“Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” mamlakatimizda eng quyi bo‘g‘in — mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy salohiyatini oshirishga qaratilgan amaliy ishlar bilan boshlandi. Bu jarayon Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Xususan, tumanda “Obod va xavfsiz hudud” dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar “Eski Toshkentlik” mahalla fuqarolar yig‘ini misolida o‘zining aniq va manzilli ifodasini topdi. Tuman hokimligi hamda mutasaddi tashkilotlar hamkorligida olib borilgan kompleks chora-tadbirlar mahallaning nafaqat tashqi qiyofasini, balki aholi turmush tarzini ham tubdan yangilamoqda.
Obodonlashtirish ishlari infratuzilmani yaxshilashdan boshlandi. Mahallaning ichki ko‘chalari zamonaviy talablarga mos ravishda asfaltlanib, transport va piyodalar harakati uchun qulay sharoit yaratildi. Elektr ta’minoti tizimida amalga oshirilgan yangilanishlar esa aholini barqaror va uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash imkonini kengaytirdi.

Yo‘l harakati va aholi xavfsizligi masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Mahalla hududida zarur yo‘l belgilari o‘rnatilib, harakat xavfsizligi mustahkamlandi. Shu bilan birga, ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash bo‘yicha ko‘rilgan amaliy chora-tadbirlar aholini sifatli va uzluksiz suv bilan ta’minlashga xizmat qilmoqda.
E’tiborli jihati shundaki, ushbu ishlar faqatgina obod qiyofani yaratish bilan cheklanib qolmayapti. Ular mahallada sog‘lom, xavfsiz va farovon turmush muhitini shakllantirish, fuqarolarning hayot sifati va ertangi kunga ishonchini mustahkamlashga qaratilgan. Bu esa 2026 yil — “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”ning mazmun-mohiyati mahallada real natijalar bilan o‘z ifodasini topayotganidan dalolatdir.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA