Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
2026 yil 1 martdan boshlab tadbirkorlar uchun "Biznes hamroh" loyihasi ishga tushiriladi
14:56 / 2025-12-17

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Tadbirkorlik sub’ektlariga davlat, professional, konsalting, moliyaviy, injiniring, marketing, media, IT va operatsion xizmatlarni tkompleks ko‘rsatish tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq, xususiy sektorni jalb qilgan holda tadbirkorlik sub’ektlariga davlat, professional, konsalting, moliyaviy, injiniring, marketing, media, IT va operatsion xizmatlarni bitta nuqtadan kompleks tarzda ko‘rsatish orqali biznesni tez va oson boshlash hamda yuritish maqsadida: 

a) mingdan ortiq davlat va xususiy xizmatlarni "yagona darcha" tamoyili asosida ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish orqali tadbirkorlar faoliyatiga to‘laqonli hamrohlik qilish tizimi joriy etish; 

b) tadbirkorlar masalalari va muammolarini eshitish, muhokama qilish va joyida hal qilishga mo‘ljallangan sifat jihatdan yangi maydoncha yaratishni ko‘zlagan asosiy maqsadlar belgilandi. 

Qarorga ko‘ra, 2026 yil 1 martdan boshlab tadbirkorlik sub’ektlariga "yagona darcha" tamoyili asosida xizmat ko‘rsatish bo‘yicha "Biznes hamroh" loyihasi amalga oshiriladi. 

"Biznes hamroh" loyihasi doirasida: 

a) Savdo-sanoat palatasi huzurida tashkil etiladigan mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan boshqariladigan "Biznes hamroh" markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi va ular mazkur qarorga muvofiq asosiy vazifalarni amalga oshiradi; 

b) dastlabki bosqichda "Biznes hamroh" markazlari Toshkent va Nukus shaharlarida hamda viloyatlar markazlarida bittadan tashkil etiladi; 

v) tadbirkorlik sub’ektlariga davlat va xususiy xizmatlarni ko‘rsatish zarur funksional imkoniyatlarga ega bo‘lgan davlat xizmatlari markazlari binolarida yoki yangi quriladigan (rekonstruksiya qilinadigan) binolarda yo‘lga qo‘yiladi. 

"Biznes hamroh" loyihasi doirasida xususiy xizmatlarni ko‘rsatishni tashkil qilish uchun: 

a) xizmat ko‘rsatish joylari tegishli xizmat turi aniq ko‘rsatilib va kichik lotlarga bo‘lingan holda tadbirkorlik sub’ektlariga 1 yilgacha muddatga ijaraga beriladi; 

b) "Biznes hamroh" markazlariga ularga ajratilgan binodan xizmat ko‘rsatish joylarini balansda saqlovchining roziligi bilan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ikkilamchi ijaraga berishga ruxsat etiladi. 

2026 yil 1 martdan boshlab respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining tadbirkorlar bilan muloqotini tashkil qilishning quyidagi tartibi joriy etiladi: 

a) rahbarlar har chorakda tasdiqlanadigan reja-grafiklar asosida hududlarda tadbirkorlar bilan "Biznes hamroh" markazlarida uchrashadi; 

b) reja-grafiklar har chorakda barcha uchun ochiq holatda "Biznes hamroh" elektron platformasi va tegishli tashkilotlarning rasmiy veb-saytlarida e’lon qilinadi; 

v) platformadagi "Rahbarlar bilan muloqot" moduli orqali bir chorak davomida bitta hududdan kamida 10 nafar tadbirkorning murojaati yo‘naltirilgan tashkilot rahbarlari keyingi chorak uchun mo‘ljallangan reja-grafigiga ushbu hududdagi tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazishni kiritadi (bundan murojaatlar keyingi reja-grafik tasdiqlangunga qadar ijobiy hal qilingan holatlar mustasno); 

g) uchrashuvlarda ko‘tarilgan va "Biznes hamroh" markazining "Call markazi"dan kelib tushgan murojaatlar platforma orqali "Tadbirkor virtual ofisi" axborot portaliga kiritiladi. Bunda:

murojaatlar vakolatli organlarga ko‘rib chiqish va hal etish uchun yo‘naltiriladi;

Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil murojaatlar ko‘rib chiqilishi va davlat xizmatlari o‘rnatilgan tartibda ko‘rsatilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi; 

kelib tushgan murojaatlar tahlili asosida tizimli masalalar yechimi yuzasidan qonunchilikni yoki huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish bo‘yicha har chorakda takliflar kiritib boriladi; 

d) uchrashuvlar, ko‘tarilgan masalalar, hal etilgan murojaatlar soni kabi ko‘rsatkichlar asosida rahbarlar faoliyati baholanib, har chorakda platformada ularning reytingi e’lon qilib boriladi.

O‘zA