O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Avtomototransport vositalari uchun ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilarini berish tartibini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, 2026 yil 1 yanvardan boshlab:
avtotransport vositalari uchun ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilarini oshirilgan to‘lov stavkalari bo‘yicha berishda “O‘zbekiston respublika tovar- xomashyo birjasi” aksiyadorlik jamiyati axborot tizimida auksion o‘tkazish tartibi;
avtotransport vositalari uchun xaridorgir harf va raqamlar kombinatsiyasiga ega bo‘lgan davlat raqami belgilarini oshirilgan to‘lov stavkalari bo‘yicha berish tartibi bekor qilinadi.
Avtomototransport vositalari uchun xaridorgir harf va raqamlar kombinatsiyasiga ega bo‘lmagan davlat raqami belgilarini berishning amaldagi tartibi esa saqlanib qoladi.
Endi 2026 yil 1 yanvardan boshlab avtomototransport vositalari uchun istalgan harf va raqamlar kombinatsiyasiga ega bo‘lgan davlat raqami belgilari yagona oshirilgan to‘lov evaziga jismoniy va yuridik shaxslarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektron murojaatiga asosan beriladi.
Jismoniy va yuridik shaxslar onlayn rejimda uzluksiz ravishda yangilanib turadigan yagona ochiq ma’lumotlar bazasida bo‘sh turgan istalgan harf va raqamlar kombinatsiyasiga ega bo‘lgan davlat raqami belgilarini axborot tizimlari orqali tanlab oladi.
2025 yil 1 oktyabrdan boshlab istalgan harf va raqamlar kombinatsiyasiga ega bo‘lgan davlat raqami belgilari berish uchun yagona oshirilgan to‘lov miqdori “Uzavtomotobelgi” davlat unitar korxonasi tomonidan belgilanadi.
Avtomototransport vositasi qayta davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganda barcha toifalardagi davlat raqami belgilari yagona oshirilgan to‘lovning 50 foizi miqdoridagi to‘lov evaziga uning egasining nomida qoldirilishi yoki qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda boshqa shaxs nomiga o‘tkazilishi mumkin.
2026 yil 1 yanvardan boshlab yagona ochiq ma’lumotlar bazasida hududlarning kod raqami doirasida barcha toifadagi davlat raqami belgilari (oldin berilgan yoki foydalanishda bo‘lganlardan tashqari) joylashtiriladi. Bunda hududning keyingi kod raqamiga faqat oldingi kod raqami doirasidagi xaridorgir harf va raqamlar kombinatsiyasiga ega bo‘lgan davlat raqami belgilarining 90 foizi band bo‘lgan taqdirda o‘tiladi.
“O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi” AJ 2025 yil 1 oktyabrdan boshlab davlat raqami belgilarining auksion savdolarini to‘xtatadi.
“O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi” AJ axborot tizimiga auksionga qo‘yilib, sotilmagan, shuningdek, ishlab chiqarilib, sotilmagan xaridorgir harf va raqamlar kombinatsiyasiga ega bo‘lgan davlat raqami belgilari:
1-3-toifadagi davlat raqami belgilari - “Uzavtomotobelgi” davlat unitar korxonasi tomonidan belgilangan yagona oshirilgan to‘lov evaziga beriladi;
4-6-toifadagi davlat raqami belgilari - xaridorgir harf va raqamlar kombinatsiyasiga ega bo‘lmagan davlat raqami belgilarini berishning amaldagi tartibida beriladi.
“Uzavtomotobelgi” davlat unitar korxonasiga aholining talab va taklifidan kelib chiqqan holda avtomototransport vositalari uchun oltitagacha harf va (yoki) raqamlar kombinatsiyasidan iborat bo‘lgan “noyob” davlat raqami belgilarini ochiq kim oshdi elektron savdolarini o‘tkazish orqali berish huquqi beriladi.
“Noyob” davlat raqami belgilari amaldagi davlat raqami belgilarini takrorlamasligi, qonunchilikka va axlokiy normalarga xilof ma’noga ega bo‘lmasligi kerak.
O‘zA