Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
2030 yilda dunyo bo‘ylab o‘sma xastaligi bilan 15 milliondan ziyod kishi kasallanishi mumkin
16:47 / 2022-08-02

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi yillarda dunyoning ko‘pgina mamlakatlarida onkologik kasalliklarga chalinish ko‘rsatkichlari oshib bormoqda.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2030 yilda butun dunyoda o‘sma xastaliklari bilan 15 million kishi kasallanishi mumkin.

O‘sma kasalliklari bilan kasallanishni kamaytirish maqsadida davlat miqyosidagi keng qamrovli dasturlarning amalga oshirilishi, kadrlar tayyorlash masalasiga e’tibor qaratilishi, ayniqsa, uzoq qishloq joylarda ishlayotgan umumiy amaliyot vrachlarining onkologik sezgirligining oshirilishi va tibbiy ko‘rik sifatining yaxshilanishiga hamon zarurat katta bo‘lib qolmoqda.

Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, avvallari bolalar orasida saratonga chalinish hollari ancha kam kuzatilgan. Ammo, so‘nggi tadqiqotlar bolalar saratoni kattalarnikidan tezroq o‘sayotganini ko‘rsatmoqda. Tadqiqotlarga ko‘ra, o‘tgan asrning 80 yillaridan hozirgacha bolalarning saratonga chalinish ko‘rsatkichi sezilarli darajada ortgan.

14 yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida har bir million boladan o‘rtacha 140 nafariga saraton tashxisi qo‘yilmoqda. Agar rivojlangan davlatlarda davolash ko‘rsatkichlari 70-80 foizni tashkil etsa, O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich atigi 20 foizni tashkil etgan. Onkogematologiya bo‘limini tashkil etishdan maqsad ham bolalar o‘rtasida ko‘payib borayotgan, qon bilan bog‘liq, davolanishi qiyin kasalliklar hamda saratonni erta aniqlash va samarali davolashdir.

O‘zbekistonda onkologiya kasalligi bilan og‘riyotganlarni davolash anchagina muhim masala bo‘lib turibdi. Xorijiy amaliyotda onkologiyaga qarshi kurashda bir qancha zamonaviy usullarni qo‘llashadi, bu borada, xususan, yadro tibbiyoti bir necha o‘n yillardan buyon alohida o‘rin egallab kelmoqda. Hozirgi kunda juda tez rivojlanayotgan yo‘nalishlardan biri — radionuklidli diagnostika va terapiya bo‘lib turibdi. Radionuklidli terapiyada radionuklidlar aynan shish bor joyga yuboriladi va o‘sha joyning o‘ziga ta’sir qiladi. Davolashning bu usulida shish yonidagi a’zolarga zarar yetmaydi va ular shikastlanmaydi. Shuning uchun ham bunday davolash ko‘pincha «tanlab davolash» usuli deyiladi. Shu soha ekspertlarining ma’lumotiga ko‘ra, agar kasallik vaqtida aniqlangan bo‘lsa, bu usul bilan davolashning samarasi 95 foizgacha yetadi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan yosh olimlarni ilmiy stajirovkalarga yuborish bo‘yicha tanlov g‘olibi Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tayanch doktoranti Nazokat Abdullayeva hozirda Turkiyaning Anqara shahridagi doktor Abdurahmon Yurtaslan nomidagi Onkologiya ilmiy-izlanish shifoxonasida ilmiy stajirovka o‘tamoqda.

Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan moliyalashtirilgan mazkur stajirovka davomida Nazokat Abdullayeva ushbu markazda onkogematologik va umumiy gematologik xastaliklar diagnostikasida va gemopoetik o‘zak hujayralari transplantaciyasida muhim hisoblangan oqim citometriyasi usulida immunofenotiplash va o‘zak hujayralarining miqdorini aniqlash analizlarini o‘rganmoqda va malakasini oshirmoqda. bugungi kunda ushbu uslub yordamida diagnostika qilish mamlakatimizda RIGIATMda amalga oshirila boshlangan bo‘lib, bemor biomaterialini chet davlatga yuborilishi to‘xtatilgan va qisqa muddatlarda natija olishga erishilmoqda.

Ta’kidlash lozimki, Anqara onkologiya markazining yetakchi mutaxassislari Chiydem Sonmaz va Barish Boral tomonidan oqim citofluorimetriyasi usulida immunofenotiplash analizi bo‘yicha darslar olib borilmoqda. Bundan kutilgan maqsad nafaqat o‘tkir leykozlar diagnostikasi, balki miyelodisplastik sindrom, minimal rezidual kasallik, paroksizmal tungi gemoglobinuriya kabi bir qator gematologik kasalliklar diagnostikasini o‘rganib, O‘zbekistonda qo‘llashdir.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Sardor Kariyevning aytishicha, mamlakatda 2022-2026 yillarda qiymati 1,25 milliard dollarlik 104 ta investitsiya loyihasi hayotga tatbiq etilishi mo‘ljallangan. Ular orasidan onkologiyaga qarshi dorilarni ishlab chiqarish, vaksinani mahalliylashtirish singari loyihalar o‘rin olgan.

Shuningdek, O‘zbekistonda dorivor o‘simliklarni ishlab chiqarishni yaxshi yo‘lga qo‘ygan korxonalarni, korxonalarni tanlab olib, ularga qo‘shimcha yer ajratish, kerakli infratuzilma, kredit, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish singari masalalarda ko‘mak berish rejalashtirilgan.

Yuqorida aytilgan loyihalar natijasida 376 million dollarlik import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar tayyorlanib, 84 million dollarlik eksport quvvati yaratilishi hisob-kitob qilingan.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA