Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
2026 yil yakuniga qadar jinoyatchilik 17,6 % ga kamayishi kutilmoqda (+video)
09:30 / 2025-07-25

Jinoyatchilik – zamon bilan birga o‘sayotgan murakkab muammo. Yangi tahdidlar, kiberfiribgarliklar, voyaga yetmaganlar jinoyatchiligi…

Kriminologiya tadqiqot institutida bo‘lib o‘tgan press-turda jurnalistlar ilmiy tadqiqotlar orqali jinoyatchilikning asl ildizlarini ochib berishga xizmat qilayotgan mutaxassislar bilan yuzma-yuz bo‘lishdi. 

Ochiq muloqot davomida real faktlar va kelajak prognozlari ham bayon qilindi.

Unga ko‘ra, 2025 yil va 2026 yil yakuniga qadar jinoyat kodeksining maxsus qismida mavjud bo‘lgan 53 ta jinoyat turi bo‘yicha o‘sish, 191 ta jinoyat turi bo‘yicha pasayish, 46 ta jinoyat turlari esa umuman qayd etilmasligi kutilmoqda.  Hududiy kesimda esa ayrim viloyatlarda bir qator jinoyatlarning o‘sishi kutilmoqda va ular orasida Samarqand viloyati, Namangan, Sirdaryo, Buxoro, Andijon viloyati va Qoraqalpog‘iston respublikasi yetakchilik qilishi mumkin.  Shu bilan birga, umumiy respublika bo‘yicha jinoyatchilikning 17,6 foizga kamayishi kutilmoqda. 

Bu yuzasidan Kriminologiya tadqiqot institutida “Jinoyatchilikni ilmiy tadqiq qilishning dolzarb masalalari”ga bag‘ishlab o‘tkazilgan press-turda ma’lum qilindi.

Jinoyatchilikning zamonaviy ko‘rinishlarini chuqurroq yoritish va ilmiy tahlillarni keng ommaga yetkazish maqsadida o‘tkazilgan mazkur tadbirda OAV vakillari, blogerlar, nodavlat notijorat tashkilotlari, jamoatchilik faollari hamda eskpertlar ishtirok etdilar. 

Dastlab, institut rahbari, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori, polkovnik Baxtiyor  Berdialiyev institut faoliyati va uning vazifalari borasida to‘xtalib o‘tdi. 

Mehmonlarga institutning asosiy vazifalari, ilmiy-amaliy tadqiqot loyihalari, xalqaro reytinglar bilan ishlashdagi yondashuvlar tushuntirildi. Ta’kidlanishicha, Germaniya, Turkiya, Janubiy Koreya, Rossiya va boshqa davlatlardagi kriminologiya markazlari bilan 15 ga yaqin hamkorlik loyihalari davom ettirilib, ayniqsa, kiberjinoyatchilik, voyaga yetmaganlar jinoyatchiligi va reabilitatsiya dasturlari bo‘yicha ilg‘or tajribalar ham o‘rganilmoqda. 

Shu bilan birgalikda, kriminologik monitoring bo‘limida jinoyatchilik bo‘yicha statistik tahlillar, so‘rovnomalar va ilmiy prognozlar namoyish qilindi. Kriminogen hududlarni aniqlash va jinoyat omillarini chuqur o‘rganishdagi innovatsion yondashuvlar ishtirokchilar e’tiborini tortdi. 

Jurnalistlar shuningdek, institutning ilmiy-ishlab chiqarish laboratoriyasi faoliyati bilan ham yaqindan tanishdilar. 

Qayd etilishicha, Prezident farmoniga muvofiq tashkil etilgan ushbu bo‘lim kriminologik faoliyatni ilmiy asosda qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan bo‘lib, laboratoriya olimlar uchun ilmiy-tadqiqot ishlari o‘tkazish, yangi texnik vositalarni yaratish va sinovdan o‘tkazish uchun barcha zarur sharoitlar bilan jihozlangan. 

Shu asosida bugungi kunda laboratoriyada 30 ga yaqin tayyor texnik yechimlar ishlab chiqilgan va yana 9 ta yangi loyiha ustida ishlar davom etmoqda. 

Ular orasidan  jurnalistlar “Pichoqka qarshi himoya qalqoni” (hujumni aniqlab, zarbani bartaraf etuvchi moslama), “Robot IIB xodimi” (xavfli vaziyatlarda jinoyatchilarni avtomatik ushlab qolish imkoniga ega mobil platforma), “Tinchlantiruvchi soat” (qo‘pol xatti-harakatni aniqlab, vaziyatni barqarorlashtirishga mo‘ljallangan qurilma), “Yolg‘onni aniqlovchi tizim” (tana reaksiyalariga asoslanib yolg‘onni aniqlashga yordam beruvchi innovatsiya) hamda “Anti-halokat” (transport vositalarida yo‘lovchilarni xavf-xatar haqida ogohlantiruvchi moslama) qurilmalari bilan tanishtirildilar. 

Laboratoriya ishlanmalarining bir qismi allaqachon respublikaning 14 ta hududida ichki ishlar organlari va probatsiya xizmatlarida amaliyotga joriy etilgan. 

Keyingi bosqichda OAV vakillarini zamonaviy jinoyatlar va ilmiy prognozlar bilan tanishtirish maqsadida matbuot anjumuni ham tashkil etildi. 

Unda institut rahbari, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori — B.Berdialiyev jinoyatchilikning hozirgi tendensiyalari, sabab-oqibatlari va xavf omillari bo‘yicha ilmiy asoslangan tahliliy ma’lumotlarni taqdim etdi. Shu bilan birgalikda, muloqot davomida kiberjinoyatlar, firibgarlik va o‘g‘rilik jinoyatlari, xavfli hududlarning “mahallabay” nazorat tizimi orqali kuzatib borilayotgani, voyaga yetmaganlar jinoyatchiligi va unga sabab bo‘layotgan omillar hamda transmilliy jinoyatlarning O‘zbekiston hududiga kirib kelishini oldini olish bo‘yicha ilmiy tavsiyalar muhokama qilindi. 

Institut rahbari Baxtiyor Berdialiyevning ta’kidlashicha, ilmiy prognozlar 2025–2026 yillarda ayrim jinoyat turlarida o‘sish, ayrimlarida esa kamayishini ko‘rsatmoqda. 

Xususan, 2025 yil oxiriga qadar 15 turdagi jinoyatlar ko‘payishi mumkin. Shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning faoliyati natijasida aniqlanishi kutilayotgan 40 turdagi jinoyatlar bo‘yicha ham o‘sish prognoz qilinmoqda. Bular qatoriga narkotik moddalar bilan bog‘liq jinoyatlar, pora olish, tovlamachilik va boshqa huquqbuzarliklar kiradi. Shu bilan birgalikda, kriminologik tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, Jinoyat kodeksining maxsus qismida mavjud 290 ta jinoyat turidan 53 ta jinoyat turi bo‘yicha o‘sish, 191 ta jinoyat turi bo‘yicha pasayish, 46 ta jinoyat turlari esa umuman qayd etilmasligi ehtimoli mavjud. Hududiy kesimda esa ayrim viloyatlarda bir qator jinoyatlarning o‘sishi tadqiq etilgan. Ular oarsida Samarqand viloyati, Namangan, Sirdaryo, Buxoro, Andijon viloyati va Qoraqalpog‘iston respublikasi yetakchilik qilishi mumkin. Shu bilan birga, umumiy respublika bo‘yicha jinoyatchilikning 17,6 foizga kamayishi kutilmoqda.

Ushbu ijobiy prognoz birinchi navbatda Prezident qarorlarining ijrosini ta’minlash, hukumatning siyosiy irodasi va tegishli organlarning mas’uliyat bilan ishlashi, shuningdek, nazoratning kuchaytirilgani bilan bog‘liqligi ta’kidlandi. Tadqiqotlar davomida yuzaga kelgan prognozlar hamda sodir etilishi mumkinligi kutilayotgan jinoyatlarning oldini olish bo‘yicha esa zarur choralar ishlab chiqilayotgani va amalga oshirilishi aytildi. 

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/ahSMpkUf0xs" title="Jinoyatchilik 17,6 % ga kamayishi kutilmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

M.Eshmirzayeva, A.Sodiqov, U.To‘xtayev, O‘zA