English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
2030 yilgacha innovatsion rivojlanish strategiyasida «Doktorantlar uylari»ni barpo etish ham ko‘zda tutilgan
13:56 / 2020-12-28

Oliy ta’lim muassasalarida doktorantlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, jumladan ularning yashash sharoitlarini yaxshilash maqsadida «Doktorantlar uylari»ni barpo etish va oila a’zolari uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish mo‘ljallanmoqda.

Bu borada agrar ta’lim tizimining 2030 yilgacha bo‘lgan innovatsion rivojlanish strategiyasida bir qator ustuvor vazifalar belgilangan. Vazirlar Mahkamasining Agrar ta’lim tizimining 2030 yilgacha innovatsion rivojlanish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risidagi qarori xalqaro standartlar asosida yuqori malakali, kreativ va tizimli fikrlaydigan, mustaqil qaror qabul qila oladigan zamonaviy kadrlar tayyorlash, ularning intellektual qobiliyatlarini namoyon etishi va ma’naviy barkamol shaxs sifatida shakllanishida dasturilamal bo‘lmoqda.

Kelgusida ko‘zda tutilgan rejalar haqida O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari, Toshkent davlat agrar universiteti rektori, akademik Botir Sulaymonov so‘zlab berdi.

– Qishloq xo‘jaligi oliy ta’limini modernizatsiyalashning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, ilg‘or ta’lim texnologiyalariga asoslangan zamonaviy bilim va yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatga ega bo‘lgan yuqori malakali mutaxassis kadrlar tayyorlashni oshirish choralari ko‘rilmoqda, –deydi Botir Sulaymonov. – Albatta, bu borada agrar ta’lim tizimining 2030 yilgacha bo‘lgan innovatsion rivojlanish strategiyasi muhim ahamiyatga ega. Zero, strategiya agrar ta’lim tizimidagi oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirishning strategik maqsadlari, ustuvor yo‘nalishlari, vazifalari, o‘rta va uzoq muddatli istiqboldagi bosqichlarini belgilaydi hamda sohaga oid dasturlar va kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish uchun asos bo‘ladi.

Albatta, ilmiy tadqiqot, tajriba-konstruktorlik va texnologik ishlar natijalarini keng joriy etish uchun ta’lim, fan va ishlab chiqarishdagi hamkorlik muhim hisoblanadi. Shu bois bitiruvchilarni o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishida amaliy yordam ko‘rsatilmoqda.

2020-2021 o‘quv yiliga mo‘ljallangan chora-tadbirlar dasturida agrar ta’lim tizimidagi oliy ta’lim muassasalarini 2030 yilgacha dunyoning nufuzli mingta oliy ta’lim muassasalari ro‘yxati (QS reyting tizimi)ga kiritish choralari ko‘rilmoqda. Hozirda AndQXAI — 13 279 o‘rinda, TDAU(Toshkent davlat agrar universiteti) — 19 010 o‘rinda, TDAU Nukus filiali — 21 279 o‘rinda, TDAU Termiz filiali — 28 431 o‘rinda.

Mazkur ro‘yxatda yuqorilash borasida dastlabki qadamlar qo‘yilmoqda. Hozirda yurtimizda qishloq xo‘jaligi sohasi bo‘yicha Toshkent davlat agrar universiteti va uning Nukus, Termiz va Samarqand filiallari, shuningdek, Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti mavjud. So‘nggi uch yilda ikkita yangi filial tashkil etildi. Qishloq xo‘jaligi sohasi bo‘yicha zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan malakali kadrlar tayyorlash maqsadida 2018/2019 o‘quv yilida 10 ta bakalavriat va 6 ta magistratura mutaxassisligi tashkil etilgan bo‘lsa, 2020/2021 o‘quv yilidan 10 ta bakalavriat va 11 ta magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yildi.

2019/2020 o‘quv yilida 16 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha sirtqi ta’lim, AQSH, Rossiya, Polshaning 7 ta oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda ikki tomonlama tan olinadigan qo‘shma ta’lim dasturlari asosida 7 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari hamda 6 ta magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlash tizimi joriy etildi.

Talabalarning 88,5 foizi qishloq va suv xo‘jaligi, 10,0 foizi ijtimoiy soha, iqtisod va huquq, 1,2 foizi gumanitar, 3 foizi xizmat ko‘rsatish bilim sohalariga oid ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari bo‘yicha tahsil olmoqda.

2018/2019 o‘quv yilidan boshlab, magistratura mutaxassisliklariga qabul to‘liq davlat granti asosida amalga oshirilib kelinmoqda. Shuningdek, 2019/2020 o‘quv yilidan magistraturada qishloq xo‘jaligidagi agrotexnik tadbirlarning mavsumiyligini inobatga olib, ilmiy dissertatsiyalarda ikki yillik ilmiy-amaliy dala tajribasi natijalarini qamrab olish maqsadida o‘quv jarayonini yanvar oyidan boshlash yo‘lga qo‘yildi.

2018/2019 o‘quv yilidan Germaniyaning Markaziy Osiyoda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish instituti bilan hamkorlikda «Xalqaro qishloq xo‘jaligi iqtisodiyoti» kafedrasi filiali tashkil etildi. Mazkur filialda 3 nafar doktorant va 2 nafar magistr tahsil olmoqda. Bundan tashqari, 2019/2020 o‘quv yilidan Belorussiyaning Grodno davlat agrar universiteti bilan hamkorlikda «O‘zbek-Belarus qishloq xo‘jaligi» qo‘shma fakulteti tashkil etildi. Universitet va uning Nukus, Termiz va Samarqand filiallarida qishloq xo‘jaligi bilimlarini targ‘ib etish bo‘yicha «Axborot-maslahat markazi» (Extension center) faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Agroklasterlar va kooperatsiyalar uchun Toshkent davlat agrar universiteti qoshida respublika oliy ta’lim muassasalarining iqtidorli talabalari tarkibidan tanlab olingan yoshlar uchun «O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini innovatsion rivojlantirish va uni raqamli transformatsiyalash» loyihasini amalga oshirish doirasida maxsus fakultet tashkil etildi. 2030 yilgacha meva-sabzavotchilikka ixtisoslashtirilgan 54 ta tumanida «Axborot-maslahat markaz» (Extension center) lari tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Albatta, yutuqlar bilan bir qatorda tizimda o‘ziga yarasha kamchilik va muammolar ham mavjud. Misol uchun, oliy ta’lim muassasalarida o‘quv va kasbiy tayyorgarlik kurslari, ta’lim tizimi, shakli va o‘qitish usullari zamon talablaridan bir oz orqada. Mehnat bozori talablarini o‘rganish va yangi mutaxassisliklarni joriy etish uchun tarmoqlararo va idoralararo muvofiqlashtirish tizimini yaratish talab etiladi. Ilmiy-o‘quv adabiyotlar yetishmovchiligi haligacha saqlanib qolmoqda, mavjudlarining aksariyat qismi zamon talablariga javob bermaydi, o‘quv adabiyotlari sifatini yaxshilash, xorijiy adabiyotlardan qo‘shimcha yoki muqobil o‘quv adabiyotlari sifatida foydalanish ishlari yetarli darajada tashkil etilmagan.

Shu bois qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘yicha fan olimpiadalarini doimiy o‘tkazish, g‘oliblar va qatnashchilarni rag‘batlantirish, maktablar, akademik litsey va kollejlarda tahsil olayotgan qishloq yoshlari orasidan iqtidorli yoshlarni Universitet va uning filiallariga saralab olish mexanizmlari ishlab chiqish davr talabiga aylandi. Ayni vaqtda biz talabalarda milliy qadriyatlarga hurmat, milliy g‘oya va mafkuralarimizga qarshi yot bo‘lgan fikrlarga nisbatan kuchli immunitetni mustahkamlashimiz zarur.

Qishloq xo‘jaligi sohasi va uning tarmoqlariga ilmiy tadqiqot natijalarini keng joriy etish, ilmiy tadqiqot ishlari bilan shug‘ullanayotgan professor-o‘qituvchilar, ilmiy xodimlar va yosh olimlar faoliyatini rag‘batlantirishning ta’sirchan mexanizmlari yaratilmagani olingan natijalarni ishlab chiqarishga tatbiq etishda pastligicha qolmoqda. Natijada mahalliy navlar hosildorligi past, tashqi bozor talablariga javob bermay qolmoqda. Import qilinayotgan qimmat va mahalliy sharoitlarga moslashmagan qishloq xo‘jaligi ekinlari navlariga qaramlik yanada ortib bormoqda.

Bu holatlarga chek qo‘yish uchun esa donor tashkilotlarning texnik ko‘magida kadrlarning ta’lim va kasbiy tayyorgarlik tizimini isloh qilish, agrobiznes sub’ektlari uchun mo‘ljallangan davlat xizmatlarining kuchli va zaif tomonlarini aniqlash maqsadida mavjud ma’muriy tizimlarni auditdan o‘tkazish, tarkibiy qayta tuzish va soddalashtirish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, mamlakatning barcha hududlarida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida axborot-maslahat markazlari tashkil etilib, ularda faoliyat yuritadigan maxsus xodimlar tayyorlanmoqda.

Shu tariqa strategiya doirasida belgilangan vazifalarni bajarish hamda qishloq xo‘jaligi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish orqali bir qator natijalarga erishish ko‘zda tutilmoqda. Misol uchun, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari va kadrlar buyurtmachilarining takliflari asosida 2030 yilgacha qishloq xo‘jaligida innovatsion resurs tejaydigan texnologiyalarni qo‘llash, «Aqlli qishloq xo‘jaligi» (Smart agriculture) va raqamlashtirilgan agrotexnologiyalarni joriy qilish orqali kadrlar tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Oliy ta’lim muassasalarida «Axborot-maslahat markazi» (Extension center) lari, texnoparklar, startap markazlari tashkil etiladi va ular qishloq xo‘jaligi sohasi va uning tarmoqlari, shuningdek, hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini tadqiq etuvchi va prognozlashtiruvchi ilmiy-amaliy muassasalari darajasiga olib chiqiladi.

Oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, ilmiy izlanuvchilari, doktorantlari, bakalavriat va magistratura talabalarining nufuzli xalqaro ilmiy jurnallarda maqolalar chop etishiga va maqolalarga iqtiboslik ko‘rsatkichlari oshishiga imkoniyat yaratiladi, shuningdek, «Agrar fani xabarnomasi» ilmiy jurnali Scopus, Science Direct va boshqa xalqaro ilmiy-texnik ma’lumotlar bazalariga bosqichma-bosqich kiritiladi.

Oliy ta’lim muassasalarida oliy ta’limning investitsiyaviy jozibadorligi oshiriladi, xorijiy ta’lim texnologiyalari jalb etiladi. Oliy ta’lim muassasalarining infratuzilmasi hamda moddiy-texnika bazasi yaxshilanadi va bosqichma-bosqich o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tkaziladi. Toshkent davlat agrar universitetining Nukus, Termiz va Samarqand filiallari institutga aylantiriladi.

 

O‘zA muxbiri Sayyora Shoyeva yozib oldi