Avstraliyaning Sidney shahrida bo‘lib o‘tgan Xalqaro astronavtika kongressida (IAC) O‘zbekkosmos agentligi delegatsiyasi mamlakatimiz nomzodini ilgari surdi. Minglab xalqaro ekspertlarning bir ovozdan qarori bilan Samarqand shahri 2028 yilgi kongressni qabul qilish huquqini qo‘lga kiritdi.
Bu tarixiy voqea nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo hududi uchun kosmik sohada yangi davrni boshlash belgisi bo‘ladi.

Mazkur yirik xalqaro anjuman nafaqat ilm-fan va texnologiyalarning rivoji uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi, balki mamlakatimiz iqtisodiyotiga ham katta ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda. Masalan, yaqinda Sidneyda o‘tkazilgan kongress Avstraliya iqtisodiyotiga 42 million avstraliya dollari (qariyb 27 million AQSH dollari) miqdorida daromad keltirgan edi.

2028 yilda Samarqandda bo‘lib o‘tadigan IAC esa 10 mingdan ortiq xalqaro mehmonlarni yurtimizga jalb qilib, xalqaro ko‘rgazmalar va tadbirlar orqali turizm, xizmat ko‘rsatish hamda tadbirkorlik sohalarida katta iqtisodiy samara keltirishi intizor qilinmoqda.
N. Rahmonova,
O‘zA