Kirib kelayotgan 2026 yil arafasida Davlatimiz Rahbarining O‘zbekiston xalqi va Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasi mamlakatimiz hayotida muhim dasturilamal ahamiyatga ega bo‘lgan, keng jamoatchilik, ayniqsa xotin-qizlar va yoshlar uchun katta ruhiy-ma’naviy kuch bag‘ishlagan hujjat sifatida qabul qilindi.
Mazkur Murojaatnomada yurtimiz taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlari bilan bir qatorda, mahallaning jamiyatdagi o‘rnini yanada mustahkamlash, oilalar bilan ishlash, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgani biz – jamoat tashkilotlari uchun muhim yo‘l xaritasi bo‘lib xizmat qiladi.
Ayniqsa, mahallaga kirib borish, oilalardagi xotin-qizlarning turmush tarzini o‘rganish, tibbiy savodxonlik va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, farzand tarbiyasi bilan band bo‘lgan uy bekalarini oilaviy biznes va kasanachilikka jalb etish orqali yangi ish o‘rinlari yaratish masalalari yurtimizda barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni ta’minlashga xizmat qiladi.
O‘zbekiston ayollari va qizlari uyushmasi sifatida biz Murojaatnomada belgilangan vazifalardan kelib chiqib, respublikamizning barcha hududlarida, ayniqsa chekka va qishloq hududlarida istiqomat qiluvchi xotin-qizlar bilan tizimli ish olib borish, ularning turmush sharoiti va ehtiyojlarini o‘rganish, milliy hunarmandchilik, kasanachilik va oilaviy tadbirkorlikka yo‘naltirish orqali ularning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlashni o‘z oldimizga ustuvor maqsad qilib qo‘yganmiz.
Shuningdek, joriy yilda Mahalla uyushmasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarimiz doirasida ekologik yo‘nalishdagi tashabbuslarni ham kengaytirish, aholi, ayniqsa xotin-qizlar o‘rtasida ekologik madaniyatni oshirish, atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan amaliy loyihalarni hayotga tatbiq etishni rejalashtirmoqdamiz.
Ishonch bilan ayta olamizki, Davlatimiz Rahbari tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifalar asosida jamoat tashkilotlari, mahalla tizimi va fuqarolik jamiyati institutlari hamjihatlikda ish olib borsa, mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotida, xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rnini yanada mustahkamlashda salmoqli natijalarga erishiladi.
Miradilova Nasiba,
O‘zbekiston ayollari va qizlari uyushmasi raisi