Yangi yildan boshlab “Toshkent – Xiva” yo‘nalishida yuqori tezlikda harakatlanadigan poyezdlar qatnay boshlaydi. Natijada Xorazm viloyatida temir yo‘l orqali yo‘lovchi tashish imkoniyati 500 mingdan 3,3 million nafarga, yuk tashish esa 1 million tonnadan 6 million tonnaga yetadi.
Xabaringiz bor, 2024 yil iyunda Janubiy Koreyaning Hyundai Rotem va O‘zbekiston temir yo‘llari o‘rtasida yangi tezyurar poyezdlarni sotib olish va yetkazib berish to‘g‘risida shartnoma tuzilgan edi.

Shu kunlarda “Jaloliddin Manguberdi” deb nomlangan yuqori tezlikdagi poyezdlarning ilk partiyasi Janubiy Koreyadan O‘zbekistonga jo‘natilgan.
Janubiy Koreyaning Changvon shahrida O‘zbekiston uchun ishlab chiqarilgan Hyundai Rotem yuqori tezlikdagi poyezdlarning ilk partiyasi Masan portidan rasmiy ravishda yo‘lga chiqdi va tez kunlarda yurtimizga kirib keladi.

—Joriy yilda qiymati 325 million dollar bo‘lgan “Buxoro-Urganch-Xiva” temir yo‘lini elektrlashtirish loyihasi yakuniga yetkazildi, — deydi “Temiryo‘linfratuzilma” aksiyadorlik jamiyati "Qo‘ng‘irot mintaqaviy temir yo‘l uzeli" filialining Xorazm hududi bo‘yicha boshlig‘i Jahongir Yaqubov. — Aholimizning xavfsizligini ta’minlash maqsadida 959 kilometr masofada himoya to‘siqlari o‘rnatildi. Tezkor poyezd bekamu ko‘st harakatlanishi uchun liniyalar to‘liq ta’mirlandi.

Ta’kidlanishicha, Toshkentdan Xivaga 14 soat harakatlanadigan oddiy poyezddan farqli o‘laroq, yo‘nalishga yangi qo‘yiladigan «Jaloliddin Manguberdi» tezkor poyezdi manzilga 7 soat 40 daqiqada yetib boradi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari