Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
2030 yilga borib suvga bo‘lgan talab 7 milliard kub metrni tashkil etadi
00:08 / 2022-11-05

Ma’lumotlarga qaraganda, global iqlim o‘zgarishi natijasida so‘nggi 50-60 yil davomida Markaziy Osiyoda muzliklar maydoni taxminan 30 foizga qisqargan. 2050 yilgacha Sirdaryo havzasida suv resurslari 5 foizga, Amudaryo havzasida 15 foizgacha kamayishi kutilyapti. Ammo birgina O‘zbekistonning o‘zida 2030 yilga borib suvga bo‘lgan talab 7 milliard kub metrni, 2050 yilga borib esa bu ko‘rsatkich ikki barobarga ortishi mumkin.

Mamlakatimizda aholi sonining katta suratlar bilan o‘sib borishi hamda suvdan foydalanish samaradorligi pastligi hisobiga so‘nggi 15 yilda aholi jon boshiga suv ta’minoti taxminan ikki barobarga qisqargan. 2030 yilga borib aholining sifatli suvga bo‘lgan talabi esa 18-20 foizga ortishi kutilyapti. Shu bois, ushbu masala dolzarb ahamiyat kasb etib, suv zaxiralaridan tejab-tergab foydalanish zaruratini yuzaga keltirmoqda.  

Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan “Irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash sohasidagi dolzarb masalalar: muammo va yechim” mavzusidagi seminarda aytib o‘tildi.  

— 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida suv resurslarini boshqarish tizimini tubdan isloh qilish va suvni iqtisod qilish bo‘yicha alohida davlat dasturini amalga oshirish belgilangan, — dedi qo‘mita raisi o‘rinbosari Dilorom Imomova. — Bunda suv resurslaridan samarali foydalanish hisobiga kamida 7 milliard kub metr suvni iqtisod qilish, suv xo‘jaligi ob’ektlarida elektr energiyasi iste’molini kamaytirish, suv xo‘jaligi ob’ektlarini davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida boshqarish bo‘yicha vazifalar belgilangan va bugungi kunda ularning ijrosini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilyapti. Mamlakatimizda 2020-2030 yillarda aholini va iqtisodiyotning barcha tarmoqlarini suv bilan barqaror ta’minlash, sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, suv xo‘jaligi ob’ektlarining ishonchli ishlashini ta’minlash maqsadida davlatimiz rahbarining farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasi qabul qilindi. Uning doirasida bugungi kunda suv resurslarini prognozlashtirish, hisobini yuritish, suv xo‘jaligi ob’ektlarini modernizatsiya qilish va rivojlantirish, suv omborlari va suv xo‘jaligi ob’ektlarining xavfsizligi hamda ishonchli ishlashini ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.  

Tadbirda irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash sohasida o‘z yechimini kutayotgan masalalar atroflicha muhokama qilinib, suv zaxiralaridan unumli foydalanish, sohaga innovatsiyani keng joriy etishbo‘yicha taklif- tavsiyalar ilgari bildirildi.

 

 

M.Komilova, O‘zA