2029 yil 1 fevralgacha zargarlik sohasidagi ishlab chiqaruvchilarga ko‘pgina imtiyozlar berilmoqda. Ya’ni, ularning yaratayotgan ish o‘rniga qarab, sotib olinayotgan qimmatbaho metal va oltin narxida (1 foizdan 4 foizgacha) chegirma berilmoqda. Hech bir davlatda bunday imtiyoz yo‘q.
2025 yilning o‘zida zargarlik sohasida tadbirkorlik sub’ektlari soni qariyb 4 barobarga ko‘paydi. Tayyor zargarlik mahsulotlari eksporti 5,1 tonnaga oshdi. Yoki 439 million dollarga yetib, avvalgi yilga nisbatan 4,7 barobarga oshgan.
Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida aytib o‘tildi. Majlisda yarim tayyor zargarlik buyumlarini O‘zbekiston Respublikasi bojxona hududidan tashqariga olib chiqish tartibini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda zargarlik sanoatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash, zargarlik buyumlari eksportini oshirishga qaratilgan keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, sohada eksportchilarni qo‘llab-quvvatlash, yarim tayyor zargarlik buyumlari bilan bog‘liq jarayonlarni takomillashtirishga doir choralarni ko‘rish zarurati yuzaga kelmoqda.
Ushbu qonun loyihasi qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar, ulardan yasalgan zargarlik hamda boshqa buyumlarning noqonuniy aylanmasini kamaytirishga qaratilgan. Qonun loyihasi bilan qimmatbaho metallardan tayyorlangan yarim tayyor zargarlik buyumlarini O‘zbekiston Respublikasi bojxona hududidan tashqariga olib chiqishda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Davlat asillik darajasi nazorati inspeksiyasining xulosasini olish nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, 2029 yil 1 fevralgacha zargarlik sohasidagi ishlab chiqaruvchilarga bir qator imtiyozlar berish nazarda tutilmoqda.
Qonun loyihasining qabul qilinishi qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlarning muomalada bo‘lishi sohasidagi davlat siyosatini takomillashtirish, mahalliy zargarlik sanoatini rivojlantirish, qonuniy faoliyat olib borayotgan mahalliy tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA