Munosabat
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va ko‘p millatli xalqimizga yo‘llagan navbatdagi Murojaatnomasi Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichini belgilab berdi. Ushbu tarixiy Murojaatnoma mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar inson manfaatlariga yo‘naltirilganini, ayniqsa, mahalla tizimining jamiyat hayotidagi o‘rni va ahamiyati tobora oshib borayotganini yana bir bor yaqqol namoyon etdi.

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, so‘nggi to‘qqiz yilda islohotlar natijasi har bir mahalla, har bir xonadon va har bir inson hayotida sezilarli darajada aks etmoqda. Bu esa mahallaning nafaqat an’anaviy ijtimoiy institut, balki davlat va jamiyat o‘rtasidagi eng muhim ko‘prik sifatida shakllanayotganidan dalolatdir.
Shu bois, bugungi kunda mahalla tizimi davlat siyosatining quyi bo‘g‘ini sifatida emas, balki aholining dardini eshitadigan, muammolarni joyida hal etadigan, ijtimoiy adolatni ta’minlaydigan muhim institutga aylantirildi. Prezident Murojaatnomasida keltirilgan raqam va misollar mahalla orqali amalga oshirilayotgan islohotlarning qanchalik samarali ekanini ko‘rsatadi.
Xususan, kambag‘allikni qisqartirish, aholini ish bilan ta’minlash, ijtimoiy himoyani kuchaytirish borasida mahalla “yettiligi”ga 100 dan ortiq xizmatlarni berish orqali mutlaqo yangi tizim yaratildi. Natijada 1,5 milliondan ortiq fuqarolar kambag‘allikdan chiqdi, 1435 ta mahalla “kambag‘allikdan xoli hudud” maqomiga ega bo‘ldi. Bu esa mahallaning inson taqdiriga bevosita ta’sir etuvchi mexanizmga aylanganini anglatadi.
Prezidentimiz tomonidan 2026 yil – Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili, deb e’lon qilinishi chuqur siyosiy va ijtimoiy ma’noga ega. Bu qaror mahallaga bo‘lgan e’tiborni yangi bosqichga olib chiqib, uni ma’naviyat, tarbiya, hamjihatlik va taraqqiyot markaziga aylantirishga qaratilgan.
Xususan, 2026 yilgi Davlat dasturi doirasida yurtimizdagi 9 mingdan ortiq mahallada infratuzilmani yaxshilash, ish o‘rinlari yaratish, tadbirkorlikni rivojlantirish, yoshlar va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash ustuvor vazifa etib belgilanishiga alohida e’tibor qaratiladi. Shuningdek, mahalla infratuzilmasiga 20 trillion so‘m mablag‘ ajratilishi, har bir so‘m aholi uchun qo‘shilgan qiymat yaratishi shart ekani belgilab qo‘yilgani bu sohada qat’iy va tizimli yondashuv mavjudligini ko‘rsatadi.
Qonunchilik palatasi deputati sifatida biz uchun mahalla bilan ishlash, uning muammolarini qonunchilik va parlament nazorati orqali hal etish eng ustuvor vazifalardan biridir. Prezident Murojaatnomasida deputatlarga o‘z okrugidagi muammolarni hal etish uchun alohida mablag‘lar ajratilishi belgilab berildi. Bu deputatning mas’uliyatini yanada oshirib, uni xalq bilan yanada yaqinlashtiradi.
Qolaversa, har bir deputat mahallada “yashil hudud”, “yashil bog‘”lar tashkil etish, ekologik muhitni yaxshilash, aholining hayot sifatini oshirish bo‘yicha aniq tashabbuslar bilan chiqishi zarur. Chunki mahalla obod bo‘lsa, jamiyat barqaror bo‘ladi, davlat taraqqiy etadi.
Murojaatnomada alohida ta’kidlanganidek, mahalla – bu faqat ma’muriy hudud emas, balki asrlar davomida shakllangan milliy qadriyatlar, yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro yordam va hamjihatlik maktabidir. Ijtimoiy so‘rovlarga ko‘ra, aholining 90 foizi o‘zini mahalla jamoasining bir qismi deb his qilishi mahallaning jamiyatdagi ijtimoiy kapital manbai ekanini isbotlaydi.
Bugun global xavf-xatarlar kuchayib borayotgan bir paytda yosh avlodni vatanparvarlik, bag‘rikenglik va fuqarolik mas’uliyati ruhida tarbiyalashda ham mahallaning o‘rni beqiyos. Shu bois mahalla tizimini yanada mustahkamlash – bu nafaqat ijtimoiy, balki strategik vazifa sanaladi.
Umuman olganda, Murojaatnoma xalq farovonligini oshirish, davlat boshqaruvini samarali qilish va Yangi O‘zbekistonni barqaror taraqqiy etgan, raqobatbardosh davlatga aylantirishga qaratilgan aniq reja va ustuvor vazifalarni o‘z ichiga olgan dasturiy hujjat sifatida tarixiy ahamiyatga ega.
Ushbu vazifalarni chuqur anglagan holda, mahalla bilan hamnafas ishlash, xalq ishonchini oqlash va Prezident belgilab bergan yuksak marralarga erishish uchun barcha imkoniyatlarni safarbar etish biz, xalq vakillariga katta mas’uliyat yuklaydi. Zero, mahalla tinch va obod bo‘lsa, mamlakatimiz ham tinch va farovon bo‘ladi.
Gulnoraxon ABDUVOHIDOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Mehnat, sog‘liqni saqlash
va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi a’zosi.
O‘zA