French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
2030 yilga borib mamlakatimizning elektr energiyaga bo‘lgan talabi 117 milliard kilovatt-soatga yetadi
14:46 / 2019-12-11

Farmon va ijro

Farmon va ijro

Joriy yilning 9 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasining “Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish to‘g‘risida“gi qonuni qabul qilindi. Davlatimiz rahbarining 2018 yil 19 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasida atom energetikasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida“gi farmoni asosida ishlab chiqilgan mazkur hujjat yurtimizda atom energiyasidan foydalanishni tartibga soluvchi maxsus qonunga bo‘lgan hayotiy ehtiyojni ta’minlashga qaratilgan.

Shu kunga qadar mamlakatimizda atom energiyasidan foydalanishni tartibga soluvchi maxsus qonun bo‘lmagan. Biroq atom energiyasidan foydalanishning ayrim jihatlari O‘zbekiston Respublikasining “Radiatsiyaviy xavfsizlik to‘g‘risida“gi va “Xavfli ishlab chiqarish ob’ektlarining sanoat xavfsizligi to‘g‘risida“gi qonunlari hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solingan. Shuningdek, O‘zbekiston 1997 yildan “Ishlatib bo‘lingan yoqilg‘i hamda radioaktiv chiqindilar bilan muomalada bo‘lish xavfsizligi to‘g‘risida“gi Konvensiya, 1992 yildan “Atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish sohasida hamkorlikning asosiy prinsiplari to‘g‘risida“gi Bitim hamda atom energiyasidan foydalanish sohasidagi boshqa xalqaro hujjatlar ishtirokchisi hisoblanadi.

Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan yangi qonun yurtimizda birinchi atom elektr stansiyasining qurilishi bilan bog‘liqdir. Amaldagi qonun hujjatlarida sohaga oid asosiy tushunchalarga to‘liq izoh berilmagani huquqni qo‘llash amaliyotida huquqiy normalarning turli xil talqin qilinishiga va ko‘pchilik aholi tushunmovchiligiga olib keladi. Masalan, mamlakatimizda 1959 yildan buyon Yadro fizikasi institutida quvvati 10 MVt bo‘lgan VVR-SM tadqiqot reaktoridan foydalaniladi. Bu reaktorda hosil bo‘ladigan ishlatib bo‘lingan yadroviy yoqilg‘i shu yerdagi saqlash punktida saqlanadi. Boshqa ishlab chiqarish ob’ektlarida hosil bo‘ladigan radioaktiv chiqindilar esa Bo‘stonliq tumanidagi saqlash punktiga joylashtirilmoqda.

2019 yilning 6 oyi davomida 70 GBk radioaktivlikka ega bo‘lgan 455 ta manba saqlash punktiga qo‘yilgan. Bugungi kunda mamlakatimizda 800 ga yaqin korxona va tashkilotda 7000 atrofida ionlashtiruvchi nurlanish manbasi (rentgen apparati, kalibrovka uskunalari va boshqalar) mavjud. Shundan kelib chiqib, bu sohaning muhim strategik ahamiyatga egaligini va yuqori xavf manbalari bilan bog‘liqligini hisobga olib, atom energiyasidan foydalanish ob’ektlarining (AES, saqlash punktlari va boshqalar) davlat egaligida va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti belgilab beradigan alohida toifadagi korxona va tashkilotlar tasarrufida bo‘lmog‘i maqsadga muvofiqdir.

Qabul qilingan qonun bilan aynan shu masala hal etilib, atom energetikasi sohasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, atom energetikasini rivojlantirish va undan foydalanish sohasida yagona davlat siyosati va strategik yo‘nalishlarini ishlab chiqish bo‘yicha vakolatli organi – Energetika vazirligi va Energetika vazirligi huzuridagi Atom energetikasini rivojlantirish agentligi (“O‘zatom“ agentligi) hamda boshqa davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining vakolatlari belgilandi.

– Yana bir e’tiborli jihati, atom energiyasidan foydalanishda fuqarolarning manfaatlarini inobatga olish, shuningdek, yadroviy va radiatsion xavfsizlikni ta’minlash, bu sohada ma’lumotlarni hech qanday to‘siqsiz, bepul olish bilan belgilanishidir, – dedi “O‘zatom“ agentligi boshqarma boshlig‘i Shavkat Abdukomilov. – Dunyoda aholi soni ko‘payib borishi, iqtisodiyot tarmoqlarining jadal taraqqiyoti elektr energiyaga bo‘lgan talabni kun sayin oshirmoqda. Elektr energiyasini ishlab chiqarishda zarur tabiiy resurslar zaxirasi esa cheklangan bo‘lib, kun sayin kamayib bormoqda. Shu bois, istiqbolli energiya manbalari, xususan, atom energetikasiga ehtiyoj ham ortayapti. Bugungi kunda yurtimizning elektr energiyaga bo‘lgan talabi 69 milliard kilovatt- soatni tashkil etadi. Ayni chog‘da yiliga 64 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqiladi. 2030 yilga borib esa mamlakatimizning elektr energiyaga bo‘lgan talabi 117 milliard kilovatt-soatga yetadi. Demak, bu
gun atom energetikasini rivojlantirishga qaratilgan dastlabki qadamlar hayotiy zarurat va ushbu qonun esa bu boradagi normalarni tartibga solishga xizmat qilishi bilan o‘ta muhim hisoblanadi.

Qonunda fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini, jismoniy hamda yuridik shaxslarning mol-mulkini himoya qilish, shuningdek, atrof-muhitni muhofaza qilish ustuvorligi, xavfsizlikning ta’minlanishi, axborotning ochiqligi, yadroviy qurol va boshqa yadroviy portlovchi qurilmalar ishlab chiqarishning taqiqlanishi atom energiyasidan foydalanishning asosiy prinsiplari etib belgilab qo‘yilgan.

– Ushbu qonunni qabul qilishda xorijiy tajriba juda katta manba bo‘lib xizmat qildi, – dedi O‘zbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi radiatsiya va yadro xavfsizligi departamenti boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Sardorbek Yoqubbekov. – Bunda Avstraliya, Avstriya, Belgiya, Buyuk Britaniya, Vengriya, Germaniya, Hindiston, Islandiya, Italiya, Ispaniya, Xitoy, Kanada, Janubiy Koreya, Litva, Norvegiya, Ruminiya, AQSh, Slovakiya, Turkiya, Fransiya, Finlyandiya, Chexiya, Shvesiya, Shveysariya kabi davlatlarda atom energiyasidan foydalanishni har tomonlama tartibga soluvchi maxsus qonunlar mavjudligi tahlil qilindi. Shu bilan birgalikda, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari Rossiya Federatsiyasi (Novovoronej AES-2), Yaponiya (“Tokay” AES) va Vengriyaning ( “Paksh-1” AES) atom energetikasi sohasidagi ilg‘or tajribasi va qonunchilik bazasini joyiga borib o‘rgandi.

Ayni chog‘da qabul qilingan mazkur qonun ijrosini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Masalan, qonunning 12-moddasida Energetika vazirligi respublikada atom energetikasini rivojlantirish va undan foydalanish sohasida yagona davlat siyosati va strategik yo‘nalishlarni ishlab chiqish uchun mas’ul bo‘lgan davlat boshqaruvi organi, 17-moddasida Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi respublikada yadroviy va radiatsiyaviy xavfsizlikni tartibga soluvchi davlat organi etib belgilangani ham bunga yaqqol misol.

Qonun 10 bob, 59 moddadan iborat bo‘lib, atom energiyasidan foydalanishning ayrim jihatlari 30 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solingan. Qonun qabul qilinishidan oldin Atom energiyasi xalqaro agentligi (MAGATE) tomonidan ikki marotaba ko‘rib chiqilib, uning tavsiyalaridagi yadro infratuzilmasini rivojlantirishning 19 elementini hisobga olgan holda davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilandi.

– Mamlakatimizda atom energetikasini rivojlantirish borasida amalga oshiriladigan loyihalarda birinchi navbatda xavfsizlik masalasi eng ustuvor hisoblanadi, – dedi O‘zbekiston Ekologik partiyasi bo‘lim boshlig‘i Erkin Omonov. – Yurtimizda an’anaviy elektr energiyasi olish manbalari o‘rniga AESdan foydalanishga o‘tilsa, yiliga 14 million tonnagacha CO2 va 36 ming tonnagacha NO2 gazining atmosferaga chiqarilishi oldi olinadi. Ushbu qonunning qabul qilinishi O‘zbekiston Ekologik partiyasi dasturiy maqsadlariga hamohang bo‘lib, atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish, atom energetikasini rivojlantirishning huquqiy shart-sharoitlarini yaratishga xizmat qiladi. Atrof-muhitni ionlashtiruvchi nurlanishning salbiy ta’siridan muhofazalash, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini saqlash tizimini shakllantirish hamda avariya holatlarining paydo bo‘lish xavfini minimallashtirish maqsadida atom energiyasidan foydalanishda mansabdor shaxslarning javobgarligini joriy etishga huquqiy asos bo‘ladi.