Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
2030 yilda sifatli suvga bo‘lgan talab 3 milliard metr kubgacha yetishi kutilmoqda
17:58 / 2025-12-18

Bugun Milliy matbuot markazida “Gidrogeologiya, muhandislik geologiyasi va geoekologiya yo‘nalishlaridagi geologiya qidiruv va ilmiy-tadqiqot ishlari natijalari” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi bo‘lim boshlig‘i Nurbek Po‘latov, "GIDROINGEO instituti" DM direktori o‘rinbosari Shahriyor Toshev, "O‘zbekgidrogeologiya" DM bosh gidrogeologi Feruz Haydarov so‘zga chiqib, mamlakatimiz yer osti suv resurslarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanishni tartibga solish borasida olib borilayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi.

[gallery-26790]

Qayd etilishicha, respublikamizda aholi soni o‘sish tendensiyasi hisobiga 2030 yilga borib sifatli suvga bo‘lgan talab yiliga 2 milliard metr kubdan 3 milliard metr kubgacha yetishi, 2050 yilga esa bu ko‘rsatkich ikki barobarga ortishi kutilmoqda. Bu esa ichimlik suvi manbalariga bo‘lgan extiyoj muntazam oshib borishini talab qiladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ichimlik suv zaxiralari cheklangan bo‘lib, 2030 yillarda dunyo aholisining 47 foizi suv tanqisligi tahdidi ostida qolishi taxmin qilinmoqda. Shu bilan birga, 2050 yilga borib, suv yetishmaydigan rivojlanayotgan mamlakatlar soni sezilarli darajada ko‘payadi.

Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi bo‘lim boshlig‘i Nurbek Po‘latov qayd etganidek, Prezidentimizning 2022 yil 7 dekabrdagi “Yer osti suv resurslarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanishni tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash ishlari tizimli tashkil etilmoqda.

–Mazkur qarorga asosan gidrogeologiya yo‘nalishi, geologiya fanlari tizimidagi vazifalar yanada mustahkamlandi. Bugungi kunda vazirlik tizimidagi “Gidrogeologiya va injenerlik geologiyasi instituti” davlat muassasasi 5 ta asosiy ilmiy yo‘nalishda faoliyat yuritmoqda. Yer osti suvlarini izlash, qidirish, zaxiralarini tasdiqlash va resurslarini baholash yo‘nalishi bo‘yicha Samarqand viloyati Ishtixon tumanida Damxo‘ja galereyasi qurilib, ishga tushirildi. Navoiy va Buxoro viloyatlari tumanlari aholisi qo‘shimcha 125 ming m3/sutka ichimlik suvi bilan ta’minlandi. Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanida Oqsu-Oqqishloq galereyasi suv ta’minoti tarmog‘iga ulandi va 30 taga yaqin aholi punktlariga qo‘shimcha 11,3 ming m3/sutka ichimlik suvi yetkazib berildi. Shu bilan birga, respublika hududida qo‘shimcha 14 ta galereya turidagi suv olish inshooti uchun istiqbolli maydonlar aniqlandi. Navoiy, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari aholi suv ta’minotini yaxshilash maqsadida 16 ta istiqbolli maydon ochildi. Suvliq aholi punktida 1 000 ga yaqin aholi esa ichimlik suviga ega bo‘ldi, – dedi Nurbek Po‘latov.

Shuningdek, tadbirda mutaxassislar geoekologik, meliorativ-gidrogeologik holatni baholash kabi qator masalalar bo‘yicha ham batafsil ma’lumot berdi. Ularning qayd etishicha, gidromineral resurslar manbalarini diversifikatsiya qilish va istiqbollarini baholash yo‘nalishida Farg‘ona vodiysi bo‘yicha gidromineral resurslar xaritasi tuzilgan. Tuman hokimliklari uchun hududlarni gidromineral resurslar yordamida rivojlantirish bo‘yicha ilmiy tavsiyalar ishlab chiqilib, taqdim etilgan.

– Respublikaning boshqa hududlarida 10 dan ziyod yer osti mineral, termal va sanoat suvlariga istiqbolli maydonlar aniqlandi. Xususan, Surxondaryo viloyatidagi “Olcha buloq” kimyoviy tarkibi bo‘yicha “Omonxona bulog‘i”ga analog sifatida taklif etilmoqda. Termal yer osti suvlaridan foydalanishning texnologik sxemasi yaratildi. Hududlarning geoekologik, meliorativ-gidrogeologik holatini baholash va yer osti suvlari muhofazasi yo‘nalishi bo‘yicha Toshkent, Samarqand va Namangan viloyatlaridagi 168 ta ob’ektda radioekologik monitoring o‘tkazildi, – dedi "GIDROINGEO instituti" DM direktori o‘rinbosari Shahriyor Toshev. 

Tadbir yakunida zamonaviy texnologiyalar asosida yer osti suvlarining optimal monitoring tizimini asoslantirish yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi viloyatlari kesimida yer osti suvlari monitoringi tizimini optimallashtirish bo‘yicha ilmiy tavsiyalar ishlab chiqilgani ta’kidlandi.  Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining 1:500 000 va 1:200 000 miqyosli raqamli gidrogeologik xaritasi yaratildi. 

Nasiba Ziyodullayeva, 

Oybek Pardayev (surat),

O‘zA