Taraqqiyot strategiyasida 2026 yilga qadar o‘quv dastur va darsliklarni ilg‘or xorijiy tajriba asosida to‘la qayta ko‘rib chiqib amalda joriy etish, milliy o‘quv dasturiga asosan 699 nomdagi, shu jumladan 2022 yilda 296 nomdagi yangi darsliklar, mashq daftarlari, o‘qituvchi metodika kitoblari hamda mobil ilovalarni yaratish lozimligi belgilangan.
Milliy o‘quv dasturi bo‘yicha yangi metodikalarga o‘qituvchilarni o‘qitish maqsadida Elektron malaka oshirish platformasi uchun 2026 yilga qadar 769 ta video dars yaratish, umumta’lim maktablarida darslik va o‘quv metodik majmualarini tajriba sinovidan o‘tkazish masalalari o‘z ifodasini topgan.
Kelajagimiz egalarining ertasi, taqdiri bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan ushbu masalalar Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan “Milliy o‘quv dasturi joriy etilishining umumiy o‘rta ta’lim tizimida ta’lim sifatini oshirishdagi ahamiyati” mavzuidagi davra suhbatida atroflicha muhokama qilindi..
Tadbir ishtirokchilari bugungi kunda yangi darsliklarni yaratish, muhokamadan o‘tkazish, aniqlangan xato va kamchiliklarni bartaraf etish va amaliyotda duch kelinayotgan muammolar yechimini topish, muqobil darsliklar yaratish borasida o‘zaro fikr almashdi.
Milliy o‘quv dasturini amaliyotga to‘liq va sifatli joriy etish umummilliy harakatga bog‘liq. Mamlakatimizda umumta’lim maktablarini qurish, ularni moddiy-texnik bazalarini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritilar ekan, maktabda ta’limni tashkil etish, darsliklarni tayyorlash borasida xorijiy davlatlar tajribasidan foydalanish g‘oyat muhimligi qayd etildi.
Tadbir so‘nggida respublikamizning barcha hududlarida milliy o‘quv dasturini yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni soha mutaxassislari bilan keng muhokama qilish, bildirilgan takliflar asosida mutassaddi vazirlik va idoralar vakillari bilan hamkorlikda o‘rganishlar tashkil etishga kelishib olindi.
M.Komilova, O‘zA