English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
2026 yil 1 yanvardan boshlab tashabbusli byudjet jarayonlari doirasida g‘olib bo‘lmagan 2 ta loyiha deputat tashabbusiga ko‘ra g‘olib deb e’lon qilishi mumkin bo‘ladi
13:07 / 2025-09-02

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Tashabbusli byudjet jarayonlarini takomillashtirish doirasida xalq vakillari va saylovchilar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining hududlarda ijtimoiy masalalarni hal etishdagi tashabbuskorligini qo‘llab-quvvatlashning asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi: 

a) saylov okruglarida ijtimoiy masalalarni hal etish uchun deputatlarni zarur resurslar bilan ta’minlash amaliyotini yo‘lga qo‘yish; 

b) tashabbusli byudjet loyihalarini moliyalashtirishda oliy davlat vakillik organi tomonidan nazoratni kuchaytirish; 

v) ijtimoiy masalalarga oid loyihalarni aholi va davlat o‘rtasida sheriklik asosida moliyalashtirish tartibini joriy qilish. 

Qarorga ko‘ra: 

a) tashabbusli byudjet jarayonlari doirasida g‘olib bo‘lmagan loyihani deputat tashabbusiga ko‘ra g‘olib deb e’lon qilish; 

b) Oliy Majlis Qonunchilik palatasida mazkur jarayonlarni muvofiqlashtirish, loyihalarning moliyalashtirilishi va amalga oshirilishi ustidan parlament nazoratini olib borish uchun 11 nafar deputatdan iborat parlament komissiyasini tashkil etish; 

v) deputatlarning saylovchilar bilan muloqoti davomida aniqlangan masalalar bo‘yicha byudjet so‘rovini shakllantirish uchun har yili 1 mayga qadar respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri, shuningdek, tuman (shahar) hokimliklariga takliflar kiritish va Davlat byudjeti loyihasining Qonunchilik palatasidagi muhokamalarida kiritilgan takliflar inobatga olinishini deputatlar tomonidan nazorat qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. 

2026 yil 1 yanvardan boshlab: 

a) deputatlar har yili tashabbusli byudjet jarayonlari doirasida tegishli saylov okruglarida g‘olib bo‘lmagan loyihalar orasidan aholining kundalik hayotiga va hududni rivojlantirishga bevosita ta’sir qiladigan ikkita loyihani (har mavsumda bittadan) saylovchilarning manfaatlarini inobatga olgan holda "Ochiq byudjet" axborot portalida tanlaydi va mazkur tanlov loyihani O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjetidan moliyalashtirish uchun asos hisoblanadi; 

b) portalda deputat tashabbusi asosida moliyalashtiriladigan loyihalar uchun alohida sahifa tashkil etilib, shu turdagi barcha loyihalarning jamoatchilik uchun ochiq ro‘yxati yuritiladi. 

O‘zA