Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
2026 yil 1 yanvardan boshlab Toshkent shahrida “Ekologik transport” tizimi joriy etiladi
11:24 / 2025-12-01

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Avtotransport vositalarining atmosfera havosiga zararli ta’sirini kamaytirish maqsadida “Ekologik transport” tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq, 2026 yil 1 yanvardan boshlab Toshkent shahrida “Ekologik transport” tizimi joriy etiladi. 

“Ekologik transport” tizimini bosqichma-bosqich joriy etish maqsadida: 

Avtotransport vositalaridan chiqariladigan ifloslantiruvchi moddalar tashlamalarining atmosfera havosiga zararli ta’siri bo‘yicha yo‘l qo‘yiladigan normativlarga mosligi darajasini aniqlash, ularni ekologik toifalarga ajratish hamda ekologik stikerlarni berish tartibi to‘g‘risidagi nizom; 

Hududlarda ekologik zonalarni tashkil etish hamda ularning atmosfera havosi bo‘yicha elektron ekologik xaritasini shakllantirish va yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. 

Qarorga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvardan boshlab respublikada ishlab chiqarilayotgan avtotransport vositalarini texnik hujjatlarida ularning ekologik sinfi ko‘rsatiladi. Bunda sotuvga chiqarilayotgan avtotransport vositalari elektron hisob-ma’lumotnomalarida ularning ekologik sinflari to‘g‘risidagi ma’lumotlar aks ettiriladi. 

Avtotransport vositalarining elektron hisob-ma’lumotnomalari asosida Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l xarakati xavfsizligi xizmatining Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali “Avtomototransport hisobi” moduliga avtotransport vositalarining ekologik sinfiga oid ma’lumotlar kiritib boriladi. 

2026 yil 1 yanvarga qadar respublikada foydalanishda bo‘lgan, shuningdek, ishlab chiqarilayotgan avtotransport vositalarining (turi, rusumi, modeli bo‘yicha) ishlab chiqaruvchi tomonidan tasdiqlangan ekologik sinfiga (“Yevro” va unga muqobil boshqa turdagi standartlar) doir ma’lumotlar umumlashtirib, tasdiqlanadi. 

Ikki oy muddatda ekologik toifasi hududning ekologik zonasiga muvofiq bo‘lmagan avtotransport vositalaridan ekologik zonalar hududida ekologik kompensatsiya to‘lovlarini to‘lagan holda foydalanish uchun ruxsatnomani ushbu qarorda belgilangan tartibda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali rasmiylashtirish hamda ekologik kompensatsiya to‘lovlarini elektron to‘lov tizimlari orqali to‘lash imkoniyati yaratiladi. 

Ma’lumot o‘rnida, oldinroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 21 fevraldagi PF-37-son Farmoniga muvofiq, 2030 yilga qadar Toshkent va Nukus shaharlari, viloyatlar markazlarida “Yevro-5” va undan yuqori standartlarga muvofiq bo‘lmagan avtotransport vositalar ekspluatatsiyasini bosqichma-bosqich cheklash; 

Vazirlar Mahkamasining “Atmosfera havosiga transport vositalarining salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2024 yil 29 martdagi 166-son qaroriga asosan barcha toifalardagi avtotransport vositalaridan chiqariladigan ifloslantiruvchi moddalar tashlamalarining atmosfera havosiga zararli ta’siri bo‘yicha yo‘l qo‘yiladigan normativlarga mosligini nazorat qilish bo‘yicha “Ekologik transport” tizimini bosqichma-bosqich joriy etish, bunda: 

hududlarni ulardagi atmosfera havosi bilan bog‘liq real ekologik holatdan kelib chiqib, ilg‘or xorijiy tajriba va innovatsion texnologiyalar asosida ekologik zonalarga ajratib borish; 

avtotransport vositalarining normativlarga mosligi darajasini avtomatik baholash tizimi yordamida ekologik stikerlar berish orqali avtotransport vositalarini “yashil”, “sariq” va “qizil” ranglar bilan belgilanadigan “toza”, “o‘rta” va “zararli” ekologik toifalarga ajratib borish; 

ekologik toifasi hududning ekologik zonasiga muvofiq bo‘lmagan avtotransport vositalariga nisbatan ekologik kompensatsiya to‘lovlarini joriy etish yoxud ulardan tegishli ekologik zonalar hududida foydalanishni cheklash taqiqlash belgilangan edi.

O‘zA