So‘nggi yillarda mamlakatimiz tashqi iqtisodiy faoliyatini rivojlantirish, xorijiy mamlakatlar bilan savdo-iqtisodiy aloqalar ko‘lamini kengaytirish, shuningdek yuqori sifatli raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish asosida jahon bozorlaridan mustahkam o‘rin egallash orqali eksport salohiyatini kuchaytirishga qaratilgan islohotlar faollashdi. Natijada mamlakatimiz eksport hajmi 2024 yil yakunida 26,9 milliard dollarni tashkil etgan holda, 2017 yildagi ko‘rsatkichga nisbatan 13 milliard dollar oshdi.
Tabiiyki, mamlakatimiz eksport salohiyatini oshirish orqali milliy iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlash maqsad qilingan.
Prezidentimiz raisligida 15 yanvar kuni Tashqi ishlar vazirligi hamda xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyati masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ham eksport va investitsiya hajmini oshirish zarurligi alohida ta’kidlandi.
Qayd etilganidek, ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar doirasida 2025 yil umumiy qiymati 160 milliard dollarlik investitsiya loyihalari va savdo shartnomalari bo‘yicha bitimlar imzolangan. Tarixda ilk bor tashqi savdo aylanmasi 80 milliard dollardan oshib, eksport 33,5 milliard dollarga, xorijiy sarmoya esa 43 milliard dollarga yetgan. O‘tgan yil 75 davlatga eksport hajmi qariyb 4,5 milliard dollar ko‘paygan.

– Mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirish uchun tashqi savdo va eksport salohiyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining Tashqi savdo departamenti, Eksport dasturlarini shakllantirish va ijrosini ta’minlash boshqarmasi boshlig‘i Bekzod Oripov. – Vazirligimiz tomonidan 2025 yil eksport ko‘rsatkichini oshirish, belgilangan vazifalar ijrosini to‘liq ta’minlash maqsadida qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, respublika eksporti o‘tgan yil 23,9 milliard dollarni yoki 2024 yilga nisbatan 122 foizni tashkil etdi.
Shuningdek, hududlar eksporti ko‘rsatkichi 14,8 milliard dollar yoki avvalgi yilga nisbatan 119 foizga chiqqani barcha viloyatlar eksportida yuqori o‘sish sur’ati kuzatilganini anglatadi. Eksport tarkibida tayyor va yarim tayyor mahsulotlar 18 foiz hamda xizmatlar eksporti 29 foiz o‘sdi.
Bojxona hududida va tashqarisida qayta ishlash, boj va soliq imtiyozini qo‘llash orqali muayyan tartib takomillashtirilishi natijasida o‘tgan yil 1,6 milliard dollarlik mahsulot qo‘shimcha ravishda jahon bozoriga chiqarildi.
E’tiborlisi, 2025 yil 2 800 korxona eksport faoliyatiga jalb etilib, qo‘shimcha 2 milliard dollar o‘zlashtirildi. Ayni payt jami eksportchilarimiz 8 700 ga yetgan.
B.Oripov ta’kidlashicha, respublika shtabi tomonidan yil davomida eksportchi korxonalar faoliyati o‘rganilib, 2 210 og‘riqli masala aniqlangan. 1 972 muammo hal etilib, 238 masala bo‘yicha amaliy ish davom ettirilmoqda.
Mahalliy korxonalarni eksport faoliyatiga jalb etish maqsadida “IMGR” xalqaro konsalting kompaniyasi ochiq usulda tanlab olinib, “Eksport akselerator” dasturi ishga tushirildi. Mazkur tashabbus doirasida 100 ta mahalliy korxona so‘rovnoma asosida saralanib, eksportni amaliy qo‘llab-quvvatlash tizimi mavjud vositalar orqali xorijiy hamkorlar bilan shartnoma imzolandi.
Savdoni diversifikatsiya qilish hamda brendlarni jalb qilish yo‘nalishida 2025 yil 12-15 may kunlari Xitoyning Sindao va Xanjou shaharlarida “Alibaba Group” korporatsiyasi bilan hamkorlikda 100 ta mahalliy korxona ishtirokida “Alibaba Online Export Accelerator-Uzbekistan” qo‘shma elektron tijorat akseleratsiya dasturi ishga tushirildi. Shuningdek, Rossiyaning “Ozon” marketpleyi va “Wildberries” kompaniyasi katalogida “Made in Uzbekistan” bo‘limi ishga tushirilib, 1 700 ga yaqin mahalliy mahsulot joylashtirildi. Milliy brendlarni xorijda targ‘ib qilish maqsadida 17 milliy brendimiz nufuzli xalqaro bosma nashrlar hamda biznes-kataloglarga kiritildi.
Rossiyaga mahsulot sotuvini jadallashtirish maqsadida 2 marta 10 ga yaqin biznes-missiya tashkil etilib, “Vostok distributsiya”, “Ruslimas” va “Bristol” kompaniyalari bilan eksport kelishuviga erishildi. Afg‘onistonning Mozori-Sharif shahrida joylashgan “Aria Business Center” savdo markazidan 1200 kv.m. maydon ijaraga olinib, “Uzelectronics” multibrend savdo markazi tashkil etildi. Shu tariqa 23 mahalliy brend Afg‘oniston bozoriga kirib bordi.
– Afg‘oniston, Tojikiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Pokiston va Qirg‘izistonda savdo uyi, shourum va savdo omborlari tashkil etilib, 50 dan ziyod turdagi yuqori qo‘shilgan qiymatli, eksportbop qurilish materiallarimiz namunalari joylashtirildi, – deya so‘zini davom ettiradi B.Oripov. – Milliy brendlarni xorijiy bozorlarga olib chiqish maqsadida Moskvadagi “Sadovod” bozorida markazlashtirilgan 38 savdo nuqtasi ijaraga olinib, mahalliy to‘qimachilik va oyoq kiyim brendlari joylashtirildi. Natijada 55 million dollarlik mahsulot eksportga yo‘naltirildi.
Bir so‘z bilan aytganda, tashqi savdoni rivojlantirishga qaratilgan islohotlar natijasi o‘laroq, natijalar salmoqli ko‘rinish olyapti. Tabiiyki, kelgusi vazifalar ham aniq belgilangan. Jumladan, 2026 yil eksport hajmini 16 foiz oshirish maqsad qilingan. Jumladan, tayyor va yarim tayyor mahsulot hajmini 55 foiz, xizmat ko‘rsatishni 35 foiz o‘stirish bo‘yicha amaliy ish olib borilmoqda. Xorijiy bozorlarda milliy mahsulotlarimizga bo‘lgan talabni o‘rganish, an’anaviy bozorlarni diversifikatsiya qilish, yangi bozorlarni egallash uchun joriy mavsum Amerika, Yevropa, Janubi-sharqiy Osiyo, Yaqin Sharq va Afrikaga yanada chuqurroq kirib borish imkoniyatlari yaratilmoqda.
Dunyo darajasidagi 85 Xalqaro ko‘rgazma va yarmarkalarda mahalliy tadbirkorlarimiz faolligini, xususan Avstraliya, Finlyandiya, Portugaliya, Gretsiya kabi 15 davlatda birinchi marta ishtirokini ta’minlash rejasi ishlab chiqilgan.
Ishbilarmonlarimizning elektron savdo yo‘nalishidagi bilimi va ko‘nikmasini oshirish, “Amazon.ae”, “Noon”, “Namshi”, “Jumia”, “Takealot” singari marketpleylarda mahsulotlarimiz elektron savdosini yo‘lga qo‘yish maqsadida hududlarda o‘quv seminarlari tashkil qilinmoqda.
Xulosa shuki, 2025 yil O‘zbekiston eksporti raqamlardan tashqari samaradorlik va salohiyat namoyon etdi. Ushbu jarayon hududlarni birlashtiradi, ish o‘rinlari yaratdi, tizimga xalqaro standartlarni joriy etadi va yangi bozorlar ochdi. Joriy yil esa eksport siyosati mamlakatimiz uchun barqaror rivojlanishning asosiy drayveriga aylanishi kutilmoqda.
Go‘zal Sattorova,
O‘zA muxbiri