Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
2030 yilga qadar qora metallurgiya mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 7,8 million tonnaga yetkaziladi
11:58 / 2025-05-20

Mamlakatimizda qora metallurgiya sanoatini 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasi asosida amalga oshiriladigan ustuvor yo‘nalishlar belgilandi. Bu haqda AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi boshqarma boshlig‘i Maqsud Bolibekov ma’lum qildi.

Yurtimizda qora metallurgiya sanoatini izchil rivojlantirish, aholining ushbu sohadagi mahsulotlarga bo‘lgan ortib borayotgan talabini qondirish muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 30 yanvardagi farmoni bilan 2030 yilgacha qora metallurgiya sanoatini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish belgilangan.

Ayni paytda mazkur strategiya Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, unda soha uchun muhim bo‘lgan bir qator ustuvor yo‘nalishlar qamrab olingan. Jumladan, xomashyo bazasini kengaytirish, yuqori qiymatga ega raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish, sohadagi investitsiyalarni ko‘paytirish, bozor mexanizmlarini joriy etish, ESG standartlarini amaliyotga tatbiq etish, mutaxassislar malakasini oshirish va innovatsion yechimlarni keng joriy etish belgilangan.

Shuningdek, geologiya-qidiruv ishlarini jadallashtirish, mavjud konlar va istiqbolli maydonlarda izlanishlarni kengaytirish, mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish hamda import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar tayyorlash kabi yo‘nalishlar ham ko‘zda tutilgan.

Xususan, Chig‘atoy, Kenes, Mingbuloq, Chuyankon va Vaxshivar kabi temir ma’danli maydonlarda izlanishlarni yakunlash, Syurenota va Tebinbuloq konlarini o‘zlashtirish, yopiq siklli texnologiyalarni joriy etish, chiqindilarni qayta ishlash va “yashil po‘lat” (Green Steel) konsepsiyasini amaliyotga tatbiq etish rejalashtirilgan.

– 2025-2030 yillar davomida qo‘shilgan qiymatga ega choksiz va katta diametrli quvurlar, avtomobil sanoati uchun maxsus po‘lat listlar, prokat mahsulotlari ishlab chiqarish loyihalari amalga oshiriladi. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida kooperatsiya aloqalari yo‘lga qo‘yiladi. Sohadagi muammolarni tezkor hal etish mexanizmlari yaratiladi. Ahamiyatlisi, Jahon po‘lat assotsiatsiyasi hamda yetakchi xorijiy metallurgiya korxonalari bilan hamkorlik o‘rnatish rejalashtirilgan. Albatta, bu ustuvor vazifalar ushbu tarmoq rivojida eng muhim omillar hisoblanadi, – dedi M.Bolibekov.

Brifingda qayd etilganidek, strategiya natijasida 2030 yilgacha temir ma’danlari qazib olish hajmini 7,2 million tonnaga, qora metallurgiya mahsulotlari ishlab chiqarishni esa 7,8 million tonnaga yetkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, sohaga oid 10 ta yirik istiqbolli loyiha amalga oshirilishi, 1,7 milliard dollarlik xorijiy investitsiya jalb qilinishi va 5 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilmoqda.

N.Ziyodullayeva,

O‘zA