Sanitar tozalash xizmatlari sifatini oshirish va to‘lov intizomini mustahkamlash maqsadida 2026 yil 1 yanvardan boshlab qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlari uchun haq to‘lashning yangi tartibi joriy etildi.
Mazkur tartibga ko‘ra, endilikda sanitar tozalash sohasida iste’molchilardan faqatgina ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lov hisoblanadi. Bu haqda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi ma’lum qildi.
Iste’molchilar (jismoniy va yuridik shaxslar) tomonidan qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmatlar uchun onlayn to‘lov tizimlari orqali amalga oshiriladi.
Onlayn to‘lov tizimi iste’molchilarga istalgan joyda va vaqtda to‘lovni amalga oshirish, bankka bormasdan vaqtni tejash, hisobni oson nazorat qilish hamda cheklarni onlayn yuklab olish imkonini beradi. Shuningdek, ushbu tizim xizmat ko‘rsatish jarayonida shaffoflikni ta’minlab, noqonuniy to‘lovlar va korrupsion holatlarning oldini olishga xizmat qiladi.
Qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmatlar uchun to‘lovlardan tushgan mablag‘lar bevosita Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligining maxsus hisob raqamiga yo‘naltiriladi.
Jamlangan mablag‘lar sanitar tozalash korxonalari, chiqindi poligonlari, chiqindilarni yoqish zavodlari va ekosanoat zonalarida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik sub’ektlariga hisobga olishning yagona tizimi orqali to‘lanadi. To‘lovlar chiqindilarni topshirish, qabul qilish, utilizatsiya qilish yoki qayta ishlash hajmidan kelib chiqib, belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Natijada mablag‘larning maqsadli sarflanishi, tizimda moliyaviy intizom va nazoratning kuchaytirilishi ta’minlanadi.
Qolaversa, har oy yakuni bilan xizmat ko‘rsatuvchi sanitar tozalash korxonalari faoliyatining asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlari baholab boriladi.
Baholash natijasida sanitar tozalash korxonalari “qizil”, “sariq” va “yashil” toifalarga ajratiladi. Mazkur toifalar sanitar tozalash korxonalari uchun haq to‘lashda inobatga olinadi. Ya’ni samaradorlik ko‘rsatkichi yuqori baholangan “yashil” toifadagi sanitar tozalash korxonalariga “qizil”, “sariq” toifadagilarga nisbatan ko‘proq haq to‘lanadi. Bu tartib sanitar tozalash korxonalarining KPI ko‘rsatgichlari asosida aniqlanadi.
Mazkur tartib sanitar tozalash sohasida ko‘rsatilgan xizmatga yarasha munosib haq to‘lanishini, xizmatlar sifatining oshirilishini, aholi roziligiga erishishni hamda sirkulyar iqtisodiyotning rivojlanishini ta’minlashga xizmat qiladi.
M.Hojiakbarova, O‘zA