Ustuvor islohotlar dasturlari hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini 2026-yilda amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturi tasdiqlandi. Islohotlar dasturlari davlatimiz rahbarining xalqimiz va Oliy Majlisga Murojaatnomasida ilgari surilgan tashabbuslar va 2026-yil uchun eng ustuvor islohotlarni qamrab olgan.
Xususan, mahallalar infratuzilmasini takomillashtirish va ularga Yangi O‘zbekiston qiyofasini olib kirish, iqtisodiyotni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazish hamda ichki bozorda talabni rag‘batlantirish, kasblarni rivojlantirish va yangi mehnat bozori arxitekturasini yaratish, ekologik muvozanatni ta’minlash va suvdan oqilona foydalanishni tashkil etish, davlat boshqaruvi va sud-huquq tizimini takomillashtirish hamda jamiyatda birdamlikni ta’minlash orqali uni yuksaltirish asosiy yo‘nalishlar sifatida belgilab berildi.
Dastur bilan 337 ta banddan iborat amaliy chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanmoqda. 2026-yilda sohalar kesimida eng muhim 59 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi va eng muhim strategik islohotlarni nazarda tutuvchi 12 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqiladi.
Loyihalar keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazildi. 5 milliondan ortiq fuqaro internet orqali tanishdi, 22 mingdan ziyod taklif bildirildi. OTM va davlat idoralarida 50 dan ortiq muhokama tadbirlari o‘tkazilib, ularda 10 mingga yaqin talaba, professor-o‘qituvchilar va davlat xizmatchilari ishtirok etdi. Shu bilan birga, xorijdagi vatandoshlar bilan ham alohida muloqotlar tashkil etilib, qator qo‘shimcha tashabbuslar bildirildi. 1000 ga yaqin konstruktiv taklif Davlat dasturi loyihasiga kiritildi.
Ta’kidlash lozimki, islohotlar dasturlari va “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” Davlat dasturida belgilangan maqsad va vazifalar, barcha chora-tadbirlar yangi ish o‘rinlarini ko‘paytirish, daromadlarni oshirish, aholi farovonligi va yurt farovonligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova, O‘zA