Yaqinda O‘zbekistonda 2030 yilgacha bo‘lgan davr uchun kutilayotgan aholi soni prognoz qilinib, uning ijtimoiy sohaga ta’siri o‘rganildi.
Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari tomonidan o‘rganilgan ushbu tahlilda har yili o‘rta hisobda tug‘ilish, mamlakat aholisi soni, uning ijtimoiy sohaga ta’siri masalalari o‘rin olgan.
Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti loyiha guruh rahbari Muhabbat Ahmedova olib borilgan ushbu tadqiqot natijalari haqida ma’lumot berdi.
– Albatta, mamlakatimiz aholisi soni bilan bog‘liq tahlil qiziqarli va ko‘pchilikni e’tiborini tortadi, – dedi M.Ahmedova. – Olib borilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, 2030 yilgacha bo‘lgan davrda har yili o‘rta hisobda 900-950 ming go‘dakning dunyoga kelishi va bunda bir ayolga to‘g‘ri keladigan bolalar soni 3,17 ni tashkil etadi. 2030 yilga borganda mamlakat aholisi 41 million kishidan oshishi kutilmoqda. 3-6 yosh oralig‘idagi bolalarni maktabgacha ta’lim muassasalari bilan qamrab olish darajasi 81 foiz bo‘lishi kutilayapti va buning uchun maktabgacha ta’lim muassasalarida 1 million 400 ming nafar bola uchun yangi o‘rinlar tashkil etish zarur deganidir.
Shuningdek, prognozlarga asosan oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi 50 foizga yetadi. Bunda OTMlarning hozirgi salohiyatini 8 yil ichida 1,5-1,8 marta oshirish talab etiladi. 2030 yilgacha ambulatoriya-poliklinika muassasalari sonini 7041 taga yetkazish lozim. 2021 yilda ular 6676 tani tashkil etgan.
PMTI tomonidan 2022 yilning sentyabr va oktyabr oylarida mamlakatimizda tug‘ilish darajasining nima sababdan yuqori ekanligini aniqlash maqsadida so‘rov o‘tkazildi. Unda Toshkent shahri va Toshkent viloyatida istiqomat qiluvchi 25-45 yosh oralig‘ida bo‘lgan va 3 nafar, undan ko‘p farzandlari bor 200 nafar ayol ishtirok etdi. So‘rov natijalariga to‘xtaladigan bo‘lsak, salomatligi (43,8%) va oilaviy sharoitining yaxshilanishi (47,9%) farzand ko‘rishga qaror qilishdagi asosiy sabablardir. Oilalarning 36,2 foizi yana bir farzand ko‘rish, 19,0 foizi o‘g‘il farzandli bo‘lish, 14,3 foizi esa qiz farzandli bo‘lish istagini bildirdi. Oilalarning 33,4 foizida go‘dak rejalashtirilmagan holda dunyoga kelgan.
Ekonometrik tahlilga ko‘ra, real daromadning aholi jon boshiga ulushi oshayotgani, ayollar orasidagi ishsizlik O‘zbekistonda tug‘ilishga ta’sir etuvchi omillar ekanligi, shuningdek, ayollarni oliy ta’lim bilan va bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasining oshishi tug‘ilish darajasining pasayishiga olib kelishi ma’lum bo‘ldi.
Bu jarayonlar yechimi uchun qanday takliflar ma’qul ko‘riladi? Savolga javob shuki, davlat qarzi ortib borayotgan sharoitda fiskal yukni yengillashtirish maqsadida ta’lim va sog‘liqni saqlash yo‘nalishida xususiy ishtirokchilar bilan tizimli ish olib borish lozim. Bunda barcha qarzlarni bartaraf etish muhim ahamiyatga ega. Shuning uchun ularga litsenziya va boshqa hujjatlarni berish tizimini osonlashtirish maqsadga muvofiq. Xalq deputatlari viloyat Kengashi a’zolari byudjet mablag‘larini taqsimlashda va hududlarning ijtimoiy infratuzilmasini o‘rta muddatli rejalashtirishda demografik rivojlanish prognozlarini hisobga olishi zarur. Demografik prognozlarni inobatga olgan holda, ta’lim va sog‘liqni saqlash bozorining xalqaro va mahalliy ishtirokchilari, shuningdek, tegishli texnologiyalarni yetkazib beruvchilar ta’lim va sog‘liqni saqlash xizmatlariga o‘rta muddatli yuqori talab mavjud ekanligiga ishonch bilan qarashlari va O‘zbekistonga sarmoya kiritishlari tavsiya etiladi. Nihoyat, prognoz natijalari energiya, suv va yer resurslaridan samarali foydalanishga qaratilgan muvofiqlashtirilgan va tadrijiy islohotlarni amalga oshirish muhimligini ko‘rsatadi.
O‘zA muxbiri
Nasiba ZIYODULLAEVA
yozib oldi.