Jahon hamjamiyati Rossiya-Ukraina ziddiyati, G‘azodagi xunrezliklarni to‘xtatish yo‘llarini qidirayotgan bir paytda, sayyoramizda yana yangi keskinlik o‘choqlari paydo bo‘layotganga o‘xshaydi. To‘g‘ri, ekspertlar oxirzamon keldi, demayapti, lekin xavotirlar kuchayib borayotganiga misollar bilan javob berishga harakat qilishmoqda.
Uzoqa bormaylik, 2025 yilda Osiyo mintaqasining o‘zida bir nechta keskinlik o‘choqlari: qurolli to‘qnashuvlar, chegara bo‘yicha nizolar bo‘lganini ko‘rdik. Masalan, Afg‘oniston chegaralarida hamon beqarorlik kuzatilmoqda. Mamlakatning Tojikiston bilan chegaradosh hududida qurbonlarga sabab bo‘lgan qurolli to‘qnashuvlar yuz berdi.
Yana bir keskinlik Afg‘oniston-Pokiston chegaralarida kuzatilmoqda. Ikki qo‘shni davlat rasmiylari o‘t ochishni to‘xtatish, mavjud muammolarni tinch muzokaralar yo‘li bilan bartaraf qilish uchun bir necha bor uchrashuv o‘tkazdi. Shunga qaramay, qurolli to‘qnashuvlar bot-bot takrorlanmoqda. Muammolarning hal etilmaganligi, o‘zaro ayblovlar 2026 yil ham Kobul va Islomobod munosabatlarida keskinlik saqlanib qolishidan darak bermoqda.
Ma’lumki, joriy yilda Pokiston bilan Hindiston o‘rtasida ham qurolli to‘qnashuvlar sodir bo‘ldi. Agar ikki davlat mustaqillikka erishganidan buyon bir necha bor jang maydonida to‘qnash kelgani hisobga olinsa, bu yilgi qurolli ziddiyatlar so‘nggisi emasligiga shubha qilmasa ham bo‘ladi.
Yana bir nizo o‘chog‘i Myanma bilan Tayland chegarasida paydo bo‘ldi. Raketalar, uchoqlar, zerhli texnikalar qo‘llanilgan janglar chegara hudidan millionga yaqin odamlarni xavfsiz hududlarga qo‘chirishga majbur qildi. Garchi, tomonlar shu kungacha ikki marta o‘t ochishni to‘xtatishga erishgan bo‘lsada, muammoning tub ildizlari hali bartaraf etilmagan. Shu bois, kelgusi yil bu mamlakatlar uchun sinov yili bo‘lishini ko‘pchilik tahlilchilar taxmin qilmoqda.
Qit’amizda yana bir ziddiyat Xitoy bilan Tayvan oroli o‘rtasida kechmoqda. Chin mamlakati orolni o‘zining ajralmas qismi deb hisoblaydi. Buni dunyoning deyarli barcha davlati tan olgan. G‘arb mamlakatlari esa, ayniqsa, AQSH orolga vaqti-vaqti bilan qurol-aslaha yetkazib turibdi. O‘z navbatida rasmiy Pekin Oq uyning bunday harakatini bevosita XXRning ichki ishiga aralashish, deb baholamoqda.
Yaqinda Yaponiya bosh vaziri ham Tayvan oroli atrofida keskinlikning kuchayishi kunchiqar yurt manfaatlariga ziyon keltirishi haqida bayonot berdi va Tokio Taypeyni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi. Bu esa Yaponiya bilan Xitoy munosabatlarida sovuqchilikni yanada oshirdi. Qolaversa, yaponlar kelgusi yil uchun mudofaa xarajatlarini keskin ko‘paytirgani ma’lum qilingandan keyin ushbu sovuqchilik chinakamiga kun tartibiga chiqdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Tahlillarga ko‘ra, Koreya yarim oroli atrofida ham keskinlik saqlanib qolmoqda. Yaqinda Janubiy Koreya razvedkasi Shimoliy Koreyaning yadroviy sinovga tayyorgarlik ko‘rayotganidan dalolat beruvchi belgilarni aniqlaganini e’lon qildi. KXDRdagi Pyuyengge-ri yadroviy sinov poligonida ilgari yopilgan to‘rtta yer osti yadroviy sinov tunnellaridan birini tiklash ishlari olib borilmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Shimoliy Koreya kelasi yilning 25 aprel kuni Koreya Xalq inqilobiy armiyasining tashkil etilgan kunida taktik yadroviy qurolni sinovdan o‘tkazishi mumkin.
Yana bir keskinlik o‘chog‘i Lotin Amerikasida, to‘g‘rirog‘i Venesuela atrofida paydo bo‘lgan. Kuzatuvchilar agar prezident Nikolas Maduro tahdidlardan qo‘rqmasa, biz tez orada Karib dengizida Amerika qanotli raketalari uchirilishi haqidagi yangiliklarni eshitamiz, demoqda.
Global miqyosda AQSH 2026 yilda ikki muhim masalani hal qilishda davom etadi: birinchisi, G‘arbiy yarim sharni “to‘liq o‘ziniki” qilish. Venesuelaga hujum, Grenlandiyaga da’volar va hatto Kanada bilan janjallar ham shu sababdan. Shuningdek, Qo‘shma Shtatlarning birinchi raqamli raqibi bo‘lgan Xitoy bilan Hind-Tinch okeani mintaqasida geosiyosiy jang kechmoqda. AQSHning strategik maqsadlaridan biri – RF va XXRni ajratishdir, deydi ekspertlar.
– Dunyo notinch bo‘lgan bir paytda, Xitoy hech kim bilan urushmayapti, hech kimni yarashtirmayapti yoki dushmanlik qilmayapti va hatto keng ko‘lamli siyosiy bayonotlardan qochmayapti, ammo asta-sekin sayyoradagi yetakchi kuchga aylanib bormoqda, - deydi Moskva davlat universitetining Osiyo va Afrika tadqiqotlari instituti direktori Aleksey Maslov.
Ukraina masalasida Yevropa Ittifoqi bir santimetr ham chekinish niyatida emas. Tramp nima qilmasin, Yevropaning Rossiya bilan mojaroni tugatishga qaratilgan strategik yo‘nalishi nafaqat 2026 yilda saqlanib qoladi, balki mustahkamlanadi.
Afsuski, global tartibsizliklarning asosiy manbai hali ham Yaqin Sharq bo‘lib qolmoqda. U yerdagi vaziyat yana bir bor ko‘plab davlatlar manfaatlariga ta’sir qiladigan bir nechta yirik inqirozlarga zamin yaratmoqda.
– 2026 yilda Isroil va Eron o‘rtasida ziddiyat yanada kuchayadi, - deydi Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo tadqiqotlari markazi direktori Semyon Bagdasarov.
Isroil Eron yadroviy inshootlari, raketa zavodlari va harbiy infratuzilmasiga yangi zarbalarini berishi mumkin va Vashington yana ittifoqchisiga bu borada yordam berishi ehtimoli yuqori.
Trampning G‘azo sektori uchun taklif qilgan tinchlik rejasi ish beradimi? Bunga ham aniq javob yo‘q. Chunki Hamas vaqtincha jim turishi mumkin, lekin qurolsizlanmaydi, chunki bu harakatning to‘liq qulashini anglatadi. Shunday ekan, G‘azoda bombalar portlashda davom etishi, isroilliklar gumanitar yo‘laklarni yopishi va asta-sekin Falastin yerlarini o‘zlashtirishda davom etishi ehtimoli saqlanib qolmoqda.
Suriyada ham vaziyat uzil-kesil hal bo‘lganicha yo‘q. Yangi hukumat xanuz mamlakatni to‘liq nazoratiga ololmayapti. Qolaversa, u yerda Turkiya va Isroil manfaatlari to‘qnash kelmoqda. Ko‘rinib turibdiki, o‘lkada yana bir fuqarolar nizosi ehtimoli juda yuqoriligicha qolmoqda.
Yamanlik husiylar haqida so‘nggi paytlarda hech qanday yangilik bo‘lmayapti. Ular endi G‘arb kemalariga hujum qilmaslikka, balki shunchaki ulardan erkin o‘tish uchun pul undirishga qaror qilishgan ko‘rinadi.
Ukraina 2026 yilda ham tashqi qarorlarga chuqur bog‘liq bo‘lib qoladi. Byudjetning yarmigacha G‘arbning ko‘magi bilan shakllantiriladi va mudofaa qobiliyatining asosiy elementlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri Vashington va uning ittifoqchilari qarorlariga bog‘liq bo‘ladi, deb hisoblaydi ekspertlar.
2026 yilga kelib frontdagi vaziyat tobora ko‘proq qat’iy mojaro elementlari bilan uzoq davom etgan qarama-qarshilik sifatida tavsiflanmoqda. Kelayotgan yilda agar G‘arbning Ukrainaga harbiy va moliyaviy yordami saqlanib qolsa, mojaro uzoq davom etishi mumkin. Agar yordam kamaytirilsa, ssenariy o‘zgaradi. Chunki tashqi moliyalashtirish va qurol-yarog‘siz Ukraina hozirgi mavqeini uzoq vaqt saqlab qololmaydi.
“Bloomberg Economics” yozishicha, kelasi yil uchun eng yuqori xavf Efiopiya, Markaziy Afrika Respublikasi (MAR), Angola, Gvatemala, Kongo Respublikasi va Malayziyada saqlanib qolmoqda. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yil yanvar oyidan buyon aynan shu olti mamlakat 157 davlat orasida tartibsizliklar xavfining eng tez o‘sishini qayd etgan.
2026 yil rekord darajadagi eng issiq yillardan biri bo‘lish uchun barcha imkoniyatlarga ega, deydi iqlimshunoslar. O‘rtacha haroratning oshishi ekstremal hodisalarning ketma-ketligida bevosita aks etadi. Issiqlik to‘lqinlari uzayib bormoqda, qurg‘oqchilik yanada vayronkor tus olmoqda. O‘rmon yong‘inlari yangi mintaqalarga tarqalmoqda va toshqinlar yirik shaharlar va transport markazlariga tobora ko‘proq ta’sir ko‘rsatmoqda. Xullas, ob-havo xavflari endi mavsumiy emas, doimiy tahdidga aylanmoqda.
Aksariyat mutaxassislar 2026 yilni tarkibiy qayta qurish davriga qiyoslamoqda. Darhaqiqat, iqtisodiyot ishlashda davom etmoqda, ammo boshqa qoidalar ostida - murakkabroq, oldindan aytib bo‘lmaydigan va doimiy moslashishni talab qilmoqda.
Saidmurod Rahimov, O‘zA sharhlovchisi