Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
2026 yil 1 martdan "Turarjoy" axborot bo‘limi ishga tushiriladi
13:25 / 2026-02-10

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaroriga muvofiq, 2026 yil 1 martdan boshlab ko‘p kvartirali uylarning texnik ko‘rsatkichlari, holati, tutash yer uchastkalari, elektr va issiqlik energiyasi, ichimlik suvi iste’moli, infratuzilmasini yaxshilash uchun ajratilgan va sarflangan mablag‘larning hisob-kitobini yuritish imkonini beruvchi "Mening uyim" ABTda "Turarjoy" axborot bo‘limi ishga tushiriladi.

2026 yil 1 maydan boshlab: 

a) yangi quriladigan ko‘p kvartirali uylarning loyiha hujjatlarida har bir pod’ezdga, liftlarga va tutash hududga kuzatuv kameralari, shuningdek, kirish eshiklariga domofon komplekslari o‘rnatish nazarda tutiladi; 

b) qurilishi tugallangan ko‘p kvartirali uyni foydalanishga qabul qilishda: 

belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan kadastr pasporti "Mening uyim" ABTning "Turarjoy" axborot bo‘limida avtomatik ravishda aks ettiriladi; 

v) ko‘p kvartirali uylardagi markaziy elektr taqsimlovchi qurilmalar Hududiy elektr tarmoqlari korxonalari tomonidan (hisobidan) ekspluatatsiya qilinadi; 

g) markazlashgan oqova suv tarmoqlariga ulanmagan ko‘p kvartirali uylarning oqova suvlarini olib chiqib ketish xizmati "O‘zsuvta’minot" AJning tizim korxonalari tomonidan rejali tarzda, iste’molchilar bilan shartnoma asosida yoki xizmat narxi ichimlik suvi tarifiga qo‘shilgan holda amalga oshiriladi; 

d) 2026 yilda boshlanadigan va davom etadigan "Yangi O‘zbekiston" massivlari qurilishida ko‘p kvartirali uylarga xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan alohida binolarni qurish nazarda tutilishi shart hamda mazkur ob’ektlarni qurish investitsiya dasturlari doirasida amalga oshirib boriladi. 

Ko‘p kvartirali uylardagi tayanch va (yoki) to‘siq konstruksiyalarni buzgan holda o‘zgartirish va (yoki) rekonstruksiya qilish, shu jumladan, ko‘p kvartirali uylarda va ularga tutash yer uchastkalarida o‘zboshimchalik bilan imoratlar (inshootlar) qurish holatlari boshqaruvchi tomonidan aniqlangan hamda holat to‘g‘risida nazorat organlariga xabar berilgan taqdirda, mazkur holatlar yuzasidan qo‘llangan ma’muriy jarima summasining yigirma besh foizi boshqaruvchiga mukofot sifatida to‘lab beriladi, bunda ushbu holatlar haqidagi ma’lumotlar "Mening uyim" ABTga kiritiladi. 

Ko‘p kvartirali uyning umumiy iste’moli uchun sarflanadigan gaz, elektr energiyasi va ichimlik suvi bo‘yicha hisob-kitoblar ko‘p kvartirali uylarning umumiy hisoblagich ko‘rsatkichlari asosida har bir ko‘p kvartirali uy bo‘yicha alohida yuritiladi, muayyan ko‘p kvartirali uy uchun hisoblangan qarzdorlik sababli ushbu uyga xizmat ko‘rsatuvchi boshqaruvchiga tegishli boshqa ko‘p kvartirali uylarni tarmoqdan o‘chirish taqiqlanadi.

O‘zA