Davlatimiz rahbarining 2025 yil 24 noyabrdagi “Arxiv ishi sohasini raqamlashtirish va sohada boshqaruv samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, 2026 yil 1 sentyabrdan “Shajara” axborot tizimi ishga tushirilishi belgilandi.
Bugun “O‘zarxiv” agentligida ushbu tizimni ishlab chiqish bo‘yicha navbatdagi ishchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda “O‘zarxiv” agentligi direktori Ulug‘bek Yusupov, shajarashunos olimlar, tarixchilar, agentlik xodimlari hamda Adliya vazirligi qoshidagi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi mutaxassislari ishtirok etdi.
Yig‘ilish davomida shajarani arxiv hujjatlari asosida tuzishning o‘ziga xos xususiyatlari, arxiv hujjatlarini raqamlashtirishda e’tibor qaratilishi kerak bo‘lgan jihatlar hamda axborot tizimi aholi uchun maksimal darajada qulay va ishonchli bo‘lishi uchun zarur chora-tadbirlar muhokama qilindi.

“Shajara” axborot tizimining asosiy maqsadi fuqarolarga o‘z oilaviy shajaralari va etnik ildizlari haqidagi ma’lumotlarni elektron platforma orqali qulay, tez va ishonchli tarzda taqdim etishdan iborat. Tizimning maqomi va funksiyalari jahondagi FamilySearch, MyHeritage kabi yirik genealogik servislar hamda Tataristondagi “Yadkyar” portali tajribasiga muvofiq tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.
“Shajara” axborot tizimi ishga tushirilganidan so‘ng, har bir fuqaro o‘z oila tarixini va ildizlarini oson va samarali tarzda o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA