French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
2030 yilgacha onkobemorlarni davolash bilan 100 foiz qamrab olish rejalashtirilmoqda
14:27 / 2026-01-28

Sharh

Ayni kunga qadar “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining yanada boyitilgan, yangi tahrirdagi loyihasi keng jamoatchilik tomonidan qizg‘in muhokama qilindi va ko‘plab takliflar, fikr-mulohazalar bildirildi. Bugun, 28 yanvar kuni jamoatchilik muhokamasi yakunlanadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, salkam bir oy davomida yurtdoshlarimiz tomonidan 3 ming 200 dan ziyod fikr-mulohazalar kelib tushdi.  

Strategiya loyihasida barcha yo‘nalishlarda qator maqsadli ko‘rsatkichlar, muhim hayotiy vazifalar o‘z aksini topgani e’tiborga molik. Xususan, aholi salomatligini asrab-avaylash, kasalliklarni barvaqt aniqlash va oldini olish, davolash choralarini jadallashtirish borasida muhim maqsadlar, vazifalar ko‘zda tutilgani millat genofondini asrash, yurtimiz aholisining salomatligini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.  

Ayniqsa, onkologik kasalliklarni erta aniqlash va o‘lim ko‘rsatkichini kamaytirish yo‘nalishida belgilanayotgan maqsad-vazifalar so‘nggi yillarda ko‘payib borayotgan bu xavfli xastalikni o‘z vaqtida aniqlash va davolash choralarini ko‘rishda alohida o‘rin tutadi.  

Xususan, strategiya loyihasida 2030 yilgacha barcha xavfli o‘sma aniqlangan bemorlarni davolash bilan 100 foiz qamrab olinishini ta’minlash vazifasi ko‘zda tutilmoqda. Ta’kidlash lozimki, mamlakatimizda onkologik kasalliklarni aniqlash va o‘z vaqtida davolash borasida muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, ushbu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarga davlat byudjetidan muayyan miqdorda mablag‘lar ajratilmoqda. Endilikda mazkur strategik hujjat doirasida ushbu yo‘nalishdagi ishlar yanada jadal tus oladi, aholi salomatligini asrash masalalariga yanada izchillik bilan yondashiladi.  

Bundan tashqari, strategiya loyihasida saraton kasalligi bilan 1 yil ichida o‘lim ko‘rsatkichi 15 foizdan yuqori bo‘lmasligiga erishish, kattalar orasida (40 yosh va undan katta) qandli diabetni erta aniqlanish ko‘rsatkichini 70 foizgacha oshirish maqsadlari ham ko‘zda tutilmoqda.  

Ushbu maqsadlar aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish borasidagi ishlardan tortib kasalliklarni erta aniqlash va davolash borasidagi amaliy sa’y-harakatlarni yanada yuqori bosqichga ko‘taradi. Eng asosiysi, aholi salomatligini saqlashga xizmat qiladi.  

Muhtarama Komilova,  

O‘zA