Poytaxtimizning Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi Markaziy Eko bog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Tabiat resurslari vazirligi va BMT Taraqqiyot dasturi hamkorligida amalga oshiriladigan Bioxilma-xillik bo‘yicha global dasturini erta qo‘llab-quvvatlash (GBF-EAS) qo‘shma loyihasining boshlang‘ich yig‘ilishi tashkil etildi.
Qayd etilishicha, mamlakatimiz bioxilma-xillik bo‘yicha “Kunming-Monreal” global dasturiga qo‘shilish bilan bir vaqtda, dunyoning boshqa ko‘plab davlatlari kabi uni amalga oshirish uchun o‘zining milliy maqsadlarini belgilash majburiyatini oldi. Boshlangan loyiha O‘zbekistonda bioxilma-xillikni saqlash, shuningdek, tabiatni muhofaza qilish, monitoringni amalga oshirish va moliyalashtirish bo‘yicha siyosatni belgilab beruvchi Milliy strategiyasi va Harakatlar rejasini global dastur kun tartibiga mos keladigan tarzda qayta ko‘rib chiqishga ko‘maklashadi.
– O‘zbekiston global integratsiya masalalarida faol pozitsiyani egallaydi, – deydi tabiat resurslari vaziri Aziz Abduhakimov. – Biz bioxilma-xillik va umuman tabiatga jamiyatning munosabatini o‘zgartirishga qaratilgan keng qamrovli chora-tadbirlarni amalga oshirishga salmoqli hissa qo‘shishga intilamiz.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, 2022 yil 19 dekabr kuni Bioxilma-xillik bo‘yicha “Kunming-Monreal” global dasturi 190 mamlakat tomonidan ma’qullangan. Ushbu tarixiy dastur 2050 yilga kelib tabiat bilan uyg‘unlikda yashaydigan dunyo global konsepsiyasi maqsadlariga erishish uchun yo‘l xaritasini belgilaydi. Dasturning asosiy ko‘rsatkichlari 2050 yilga qadar 4 ta maqsad va 2030 yilga qadar 23 ta nishonga erishish hisoblanadi. Dastur bioxilma-xillik bo‘yicha global harakatlar uchun mustahkam asos bo‘lib, Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Parij bitimini to‘ldiradi va 2050 yilga kelib iqlim o‘zgarishiga chidamli va va barqaror dunyoga yo‘l ochadi.
– Bioxilma-xillik va ekotizim xizmatlarining yo‘qolishi xarajatlar va xatarlarni oshirishi hamda iqtisodiy ko‘rsatkichlarning pasayishiga olib kelishi mumkin, – deydi BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska. – Biz hozir ham ushbu ta’sirlarni sezmoqdamiz. Orol dengizining qurib borayotgani, butun mamlakat bo‘ylab tez-tez sodir bo‘layotgan chang bo‘ronlari tabiiy resurslardan mas’uliyatli tarzda foydalanish lozimligini anglatadi.
Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, asosiy global maqsadlardan biri bu 2030 yilga qadar dunyo bo‘ylab tanazzulga uchragan ekotizimlarni 30 foizga qayta tiklash, ma’lum turlarning yo‘q bo‘lib ketishini to‘xtatish va 2050 yilga kelib barcha turlarning yo‘q bo‘lib ketish xavfini va tezligini o‘n baravar kamaytirish, 2030 yilgacha pestitsidlar xavfini kamida 50 foizga kamaytirish, qishloq xo‘jaligi, baliqchilik va o‘rmon xo‘jaligi uchun ajratilgan hududlarni barqaror boshqarish, agroekologiya va boshqa bioxilma-xillikni qo‘llab-quvvatlaydigan amaliyotlarni sezilarli darajada oshirish hisoblanadi.
Kelgusi ikki yil davomida loyiha doirasida 2020 yildan keyingi davrda bioxilma-xillikni saqlashning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, milliy maqsadlar, monitoring, siyosat va moliyaviy asoslarni global dastur bilan muvofiqlashtirish va erta harakatlarni tezlashtirish maqsadida vazirlik va idoralar, ilmiy doiralar, NNTlardan iborat milliy va xalqaro manfaatdor tomonlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA