O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Startaplarni qo‘llab-quvvatlashning kompleks ekotizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2026-yildan boshlab har yili startap loyihaga aylantirish salohiyati yuqori bo‘lgan g‘oyalarni aniqlash bo‘yicha "Eng innovatsion g‘oya" respublika tanlovi o‘tkaziladi. Bunda:
a) tanlov davlat oliy ta’lim tashkilotlarida o‘tkaziladi va g‘oliblarga oliy ta’lim tashkilotlarining byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan 100 million so‘m grant beriladi;
b) respublika bosqichi 10 ta yo‘nalish bo‘yicha o‘tkaziladi, mukofot jamg‘armasi Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan 10 milliard so‘m etib belgilanadi.
Eng yaxshi dollar (ideatonlar) va IT yechimlar (xakatonlar) tanlovlari g‘oliblariga quyidagilarni taqdim etishga ruxsat etiladi:
a) davlat venchur jamg‘armalari tomonidan - boshlang‘ich darajadagi startap loyihalarga inkubatsiya yoki akseleratsiya dasturlarida ishtirok etish sharti bilan 20 ming AQSH dollari ekvivalentigacha miqdorda mablag‘larni konvertatsiyalanadigan qarz sifatida;
b) raqamli texnologiyalar sohasidagi startap loyihalarga - "Raqamli startaplar" dasturi doirasida 10 ming AQSH dollari ekvivalentigacha mablag‘larni grant sifatida.
2027-yildan boshlab quyidagilarda laboratoriya va uskuna (ZO-printer), raqamli infratuzilma, ekspertlar, kovorking zonalari, yuridik xizmatlar, test poligonlari va moliyalashtirish instrumentlariga ega tadqiqot va ishlanma markazlari (R&D center) tashkil qilinadi:
a) Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan - bosqichma-bosqich yoshlar texnoparklarida va oliy ta’lim tashkilotlarida;
b) Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan - Nurafshon shahrida.
Qarorga ko‘ra, sinovdan o‘tkazish uchun saralab olingan yiliga 10 tagacha istiqbolli loyihalarga namunaviy model (MVP) yaratish xarajatlarining 50 foizigacha qismi, biroq, 50 ming AQSH dollaridan oshmagan miqdordagi mablag‘larni qoplab berish uchun quyidagilar hisobidan "R&D" vaucher taqdim etiladi:
a) Yoshlar texnoparklarida va oliy ta’lim tashkilotlarida - Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasi;
b) Raqamli texnologiyalar vazirligida - "Raqamli startaplar" dasturi doirasidagi mablag‘lar.
2026-yil 1-sentabrdan boshlab oliy ta’lim tashkilotlarida "Oliygohlar - startaplar generatori" dasturi amalga oshiriladi. Bunda:
a) oliy ta’lim tashkilotlarida IT-park va venchur jamg‘armalar bilan hamkorlikda talabalar akseleratorlari joriy etiladi;
b) talabalar uchun nufuzli xalqaro akseleratorlar va universitetlar bilan stajirovka va almashinuv dasturlari yo‘lga qo‘yiladi;
v) oliy ta’lim tashkilotlariga talabalar va ilmiy xodimlarning istiqbolli startap loyihalariga inkubatsiya markazlari va talabalar akseleratorlari orqali har bir loyihaga 20 ming AQSH dollarigacha ekvivalentda o‘z mablag‘larini investitsiya qilish huquqi beriladi;
g) talabalar akseleratorlarida "startap menejer" va "startap treker" lavozimlari ko‘zda tutiladi.
2026-yildan boshlab har yili yoshlarning eng yaxshi biznes va startap loyihalarini aniqlash va rag‘batlantirish bo‘yicha "Yosh tadbirkorlar" chempionati o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yiladi.
O‘zA