Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
2026-yilda "Yangi O‘zbekiston" va boshqa massivlarda ko‘p kvartirali uylar barpo qilish uchun jami 3,8 trillion so‘m miqdorida mablag‘lar yo‘naltiriladi
11:53 / 2026-03-10

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholini uy-joy bilan ta’minlash ishlarini jadallashtirish va ko‘p kvartirali uylar qurilishini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq:

a) ko‘p kvartirali uylar qurishda urbanizatsiya va kompleks qurilish tamoyillari asosida mavjud imkoniyatlar va resurslarni inobatga olgan holda, renovatsiya loyihalarini amalga oshirishga ustuvorlik beriladi; 

b) Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda "Yangi O‘zbekiston" massivlari uchun yangi hududlarni tanlab olishning qonunchilikda belgilangan mezonlariga mos keladigan, massiv shaklidagi renovatsiya va kompleks qurilish loyihalariga "Yangi O‘zbekiston" massivi maqomini berish orqali ularga nisbatan amaldagi tartib-taomillar va moliyalashtirish manbalari tatbiq etiladi; 

v) "Yangi O‘zbekiston" massivlarining yo‘l-transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmalari loyihalarini ishlab chiqishda qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari, energiya tejovchi uskunalar, muqobil issiqlik tizimlaridan keng foydalaniladi va "yashil" transport muhiti yaratiladi; 

g) ko‘p kvartirali uylar qurilishi uchun loyiha hujjatlarining arxitektura qismini kelishish jarayonida qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi organlari tomonidan aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli xulosada ko‘rsatilmagan yangi asoslar bo‘yicha aynan bir xil loyihalarni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi. 

2026-yilda "Yangi O‘zbekiston" va boshqa massivlarda ko‘p kvartirali uylarni barpo qilishda ishtirok etadigan qurilish tashkilotlarini aylanma mablag‘lar bilan ta’minlash uchun tijorat banklari tomonidan jami 3,8 trillion so‘m, shu jumladan, "Yangi O‘zbekiston" massivlari uchun Davlat byudjetidan 600 milliard so‘m miqdoridagi mablag‘lar yo‘naltiriladi. 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bir oy muddatda "Toshkent Invest kompaniyasi" AJ va "Samarqand Invest kompaniyasi" AJ tajribasi asosida aksiyadorlik jamiyati shaklida investitsiya kompaniyalari tashkil etadi. Bunda: 

a) Investitsiya kompaniyalari tadbirkorlik sub’ektlari va davlat organlari o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajaradi; 

b) Investitsiya kompaniyalari tegishli hududda Uy-joy dasturida nazarda tutilgan ko‘rsatkichlarga erishilishi, Manzilli ro‘yxatga kiritilgan barcha ko‘p kvartirali uylar o‘z vaqtida foydalanishga topshirilishi, shuningdek, ustuvor ravishda hududlarda kompleks qurilish loyihalari o‘z vaqtida va samarali amalga oshirilishi uchun mas’ul tashkilot sifatida faoliyat yuritadi; 

v) Investitsiya kompaniyalari tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda Milliy qo‘mitaga hisobdor bo‘ladi; 

g) Investitsiya kompaniyalari kuzatuv kengashi va ijro organi tarkibi Milliy qo‘mita bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi; 

d) Investitsiya kompaniyalarining kuzatuv kengashi tarkibiga majburiy ravishda kamida bir nafar a’zo Milliy qo‘mita yoki uning huzuridagi Jamoatchilik kengashi vakillari orasidan kiritiladi; 

j) Investitsiya kompaniyalari faoliyati ularning o‘z mablag‘lari, xo‘jalik faoliyatidan va shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatishdan oladigan daromadlari, ko‘p kvartirali uylar qurilishi uchun yer uchastkalari sotilishidan va infratuzilma to‘lovlaridan tushgan mablag‘larning bir qismi hisobidan ajratmalar hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladi.

O‘zA