Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
202,9 ming tonna ko‘mir to‘liq umumta’lim muassasalariga yetkazib berilgan
12:48 / 2023-10-27

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi axborot xizmati rahbari Dilfuza Sobirova ishtirokida brifing tashkil etildi. Unda ta’lim muassasalari binolarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Respublikada 10 ming 118 ta maktab mavjud bo‘lsada, aksariyat maktablarda isitish tizimi elektr energiyasiga moslab chiqilmagan. Maktablarning 3 ming 599 tasi yoki 60,6 foizi ko‘mir yoqilg‘isida isitiladi.

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, umumta’lim maktablariga joriy yil kuz-qish mavsumi uchun 202,9 ming tonna ko‘mir yoqilg‘i mahsulotlari jamg‘arilishi belgilangan bo‘lib, hozirga qadar ular to‘liq ravishda ta’lim muassasalariga yetkazib berilgan.

4 ming 491 ta maktabgacha va maktab ta’limi tizimidagi ob’ektlarni lokal isitish tizimini ko‘mir yoqilg‘isiga o‘tkazish rejasi tasdiqlangan. Tegishli qonunchilikka asosan, 2023 yilda 2 ming 156 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti va 2 ming 335 ta maktabning lokal isitish tizimlarini ko‘mir yoqilg‘isiga o‘tkazish belgilangan. Hozirga qadar mahalliy hokimliklar tomonidan 926 ta yoki 40 foiz umumta’lim maktabi va 1 ming 161 ta yoki 54 foiz maktabgacha ta’lim tashkilotining isitish tizimlari gazdan ko‘mir yoqilg‘isiga o‘tkazilgan.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash maqsadida joriy yilda mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 181 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlarida joriy ta’mirlash, 16 ming 544 kv.m tom qismini almashtirish, 6 ming 648 pogona metr ichki isitish tizimini ta’mirlash ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Shundan bugungi kunga qadar belgilangan 130 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlarida joriy ta’mirlash ishlari bajarilgan.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA