Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
2026 yilgi soliq siyosatidagi o‘zgarishlar ko‘rib chiqildi
16:35 / 2025-12-05

Qonunchilik palatasining majlisida “Soliq va byudjet siyosatining 2026 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.

Qonun loyihasi bilan tadbirkorlarga mol-mulk, yer, daromad, ijtimoiy, aylanma, qo‘shilgan qiymat soliqlari bo‘yicha hisobotlarni soliq organlari tomonidan shakllantirish ko‘zda tutilmoqda. Shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida sayyor soliq tekshiruvi natijalari bo‘yicha moliyaviy sanksiyalarni 6 oyga bo‘lib to‘lash nazarda tutilmoqda. Kichik tadbirkorlik sub’ektlariga soliq hisobotlarini taqdim etmaganlik uchun jarima 3 barobarga kamaytirilmoqda.

Qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida deputatlar bergan takliflar asosida unga ayrim o‘zgartirishlar kiritildi. Xususan, soliq to‘lovchilar tomonidan bir nechta soliq hisobotlari o‘z vaqtida topshirilmaganda umumiy bitta jarima qo‘llanilishiga oid norma Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks talablariga moslashtirildi.  

Shuningdek, Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan namunaviy agrotexnik xarita ma’lumotlarini soliq organlariga elektron shaklda axborot tizimlari orqali taqdim etishga oid norma takomillashtirildi. Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahri xalq deputatlari Kengashlariga lazerli tekislanmagan sug‘oriladigan yerlarda foydalaniladigan suv hajmi bo‘yicha soliq stavkalarini oshirish vakolatini berish yuzasidan kiritilayotgan norma lazerli tekislash ishlari vaqt va xarajat talab qilishini hisobga olgan holda aniqliklar kiritildi.  

Muhokamalarda deputatlar tomonidan ko‘tarilgan savollarga tegishli javoblar qaytarildi. Qonun loyihasining qabul qilinishi tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlarni ishlab chiqarish, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish, aholining daromadlarini oshirish hamda hududlarda barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga xizmat qiladi.

Muhtarama Komilova, O‘zA