Joriy yilda viloyatning turizm salohiyatini, jumladan, ziyorat turizmini rivojlantirishga bag‘ishlangan taqdimotda bu fikr alohida qayd etildi.
Viloyat hokimi A.Boboyev turizm boshqarmasi mas’ullarining bu haqdagi taqdimoti bilan tanishar ekan Samarqandda turizm mavsumiy emas, doimiy faoliyat bo‘lishi, yil davomida mahalliy va xorijlik sayyohlar kelishi uchun alohida turizm yo‘nalishlari va dasturlarini tayyorlash zarurligini ta’kidladi.

– Samarqand deyilganda har qanday sayyoh ko‘z oldiga avvalo, qadimiy yodgorliklar va tarixiy obidalar, muqaddas qadamjolar keladi, bu haqiqat, – dedi A.Boboyev. – Bundan g‘ururlanamiz, albatta. Lekin turistlar faqat shu tarixiy obidalarni ko‘rish uchun keladigan bo‘lsa, bunga ularning ko‘p vaqti ketmaydi, ya’ni Samarqandda uzoq vaqt qolmaydi. Biz esa iqtisodiyotda turizm sohasining ulushini oshirmoqchi, yangi ish o‘rinlari va xalqimiz uchun doimiy daromad manbai yaratmoqchi bo‘lsak, viloyatimizning mavjud turistik imkoniyatlaridan unumli foydalanishimiz lozim. Axir sayyohlarni viloyatimizning istalgan hududiga olib borib, hech bo‘lmaganda, go‘zal tabiat manzaralari, tog‘lar, qir-adirlarlarni, xalqimizning o‘ziga xos turmush tarzini, an’ana va qadriyatlarimizni ko‘rsatish mumkin. Buning uchun faqat toza-ozoda, sifatli turizm xizmatlari ko‘rsatish kifoya. Infratuzilma yaratib berishni biz o‘z zimmamizga olamiz.

Ana shunday e’tibor va imkoniyatlar tufayli o‘tgan yil viloyatda 20 dan ortiq yangi turizm yo‘nalishlari tashkil etildi. Ziyorat turizmi ob’ektlari soni oshdi. Shuningdek, 50 dan ortiq gastronomik turizm nuqtalari, 30 ga yaqin ekoturizm maskanlari, 20 dan ko‘proq tibbiy turizm muassasalari, qolaversa. etnoturizm, agroturizm ob’ektlari tashkil etildi.
Taqdimotda 2026 yilda viloyatda 20 ta yangi mehmonxona, 96 ta mehmon uyi, 38 ta xostel tashkil etilishi rejalashtirilganligi aytildi. Bunda xorijlik sayyohlarni 5 million nafarga, mahalliy sayyohlarni esa 6 million nafaraga yetkazish maqsad qilingan.

Davlatimiz rahbarining 2025 yil 27 dekabrdagi “Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni yanada jadallashtirish to‘g‘risida”gi qarorida ham viloyat tuman va shaharlarida turizmni rivojlantirish, buning uchun qulay muhit va infratuzilma yaratish belgilangan. Ana shu vazifalar asosida yil davomida viloyatda 60 ta yangi investitson loyiha amalga oshiriladi. 8 ta ko‘chani 24/7 tizimida ishlovchi turizm ko‘chasi sifatida tashkil etish rejalashtirilmoqda. 70 dan ortiq mamlakatning nufuzli ommaviy axborot vositalari va turizm agentliklari vakillari uchun info-turlar tashkil etish orqali Samarqandning turizm imkoniyatlari targ‘ib qilinadi.

Viloyat hokimining o‘rinbosari R.Qobilovning qayd etishicha, bu yil viloyatda “Sharq taomlari” xalqaro gastronomik festivali, xalqaro havo shari, paraplan, san’at, etno o‘yinlar ko‘rgazmalari va madaniy dasturlar keng ko‘lamda tashkil etiladi. Shahar va tumanlar imkoniyatlaridan kelib chiqib, har bir hududda o‘ziga xos sayyohlik festivallari o‘tkaziladi.

Taqdimotda Samarqand shahrida tashkil etilayotgan tunu kun faoliyat ko‘rsatuvchi turizm ko‘chalari haqida ma’lumot berildi. Viloyat hokimi bu kabi ko‘chalarda foto va selfi zonalar tashkil etish, odamlarning emin-erkin harakatlanishi uchun qulaylik va xavfsizlikni ta’minlash, ko‘chalar atrofida bog‘ va yashil hududlar hamda avtoturargohlar yaratish bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berdi. Har bir loyihada avvalo mahalliy aholi va sayyohlarga qulaylik yaratish asosiy mezon bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri