Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasida “Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot instituti bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasining 2030 yilga mo‘ljallangan demografik barqarorlik konsepsiyasi muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasining 2030 yilga mo‘ljallangan demografik barqarorlik konsepsiyasi mamlakatda demografik barqarorlikni ta’minlashning maqsadi, vazifalari, ustuvor yo‘nalishlari, qisqa va o‘rta muddatli istiqboldagi bosqichlarini belgilaydi.
Konsepsiya demografik barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni o‘z ichiga oladi. Demografik barqarorlik — demografik o‘zgarishlarni prognoz qilish, ularning oqibatlarini tushunish va inson huquqlarini inobatga olgan holda aniq ma’lumotlarga asoslangan siyosiy chora-tadbirlarni ishlab chiqish qobiliyati kabi ko‘plab jihatlar shular jumlasidandir.

Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi axborot xizmatiga ko‘ra, O‘zbekiston MDHdagi eng yuksak demografik salohiyatga ega davlat hisoblanib, 2021 yilda mintaqa aholisining 11,9 foizi va Markaziy Osiyo mintaqasining 46,7 foizi mamlakatimiz hissasiga to‘g‘ri kelgan. Ya’ni O‘zbekiston aholisi yuqori sur’atda ko‘payayotgan mamlakatlar sirasiga kiradi. Shunga qaramay, O‘zbekistonda demografik konsepsiya ishlab chiqilmagan edi.
Bunga sabab demografiya sohasida salbiy tendensiyalar va muammolar sabablarini asoslovchi tadqiqotlar yetishmaydi. Masalan, yagona demografik siyosat yurituvchi idora mavjud emas. Demografik jarayonlarni tahlil qilish va o‘rganish bilan bog‘liq bo‘lgan funksiya va vazifalar qator vazirlik va idoralarning nizomlariga kiritilgan bo‘lib, ularni yagona koordinatsiya qiluvchi organ mavjud emas. Demografik jarayonlarni tahlil qiluvchi akademik faoliyat bilan shug‘ullanuvchi ilmiy-tadqiqot markazlari, oliy ta’lim muassasalari deyarli yo‘q. Ushbu yo‘nalishda tadqiqotlar yetarli emas, xalqaro tashkilotlar, xorijiy o‘quv yurtlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan yetarli tizimli hamkorlik o‘rnatilmagan.

Davra suhbatini boshqarib borgan Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisining o‘rinbosari, “Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot instituti direktori, professor Nodira Egamberdiyeva masalaning aynan shu jihatlariga to‘xtalib o‘tdi.
Bosh vazir o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova ushbu konsepsiya demografiya sohasiga oid normativ-huquqiy asoslarni takomillashtirishga qaratilganini ta’kidladi.
Konsepsiya iqtisodiyotning barcha tarmoq va sohalarini rivojlantirishda demografik imkoniyatlarni hisobga olish, oila institutini mustahkamlash va yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash, aholining ichki va tashqi migratsiya hamda urbanizatsiya jarayonlarini tartibga solishi va boshqa qator masalalarda o‘zining ijobiy natijalarini ko‘rsatishi shubhasiz.
Davra suhbati davomida barcha ishtirokchilar o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
N.Usmonova,
O‘zA