Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
2026 yildan chiqindi xizmatlari uchun to‘lovlar faqat onlayn amalga oshiriladi
13:30 / 2025-11-04

2026 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekistonda chiqindi xizmatlari uchun to‘lovlarni uyma-uy yurib undirish amaliyoti to‘xtatiladi. Jismoniy va yuridik shaxslar ushbu to‘lovlarni faqat onlayn tarzda, barcha elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshiradi.

Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi xabariga ko‘ra, mazkur chora-tadbirlar aholiga qulay to‘lov tizimini yaratish, billing hisoblarini yuritishda shaffoflikni ta’minlash hamda korrupsion holatlarning oldini olish maqsadida amalga oshirilmoqda. Bu haqda Agentlik tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi barcha sanitar tozalash korxonalariga tegishli ko‘rsatmalar berilgan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasining 2025 yil 7 martdagi Qonuniga muvofiq, chiqindi xizmatlari uchun qarzdorlik mavjud bo‘lgan iste’molchilarga qisqa xabar (SMS) orqali bildirishnoma yuboriladi. Agar qarzdorlik bartaraf etilmasa, elektr energiyasi uchun to‘lovlarni qabul qilish vaqtincha cheklanadi.

Shuningdek, Prezidentning 2024 yil 4 yanvardagi va 2025 yil 24 martdagi tegishli farmonlariga binoan, chiqindilarni olib chiqish xizmati uchun to‘lovlarni qabul qilish va abonentlar hisobini yuritish faqat “Toza makon” billing tizimi hamda elektron to‘lov tizimlari orqali yo‘lga qo‘yiladi.

Internet aloqasi bilan ta’minlanmagan, hudud markazlaridan olis joylashgan aholi yashash punktlarida yashovchilar uchun istisno tariqasida to‘lovlar tijorat banklari kassalari yoki “O‘zbekiston pochtasi” AJ bo‘limlari orqali amalga oshiriladi.

Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 16 oktabrdagi qaroriga muvofiq, qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish bo‘yicha undirilgan to‘lovlar sanitar tozalash korxonalari, chiqindilarni qayta yuklash punktlari, chiqindi poligonlari, chiqindilarni yoqish zavodlari hamda ekosanoat zonalarida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik sub’ektlariga belgilangan tartibda taqsimlanadi. Bu jarayon maxsus nizom asosida amalga oshiriladi.

M.HOJIAKBAROVA,

O‘zA