O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “2030 yilga qadar temir yo‘l transportida mahalliy yo‘nalishlarda yo‘lovchi tashish ko‘rsatkichlarini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, 2030 yilgacha temir yo‘l transportida mahalliy yo‘nalishlarda yillik yo‘lovchi tashish ko‘rsatkichini 10,5 mln nafardan 23,5 mln nafarga, elektropoyezdlar qatnovi tashkil etilgan yo‘nalishlar soni 40 tadan 53 taga yetkaziladi.
Qaror bilan:
a) 2026-2030 yillarda temir yo‘l transportida yo‘lovchi tashish faoliyatini rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari;
b) 2026-2030 yillarda mahalliy yo‘nalishlarda elektropoyezdlar harakati amalga oshiriladigan yo‘nalishlar ro‘yxati;
v) 2026-2030 yillarda temir yo‘l transportida yo‘lovchi tashish infratuzilmasini rivojlantirish va harakatdagi tarkibni yangilash dasturi tasdiqlandi.
Quyidagilar temir yo‘l transportida yo‘lovchi tashish faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha Transport vazirligi va "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJning ustuvor vazifalari etib belgilandi:
a) mazkur qarorda belgilangan maqsadlar va istiqbolli ko‘rsatkichlarga so‘zsiz erishilishi, infratuzilmani rivojlantirish va harakatdagi tarkibni yangilash dasturi bajarilishini ta’minlash;
b) uzunligi 465 km bo‘lgan va elektrlashtirish ishlari yakunlangan "Buxoro-Xiva" temir yo‘l liniyasi orqali 2026 yildan boshlab Toshkent-Urganch-Xiva yo‘nalishida yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlar qatnovini tashkil etish;
v) uzunligi 196 km bo‘lgan "Miskin-Nukus" temir yo‘lini elektrlashtirish ishlarini 2026 yil yakuniga qadar tugatib, ushbu yo‘nalishlarda yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlar qatnovini tashkil etish;
g) Angren-Pop hamda Toshguzar-Boysun-Ko‘mqo‘rton temir yo‘l uchastkalarini modernizatsiya qilgan holda 2030 yilgacha Andijon, Namangan, Farg‘ona va Surxondaryo viloyatlariga tezyurar elektropoyezdlar qatnovlarini yo‘lga qo‘yish;
d) 2030 yilgacha 6 ta yuqori tezlikda harakatlanuvchi, 8 ta tezyurar va 20 ta zamonaviy elektropoyezdlar, 2 ta yo‘lovchi teplovoz, 10 ta elektrovoz, 200 ta yo‘lovchi vagonlari va 50 ta manyovr lokomotivlarini xarid qilish hisobiga harakat tarkibini yangilash. Bunda birinchi bosqichda energiya samaradorligi yuqori bo‘lgan zamonaviy va past polli 4 ta tezyurar va 10 ta elektropoyezdni xarid qilish va qolgan 4 ta tezyurar va 10 ta elektropoyezdni aholiga qulayligi yuzasidan jamoatchilik fikrini o‘rgangan holda xarid qilish.
2026 yil yakuniga qadar:
a) Toshkent shahriga Toshkent aglomeratsiyasi hududlaridan kirib keladigan elektropoyezdlarni jamoat transporti bilan integratsiya qiluvchi transport bog‘lamalari yaratiladi, shu jumladan, kamida Z ta metro bekatlari yaqinida temir yo‘l bekatlari ishga tushiriladi;
b) Nukus shahri va viloyat markazlariga kirib keluvchi yo‘lovchilar oqimini o‘rganib, shahar atrofi yo‘nalishlarida harakatlanuvchi elektropoyezdlarni jamoat transporti bilan integratsiyaqiluvchi transport bog‘lamalari ishga tushiriladi.
2026 yil 1 iyulga qadar "Nurafshon-Piskent-Bo‘ka- Yangiyer yo‘nalishida yangi temir yo‘l liniyasini qurish" loyihasini amalga oshirish ishlari boshlanadi.
2026 yil 1 iyunga qadar respublika hududlari o‘rtasida yo‘lovchi oqimini o‘rganib, temir yo‘l, havo va avtomobil transportida yo‘lovchi tashuvlarini o‘zaro uyg‘unlashtiruvchi kompleks rivojlanish strategiyasini, zaruratga ko‘ra, xorijiy konsultantlarni jalb qilgan holda ishlab chiqib, amaliyotga joriy etiladi.
O‘zA