O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Bojxona ma’muriyatchiligi va tashqi savdo tartibotlarini yanada soddalashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Unga muvofiq, quyidagilar 2027 yilga qadar bojxona ma’muriyatchiligi va tashqi savdo tartibotlarini takomillashtirishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari etib belgilandi:
a) tovarlarni bevosita chegarada eksport va importga rasmiylashtirish hajmini 2 barobarga oshirish;
b) bojxona to‘lovlarini kechiktirib to‘lash asosida tovarlarni erkin muomalaga chiqarish hajmini 1,5 barobarga oshirish;
v) vakolatli iqtisodiy operatorlar sonini 200 tadan oshirish;
g) bojxona auditi qamrovini 30 foizga yetkazish.
2026 yil 1 martdan boshlab tovarlarni ular chegara o‘tkazish punktiga yetib kelguniga qadar dastlabki deklaratsiyalash orqali erkin muomalaga chiqarish bojxona rejimiga joylashtirishda:
a) bojxona rasmiylashtiruvi uchun bojxona yig‘imi miqdori 20 foizga pasaytiriladi;
b) bojxona to‘lovlarini bo‘lib-bo‘lib (kechiktirib) to‘lashda 14 kungacha foizlar hisoblamaslik amaliyoti joriy etiladi.
2026 yil 1 maydan boshlab tovarlarni davriy deklaratsiya orqali rasmiylashtirishda bojxona to‘lovlarini tovarlar respublika hududiga kirib kelganda har bir partiya uchun alohida to‘lash imkoniyati yaratiladi.
Quyidagilar bo‘yicha bojxona organlarining axborot tizimida xavf aniqlanmagan taqdirda, bojxona yuk deklaratsiyalari avtomatik rasmiylashtiruvdan o‘tkaziladi:
a) yirik soliq to‘lovchi tashkilotlar, davlat tashkilotlari hamda davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tashkilotlar tomonidan import qilinayotgan tashqi savdo yuklari;
b) tarif va notarif cheklovlar tatbiq etilmaydigan eksport qilinayotgan yuklar.
Tadbirkorlik sub’ektlarining barqarorlik reytingida yuqori va o‘rta darajalarini egallagan vakolatli iqtisodiy operatorlarga qo‘shimcha quyidagi imkoniyatlar taqdim etiladi:
a) bojxona to‘lovlari va soliqlarni qaytarish, o‘zaro hisobga olishda soddalashtirilgan tartibotlarni joriy etish;
b) tovarlarni qadoqlash, o‘rash, saralash va tozalash kabi qayta ishlash operatsiyalarida qayta ishlash uchun ruxsatnoma talab qilmaslik.
Chegara qo‘shinlari tomonidan shaxslarni pasport nazoratidan o‘tkazishda quyidagi asoslarga ko‘ra bojxona organlarini xabardor etish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi:
bojxona organlari axborot tizimida shaxsning bojxona nazoratidagi avtotransport vositasi mavjudligi to‘g‘risida ma’lumot bo‘lsa;
shaxs bojxona haqidagi qonun hujjatlarini buzganligi yoki buzish xavfi mavjud bo‘lsa;
b) quyidagilarni amalga oshirish orqali chegara o‘tkazish punktlarida bojxona organlarining faoliyati maqbullashtiriladi:
chegara o‘tkazish punktlaridagi bojxona nazorati tartib-taomillarini Chegara qo‘shinlariga o‘tkazish orqali;
chegara o‘tkazish punktlarida 2026 yil 31 dekabrga qadar sinov tariqasida avtotransport vositalarini ko‘zdan kechirish faqatgina Chegara qo‘shinlari tomonidan amalga oshiriladi.
O‘zA