Yoshlar masalasi, ularning ta’lim olishi, bandligi va o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi har qanday davlat taraqqiyotining hal qiluvchi omili hisoblanadi. Zamonaviy dunyoda iqtisodiy o‘sish, innovatsiya va ijtimoiy barqarorlik, avvalo inson kapitaliga bog‘liq. Shu bois, mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati izchil amalga oshirilib, yoshlar uchun yangi imkoniyatlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Kuni kecha Ko‘ksaroy qarorgohida Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan o‘tkazgan ochiq muloqoti mamlakatimiz taraqqiyotida, ayniqsa, yoshlar siyosatida yangi bosqichni boshlab berdi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar xususida fikr bildirdi:
—60 mingdan ziyod yoshlar ishtirok etgan ushbu muloqot davlatimiz rahbari tomonidan inson kapitaliga qaratilayotgan yuksak e’tiborning yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi. Bugungi kunda global raqobat sharoitida iqtisodiy o‘sish, innovatsion taraqqiyot va ijtimoiy barqarorlikning asosiy omili — bilimli, tashabbuskor va band yoshlar.
2030-yilga qadar mehnat bozoriga kirib keladigan yoshlar soni 1 million nafarga yaqinlashadi. Bu demografik o‘sish mamlakatimiz uchun katta imkoniyatdir. Biroq, ushbu imkoniyatni real natijaga aylantirish uchun har bir yoshni bilimli, zamonaviy kasb-hunarga ega va barqaror daromad manbaiga ega shaxs sifatida shakllantirish zarur.
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Kelajak tadbirkori” dasturi yoshlarni ish izlovchidan ish beruvchiga aylantirishga qaratilgan muhim tizimli qadamdir. Startap va innovatsion loyihalar uchun moliyaviy resurslar ajratilishi, 10 milliard so‘mgacha kredit imkoniyatlarining yaratilishi, venchur qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarining joriy etilishi — bu yoshlarning iqtisodiy faolligini oshirishga xizmat qiladigan aniq mexanizmlar.
Shuningdek, “Mening birinchi kasbim” dasturi doirasida bitiruvchilar uchun stajirovka tizimini yo‘lga qo‘yish va oyiga 2 million so‘mgacha stipendiya to‘lash tashabbusi ta’lim bilan mehnat bozori o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni mustahkamlaydi. Bu qaror yosh mutaxassislarning ilk mehnat faoliyatidagi asosiy muammo — amaliy tajriba yetishmasligi masalasini hal etishga qaratilgan.
Oliy ta’lim muassasalari oldida ham yangi vazifalar turibdi. Universitetlar faqat bilim beruvchi muassasa emas, balki innovatsiya, tadbirkorlik va yangi ish o‘rinlari yaratuvchi markazga aylanishi lozim. Zamonaviy o‘quv-amaliy markazlar tashkil etish, dual ta’limni keng joriy etish, “spin-off” va startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash orqali oliygohlar hududiy iqtisodiy rivojlanish drayveriga aylanadi.
Shu bilan birga, yoshlarning jismoniy tarbiyasi va sog‘lom turmush tarzi ham davlat siyosatida muhim o‘rin tutadi. Yoshlar o‘rtasida ommaviy sport musobaqalarini kengaytirish, talabalar ligalari va universitetlar o‘rtasida turnirlarni tashkil etish orqali sog‘lom, faol va maqsadli avlodni tarbiyalash mumkin.
Bugun O‘zbekistonda 22 milliondan ziyod yoshlar bor. Bu — ulkan intellektual va mehnat salohiyati demakdir. Agar har bir yosh munosib ish o‘rniga, kasbga va o‘zini ro‘yobga chiqarish imkoniyatiga ega bo‘lsa, o‘sib kelayotgan avlod milliy taraqqiyotning eng mustahkam poydevoriga aylanadi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi sifatida biz ushbu vazifalarni to‘liq va sifatli amalga oshirishni ustuvor maqsad deb bilamiz. Har bir oliy ta’lim tashkiloti yoshlar uchun bilim, innovatsiya va tadbirkorlik xabi bo‘lishi, bitiruvchi esa ish izlovchi emas, balki qiymat yaratuvchi mutaxassis sifatida hayotga qadam qo‘yishi shart.
Ko‘ksaroydagi muloqot — yoshlar kelajagi uchun aniq yo‘l xaritasi. Unda belgilangan tashabbuslar esa moliyaviy manba va strategik maqsadlar bilan ta’minlangan. Ishonchimiz komilki, ushbu qarorlar yoshlar bandligini ta’minlash, ularning intellektual va iqtisodiy salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish orqali Yangi O‘zbekiston taraqqiyotini yanada jadallashtiradi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA