Navoiy viloyati hokimligida tuman va shahar hokimliklari, korxona, tashkilot va boshqarmalar axborot xizmati rahbarlari, jurnalist va blogerlar ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi.
Unda ommaviy axborot vositalari vakillari, soha xodimlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2026-yilda Navoiy viloyatini barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyatini aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilish borasida o‘zaro fikr almashildi.
Dastlab hokimlik vakillari qarorda belgilangan ustuvor vazifalar haqida ma’lumot berdi.
Qarorda yalpi hududiy mahsulot hajmi yillik o‘rtacha 7,9 foizga, sanoat 7,8 foizga, bozor xizmatlari 15,6 foizga, qishloq xo‘jaligi 5,7 foizga o‘sishini ta’minlash, viloyatni kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirish hamda aholi daromadlari barqaror o‘sishini ta’minlash, 4,5 ming nafar aholini mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitish belgilangan.
– 2026-yilda viloyatda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi daromadlarini ko‘paytirish va kambag‘allikni qisqartirish, shuningdek, loyihaviy yondashuv asosida hududlar ixtisoslashuvini yanada chuqurlashtirish ustuvor vazifa etib belgilandi, – deydi viloyat hokimligi kotibiyat mudiri Jahongir Umarov. – Xususan, “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi mahalla” maqomiga ega 8 ta qishloq tumanida tanlab olingan 16 ta mahallada zamonaviy shahar muhiti va munosib yashash sharoitlari yaratiladi. Shuningdek, og‘ir toifaga kiritilgan Konimex va Navbahor tumanlari, kambag‘allik darajasi yuqori bo‘lgan yana 12 ta mahallada aholi farovonligini oshirish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan kompleks infratuzilmaviy hamda ijtimoiy-iqtisodiy chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Viloyatdagi 40 ta mahallani ixtisoslashtirish doirasida 60 ta tik quduq qazish, transformatorlar o‘rnatish, elektr tarmoqlarini tortish va sug‘orish tizimlarini betonlashtirish ishlari bajarilishi rejalashtirilgan.
[gallery-27728]
2026-2027-yillarda Navoiy viloyatida tuyachilik va yilqichilik tarmog‘ini rivojlantirish maqsadida xorijiy davlatlardan sut va go‘sht yo‘nalishidagi zotli tuya va otlar olib kelinadi. Grant mablag‘larini jalb etgan holda aholi va chorvachilik xo‘jaliklaridagi mavjud mayda shoxli mollar to‘liq identifikatsiya qilinadi.
Matbuot anjumanida ijtimoiy sohalarda ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilishi rejalashtirilgani ta’kidlandi. Jumladan, “Bir maktab – bir IT sinf” tamoyili asosida Navoiy va Zarafshon shaharlarida sinov tariqasida umumta’lim maktablarida IT sinflari tashkil etiladi. “Kasbiy ta’lim tizimini takomillashtirish” loyihasi asosida Qiziltepa tumanidagi 2-son texnikumda Germaniya, Zarafshon shahridagi 1-son texnikumda esa Xitoy tajribasi asosida zamonaviy dasturlar va texnologiyalarni joriy etgan holda dual ta’lim yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, qarorga ko‘ra, viloyatdagi tuman va shaharlar milliylik bilan uyg‘unlashgan holda zamonaviy qiyofaga keltiriladi. Xorijiy sayyohlar sonini oshirish maqsadida joylarda turizm qishloqlari va turistik ob’ektlarda bir qator ishlar amalga oshirilsa, yashil hududlarni ko‘paytirish, ekologik holatni yaxshilash, suv zaxiralaridan unumli foydalanishga ham alohida e’tibor qaratiladi.
Matbuot anjumanidan so‘ng press tur tashkil etildi.
Ishtirokchilar Navoiy shahridagi “Yoshlik” ko‘li atrofida amalga oshirilayotgan yangilanishlar bilan yaqindan tanishdi. Ushbu ko‘l 1972-yilda tashkil etilgan bo‘lib, 24 gektar maydonni egallagan. Ko‘lning suvi oxirgi marta 2008-yilda to‘liq almashtirilgan.
– Hozirda Alisher Navoiy nomidagi markaziy madaniyat va istirohat bog‘i, “Yoshlik” ko‘li va ular atrofida eskirgan va samarali foydalanmay kelayotgan ob’ektlar joylashgan hududni yagona majmua sifatida rekonstruksiya qilish orqali ko‘ngilochar istirohat bog‘iga aylantirish ishlari amalga oshirilmoqda, – deydi viloyat qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘i Alisher Turdiyev. – Loyihaga ko‘ra, ko‘l atrofida ikkita – plyaj va xizmat ko‘rsatish zonalari paydo bo‘ladi. Atrof obodonlashtiriladi va zamonaviy qiyofaga keltiriladi. Kelgusida hududda bir vaqtning o‘zida 1,5 ming aholiga mo‘ljallangan 8 ming kvadrat metrlik tabiiy plyaj, yoshlar va kattalar uchun zamonaviy akvapark, 300 dan oshiq xizmat va servis ob’ektlari tashkil etiladi. 2000 ga yaqin ish o‘rni yaratilib, byudjetga yillik o‘rtacha 40,5 milliard so‘m tushum bo‘ladi.
Press tur ishtirokchilari Karmana tumanida bo‘lib, qarorga ko‘ra rejalashtirilgan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.
Ta’kidlanganidek, viloyatning tuman va shaharlarini milliylik bilan uyg‘unlashgan zamonaviy qiyofaga keltirish ishlari 2300-yillik tarixga ega bo‘lgan qadim Karmanadan boshlanadi.
– Prezidentimizning PQ-58-sonli qarorida Karmana tumanida amalga oshirilishi belgilangan qator vazifalar mavjud bo‘lib, ular asosida ishlar boshlab yuborilgan, – deydi tuman hokimi Shohruh Boltayev. – Olmazor tumani misolida hududlardagi “eski shaharlar”ning shaharsozlik qiyofasini milliy yondashuv asosida tartibga keltirish bo‘yicha bosh reja asosida Karmana markaziy ko‘chasi va 3 ta ichki ko‘cha qiyofasi etnik uslubda rekonstruksiya qilinadi va yo‘l infratuzilmasi yaxshilanadi. Qosim shayx xonaqohi va Mirsaid Bahrom tarixiy ziyoratgohlari restavratsiya qilingan holda o‘zaro bog‘lanadi. “Yangi avlod” istirohat bog‘i va “Karmana dehqon bozori” bilan uyg‘unlashtirgan holda “Qadimiy Karmana” turistik markazi tashkil qilinadi.
Shuningdek, qarorda tadbirkorlarga yanada qulay shart-sharoitlar yaratilib, aholi daromadlarini oshirish va turmush darajasini yanada yaxshilashga qaratilgan vazifalar belgilangan. Qaror talablaridan kelib chiqqan holda tumanda qishloq xo‘jaligi, yo‘l infratuzilmasi, ijtimoiy sohalarda ham bir qator ishlar amalga oshiriladi.
Press tur davomida OAV vakillari o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga atroflicha javob oldi
A. Bo‘riyev, S. Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari