‘llari quriladi, turizm mahallalari soni 175 taga yetkaziladi.
Turizm xizmatlari eksporti 5 milliard, tibbiyot va ta’lim turizmi eksporti esa yiliga 1,5 milliard dollarga yetkaziladi.
“Ko‘hna tarix durdonalari” milliy dasturi ishlab chiqiladi hamda uning doirasida madaniy meros ob’ektlari restavratsiya qilinadi, yodgorliklarda “ochiq osmon muzeylari" tashkil etiladi.
Umuman olganda, “O‘zbekiston – 2030» strategiyasida nazarda tutilgan turizmni rivojlantirishga oid vazifalar aholi daromadi oshishi, yangi ish o‘rinlari yaratilishi, xalq farovonligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Iskandar O‘ROQBOEV,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
bosh mutaxassisi.
O‘zA