Kelasi yillarda aholi real daromadlarini ko‘tarish uchun davlat xodimlarining ish haqi, pensiya va nafaqalarini yillik inflyatsiyadan yuqori oshirib borish reja qilingan. Prognozlarga qaraganda, 2026 yilda O‘zbekistonda inflyatsiya darajasi 7 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2026 yil uchun davlat byudjetiga doir qonun loyihasini e’lon qildi. Hujjatda qator iqtisodiy ko‘rsatkichlar o‘rin olgan.
Qonun loyihasida kelasi yili davlat xodimlari ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalar miqdorini oshirishga byudjetdan 6 trillion so‘m ajratilishi belgilangan. Bunga ayrim xizmat turlari narxi ko‘tarilishi va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilishi xarajatlari ham kiradi.
Vazirlik mamlakatda davlat xodimlari ish haqi 1 foiz oshirilsa, byudjetdan qo‘shimcha 1 trillion 697 milliard so‘m ajratilishi kerakligini bildirdi. Pensiya 1 foiz ko‘tarilsa, ortiqcha 832 milliard so‘m xarajat qilinishi zarur.
Byudjet xarajatlarining katta qismini ish haqiga to‘lovlar tashkil etadi. Masalan, 2026 yilda ish haqi va ijtimoiy soliq xarajatlari uchun davlat 172,8 trillion so‘m ajratishi kutilmoqda. Bu 2025 yilgi tasdiqlangan rejaga nisbatan 18,5 trillion so‘mga ko‘p. Kelasi yilda oyliklarga to‘lovlar davlat byudjeti xarajatlarining 42,9 foizini tashkil etishi kutilyapti. Mazkur chiqimlar yalpi ichki mahsulotga nisbatan 8,7 foizni tashkil etishi prognoz qilinmoqda. Shu bilan birga, 2026 yilda stipendiyalarga 2,2 trillion so‘m to‘lanadi. Pensiya to‘lovlariga 86,1 trillion so‘m, nafaqalarga 14 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilishi kutilmoqda.
Bundan oldin e’lon qilingan Fiskal strategiyada O‘zbekistonda 2026 yilda davlat xodimlari ish haqi, pensiya va nafaqalari miqdori kamida 6-7 foizga oshirilishi belgilangan edi. Shu bilan birga, kelasi yilda davlat idoralari byudjetdan qancha pul olishi ma’lum qilingan.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA