French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
2026 yilda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilishga 3,3 trillion so‘m yo‘naltiriladi
15:37 / 2025-12-26

Dunyoda suv tanqisligi muammosi tobora dolzarb bo‘lib bormoqda. Shu bois, mamlakatimizda suvdan oqilona foydalanish davlat siyosati darajasiga olib chiqildi.

Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga va ko‘p millatli xalqimizga murojaatnomasida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish tadbirlariga 2026 yilda jami 3 trillion 300 milliard so‘m yo‘naltirilishini ta’kidladi.  

Davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari zamon talablariga moslab borilayotgani hamda suvni tejaydigan texnologiyalar joriy qilgan fermer va dehqonlar samarasini ko‘rayotgani natijasida jami 2,6 million gektar maydon suv tejovchi texnologiyalar bilan qamrab olindi, sug‘oriladigan maydonlarga nisbatan ulushi 60 foizga yetkazildi.

Jumladan, 664 ming gektarda tomchilatib, 121 ming gektarda yomg‘irlatib, 73 ming gektarda diskret va 123 ming gektarda boshqa turdagi sug‘orish texnologiyalari joriy qilindi hamda 1,6 million gektar yerlar lazer uskunasi yordamida tekislandi.

2025 yilning o‘zida jami 817,2 ming gektar (rejaga nisbatan 168 foiz) maydonlarda suv tejovchi texnologiyalar, jumladan, 103,2 ming gektarda tomchilatib sug‘orish, 30,7 ming gektarda yomg‘irlatib sug‘orish, 13,7 ming gektarda diskret sug‘orish texnologiyasi joriy qilindi hamda 74 ming gektar maydon egiluvchan quvurlar orqali va 49 ming gektar maydon egatga plyonka to‘shab sug‘orildi va 546 ming gektar maydonda lazerli tekislash ishlari amalga oshirildi. Natijada aynan suv tejovchi texnologiyalar hisobidan 2025 yilda 2,3 milliard metr kub suv iqtisod qilishga erishildi.  

Tahlillarga ko‘ra, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish suv resurslarini 45-50 foizga, yoqilg‘i moylash materiallari va mineral o‘g‘itlarni 25-35 foizga va boshqa mexanizatsiya xizmatlari xarajatlarini iqtisod qilish bilan birga hosildorlikni 15-20 foizgacha oshirmoqda. Misol uchun, Koson tumanidagi “Koson” va “Asl Najim”, Jizzax viloyati Zafarobod tumanidagi “Forish yullari” fermer xo‘jaliklari tomonidan paxtani tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish hisobiga gektariga o‘rtacha 80-85 sentner hosil olgan (avval ushbu maydonlardan 25-30 sentner hosil olingan).

Mirzaobod tumanidagi “Sirdaryo Jingo” MCHJ 1 000 gektar paxta maydonlarida 2025 yilda tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish hisobiga 3,25 million metr kub suvni tejash bilan birga yoqilg‘i moylash materiallari va mineral o‘g‘itlarni 25-35 foizga iqtisod qilishga erishib, gektariga o‘rtacha 55-60 sentner hosil olgan.

Su xo‘jaligi vazirligi axborot xizmati ma’lum qilganidek, 2026 yilda 503 ming gektar sug‘oriladigan yer maydonlarida, shundan 75,4 ming gektar tomchilatib, 34,6 ming gektar yomg‘irlatib va 28,9 ming gektar maydonda diskret, shuningdek, 164,1 ming gektar maydonda boshqa sug‘orish texnologiyalari joriy qilinadi. Bundan tashqari, 200 ming gektar qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarida lazerli tekislash ishlari amalga oshiriladi.

N.Ziyodullayeva, O‘zA