Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
2030 yilda qishloq xo‘jaligi ekin maydonlari 100 foiz suv tejovchi texnologiyalar bilan ta’minlanadi
16:32 / 2026-01-24

Markaziy Osiyo davlatlari orasida aholisi eng ko‘p bo‘lgan O‘zbekistonda barqaror taraqqiyotni ta’minlash, aholi farovonligi va osoyishtaligini mustahkamlash masalalari ko‘p jihatdan suv resurslaridan samarali va oqilona foydalanishga bog‘liq.

Iqlim o‘zgarishi, suv zaxiralarining cheklangani va ularga bo‘lgan ehtiyojning yil sayin ortib borishi ushbu yo‘nalishda tizimli yondashuv va aniq maqsadlarni belgilashni talab etadi.

Shu ma’noda,  mamlakat taraqqiyotining muhim dasturiy hujjati sanalgan “O‘zbekiston-2030” strategiyasida suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish yo‘nalishiga alohida e’tibor qaratilgan bo‘lib, unda 4 ta maqsad suv resurslari yo‘nalishi bilan bevosita bog‘liq.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazida “O‘zbekiston - 2030” strategiyasi loyihasining “Suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish” yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida shu haqda so‘z bordi. 

Unda strategiya loyihasida suv resurslaridan oqilona foydalanish, qishloq xo‘jaligida suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish hamda ekologik barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan takliflar muhokama qilindi.

Suv xo‘jaligi vazirligi axborot xizmati rahbari Shuhrat Suyunovning ta’kidlashicha, hozirgi kunda mamlakatimizda sug‘oriladigan ekin maydonlari 4,3 million gektarni tashkil etadi. Amaldagi strategiyada qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orishda suv tejaydigan texnologiyalar joriy etilgan yerlar maydonini 2 million gektarga yetkazish vazifasi belgilangan.

– Amalda esa 2025 yil yakuniga qadar 2,6 million gektar maydon, ya’ni sug‘oriladigan yerlarning qariyb 60 foizi suv tejaydigan texnologiyalar bilan qamrab olindi. Bu esa belgilangan vazifa ortig‘i bilan bajarilganini ko‘rsatadi. Strategiyaning yangi loyihasida 2030 yilda qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarini suv tejovchi texnologiyalar bilan ta’minlash darajasini 100 foizga yetkazish maqsadi qo‘yilmoqda. Jumladan, 2026 yilda 65 foiz, 2027 yilda 75 foiz, 2028 yilda 85 foiz, 2029 yilda 95 foiz va 2030 yilga kelib 100 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Agar 2019 yilda respublikada suv tejaydigan texnologiyalarning butlovchi qismlarini ishlab chiqaradigan atigi 3 ta korxona faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni 60 taga yetgan, –dedi Sh.Suyunov.

Shuningdek, tadbirda yangi strategiya loyihasida maqsadlar ijrosining samaradorlik ko‘rsatkichlari yillar kesimida aniq belgilab berilayotgani, moliyaviy manbalar hamda ushbu ko‘rsatkichlarga erishish uchun mas’ul idoralar ko‘rsatilgani alohida ta’kidlandi.

Eslatib o‘tamiz, “O‘zbekiston-2030” strategiyasi loyihasi bo‘yicha bugungi kunga qadar jami 2204 ta taklif kelib tushgan. Xususan, respublikada suvdan oqilona foydalanish madaniyatini shakllantirish va suvdan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan 62-maqsad doirasida 21 ta taklif, shuningdek, 63-maqsad bo‘yicha 7 ta, 64-maqsad bo‘yicha 4 ta, 65-maqsad bo‘yicha esa 8 ta fikr kelib tushgan.

N.Ziyodullayeva, O‘zA